21:40 / 29.03.2018
31357

Ichimlik suvi, yo‘llar, maktab va oilaviy poliklinikalar. «Obod qishloq» dasturi to‘g‘risidagi farmon imzolandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 martdagi «Obod qishloq» dasturi to‘g‘risida»gi PF-5386-son farmoni imzolandi. Hujjat Prezidentning rasmiy saytida e'lon qilindi.

Qaror matniga ko‘ra, qishloq aholi punktlarini tubdan qayta yangilamasdan va uni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirmasdan, mamlakatimizni zamonaviy rivojlangan davlatga aylantirishga to‘siq bo‘layotgani, tizimli muammolar mavjudligi qayd etilgan.

Qishloq aholi punktlarining me'moriy qiyofasini tubdan yangilash, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi hamda ijtimoiy soha obektlarini barpo etish va shu asosda aholining turmush madaniyatini yuksaltirish va dunyoqarashini kengaytirish maqsadida joriy yilning 1 aprelidan boshlab respublikaning har bir tumani va shaharida, avvalambor, olis va tabiiy iqlim sharoiti og‘ir hududlarda 2018 yilda 2 tadan va kelgusi yillarda 3 tadan qishloq (mahalla)da aholining yashash sharoitlarini tubdan yaxshilash, turmush tarzi va darajasida sezilarli ijobiy o‘zgarishlarni ta'minlashga, mazkur qishloq (mahalla)larning qiyofasini zamonaviylashtirishga va unda istiqomat qiluvchilar uchun ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan «Obod qishloq» dasturi amalga oshiriladi.

Dasturning ustuvor maqsadlari va xarajatlarning asosiy manbalari etib belgilanmoqda:

  • respublika byudjyeti va davlat maqsadli jamg‘armalaridan ajratiladigan mablag‘lar hisobiga aholini ishonchli tarzda ichimlik suvi bilan ta'minlash, sizot suvlar sathini pasaytirish, qishloqlarni tuman markazi bilan bog‘laydigan yo‘llarni qurish, rekonstruksiya qilish va ta'mirlash, shuningdek, lizing asosida qishloq va tuman markazi orasida avtobus qatnovini yo‘lga qo‘yish;
  • mahalliy byudjyetlar mablag‘lari hisobidan qishloq ichki yo‘llari va piyodalar yo‘laklarini barpo etish va ta'mirlash, yo‘l bo‘ylarini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, sanitariya inshootlari va irrigatsiya tizimlarini barpo etish, transport to‘xtash bekatlarini qurish;
  • xalqaro moliya institutlarining kreditlari hamda korxonalarning o‘z mablag‘lari hisobiga elektr ta'minotini yaxshilash, aloqa tizimini modernizatsiya qilish, aholiga suyultirilgan gaz va ko‘mir yoqilg‘isini uzluksiz yetkazib berish;
  • ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan xizmatlarni tubdan yaxshilashga e'tibor qaratish, bunda bog‘cha, maktab va oilaviy poliklinikalarni qurish, rekonstruksiya qilish va ta'mirlash ishlarini amalga oshirish hamda tegishli xarajatlarning yarmini respublika byudjyeti va maqsadli jamg‘armalar hamda qolgan qismini mahalliy byudjyet va mahalliy homiylar hisobidan moliyalashtirish;
  • bozor infratuzilmasi obektlarini va servis shoxobchalarini, jumladan, hammom va kichik bozor shoxobchalarini tadbirkorlarning o‘z mablag‘lari, tijorat banklarining kreditlari va xalqaro moliya institutlarining kreditlari hisobidan barpo etish;
  • uy-joylarni ta'mirlashda xonadon egalariga amaliy yordam  ko‘rsatish, avvalambor, qurilish materiallari bilan markazlashgan holda ta'minlash, bu jarayonda keng miqyosda hashar usullarini qo‘llash hisobiga hovli va atrof hududlarni obodonlashtirish, ariqlarni tozalash, oqova suv xandaklarini barpo etish hamda muhtoj oilalar uchun homiylar va ish beruvchi korxonalar mablag‘lari hisobidan uy qurib berish (ta'mirlash) va boshqalar.

