10:00 / 18.03.2018
18888

APLda yangi rekordlar qayd etayotgan Saloh kamtarlik qilmoqda

Foto: Premer liga

«Liverpul» hujumchisi Muhammad Saloh «Uotford» darvozasiga poker qayd etib, mavsumdagi gollari sonini 36taga yetkazganidan keyingi fikrlarini bildirib o‘tdi.

«Men barchaga, ayniqsa jamoadoshlarimga minnatdorchilik bildirishim kerak. Ularsiz men shuncha gol ura olmasdim.

Biz har bir o‘yinda 3 ochko olish uchun harakat qilishimiz kerak va men har bir o‘yinda gol urib, jamoamga yordam berishga harakat qilaman. Bugun eng asosiysi – 3 ochko qo‘lga kiritdik.

Biz o‘tgan tur o‘yinidagi muvaffaqiyatsizlikdan keyin yaxshi qayta oldik. Juda yaxshi natijaga erishdik va darvozamizdan gol ham o‘tkazmadik. Mana shunisi eng muhimi», – degan Saloh.

Saloh ayni vaqtda APLdagi gollari sonini 28taga yetkazdi va Harri Keynni (24 gol) ortda qoldirib, to‘purarlar ro‘yxatida yaqqol peshqadamga aylandi. U shuningdek, mavsumda ko‘p gol urish bo‘yicha (36 gol) Yevropa chempionatlarida eng yaxshi natija ko‘rsatmoqda. Undan keyin Keyn (35 gol), Messi (34), Immobile (34), Kavani (33) va Ronaldu (33) joylashgan.

Saloh «Liverpul»ning APLda poker qayd etgan to‘rtinchi futbolchisi bo‘ldi (Fauler, Ouen va Suaresdan keyin), u APLda poker qayd etgan ilk misrlik futbolchi, u 2009 yildan buyon APLda bir o‘yinda 4ta zarbada 4 gol urgan ilk futbolchiga aylandi (Arshavinning rekordi takrorlandi), «Misrlik Messi» laqabini olgan futbolchi «Liverpul» tarixida ilk mavsumda eng ko‘p gol urgan futbolchiga aylanib, Torres qayd etgan rekordni (33) yangiladi. 

Mersisaydliklarning bir mavsumda eng ko‘p gol urgan futbolchisi hozirda Ien Rash bo‘lib turibdi, u 1983-84 yilgi mavsumda jami 47 gol urgan, Saloh bu rekordni ham yangilashi uchun yana 11 gol urishi talab etiladi.

Top