Dasturni amalga oshirishga ko‘maklashish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari huzurida «Obod qishloq» jamg‘armalari tuziladi.

«Obod qishloq» dasturida belgilangan tadbirlarni moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilanmoqda:

  • respublika byudjyeti va maqsadli jamg‘armalar mablag‘lari;
  • mahalliy byudjyet va uning qo‘shimcha mablag‘lari;
  • tarmoq korxonalarining mablag‘lari;
  • xalqaro moliya institutlari va xorijiy davlatlarning grant mablag‘lari;
  • «Mahalla» jamg‘armasining va boshqa tashkilotlarning homiylik xayriyalari;
  • tashabbuskor tadbirkorlar mablag‘lari;
  • hasharlar va xayriya tadbirlarini o‘tkazish hisobidan tushadigan mablag‘lar;
  • O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘lari;
  • qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tuman (shahar) hokimliklari va sektor rahbarlari dasturni amalga oshirish doirasida qamrab olinadigan joriy va kelgusi davrlarga mo‘ljallangan qishloq va mahallalarning manzilli ro‘yxatlarini O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun quyidagi qat'iy shartlar asosida shakllantirishni ta'minlaydilar:

  • har bir qishloq kesimida tuman (shahar) hududiy tashkilotlari bilan birgalikda mo‘ljallanayotgan keng ko‘lamli ishlarni tashkil etish va boshqarish yuzasidan tezkor maxsus shtablarni joriy etish, shu jumladan, ishlarni hashar va xo‘jalik usulida bajarishni ta'minlash, yangi ish o‘rinlarini tashkil etish, moliyalashtiriladigan qismi bo‘yicha mavjud barcha imkoniyatlarni jalb etish, shu jumladan, soliq yig‘uvchanligini oshirish va qo‘shimcha aniqlanadigan manbalardan mahalliy byudjyet daromadini oshirish;
  • arxitektura, sanitariya va texnik talablar asosida shaxsiy mulk egalari o‘z uy-joyini saqlash, mavjud tomorqalardan unumli foydalanish, yer va mol-mulk soliqlarini hamda ko‘rsatilgan kommunal xizmatlar uchun hisob-kitob qilish va qarzdorlikka yo‘l qo‘ymaslik, hasharlarda fuqarolarning bevosita shaxsiy ishtirokini aks ettiruvchi jamoa shartnomalarini tuzish.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, «Davergeodezkadastr» qo‘mitasi va «Davarxitektqurilish» qo‘mitasi huzuridagi Davlat arxitektura-qurilish nazorati inspeksiyasi uy-joy, bino-inshootlar va tomorqa xo‘jaliklari mulkdorlari tomonidan amaldagi talab va qoidalar buzilishi va ularga rioya etmaslik holatlariga yo‘l qo‘yilgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy kodeksiga muvofiq tegishli choralar ko‘radi.

Belgilab qo‘yilmoqdaki, «Obod qishloq» dasturiga kiritilgan obektlarni sifatli va arzon qurilish materiallari bilan ta'minlash maqsadida metall prokati, sement, noruda materiallari, g‘isht, temir-beton mahsulotlari, eshik, deraza romlari, lok-bo‘yoq, shifer va shu kabi boshqa asosiy turdagi mahalliy qurilish materiallarini ishlab chiqarish uchun korxonalarga gaz va elektr energiyasi 2018 yil 1 maydan boshlab «O‘ztransgaz» AJ va «O‘zbekenergo» AJ tomonidan aholi uchun belgilangan narxlarda yetkazib beriladi.

Mavzu
Obod qishloq dasturi

Prezidentning shu yil 29 martida «Obod qishloq» dasturi to‘g‘risidagi farmonini imzoladi. Unda respublikaning turli chekkalarida istiqomat qiluvchi fuqarolarning yashash sharoitlarini yaxshilash nazarda tutilgan

Barchasi
Top