17:12 / 30.04.2018
19103

Yuridik shaxslarni jinoiy tartibda jazolash ko‘zlanmoqda

Foto: Fotolia

Ushbu chora jamoat muhokamasiga chiqarilgan O‘zbekiston Respublikasining jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasi loyihasida nazarda tutilgan, deb yozyapti Norma.
 
Eslatib o‘tamiz, hozir faqat aqli raso, jinoiy javobgarlik yoshiga to‘lgan (jinoyat tarkibiga qarab 18, 16, 14 va 13 yoshga, JKning 17-moddasi) jismoniy shaxslar jinoiy javobgarlikka tortiladi.
 
Kontseptsiya loyihasida yuridik shaxslarning jinoiy javobgarligi yo‘qligiga O‘zbekiston qonunchiligidagi kamchiliklardan biri sifatida qaraladi. Biroq sobiq sovet mamlakatlarining ko‘pchiligida u kam uchrashini qayd etib o‘tmoqchimiz. Buning bir nechta sabablari bor.
 
Birinchidan, jinoyat huquqi an'anaviy ravishda jinoyatga noqonuniy, jamoatchilik uchun xavfli qilmish (harakat yoki harakatsizlik) sifatida qaraydi. Aslida faqat jismoniy shaxslar harakat qilishi (harakat qilmasligi) mumkin. Zero har qanday holda yuridik shaxslar nomidan aniq shaxslar (rahbar va boshqa xodimlar) qilmishni sodir etadilar.
 
Ikkinchidan, jinoiy qilmish aybli bo‘lishi shart. Ya'ni qasddan yoki ehtiyotsizlik orqasida sodir etilganligi baholanadi. Mohiyatan olganda, ayb – shaxsning sodir etilgan qilmishga nisbatan ichki ruhiy munosabati. Yuridik shaxs – mustaqil aqliy faoliyat yuritmaydigan jonsiz narsa. Shu sababli har qanday holatda aybni baholash – inson tomonidan qilmishga nisbatan ichki ruhiy munosabatini tahlil qilish.
 
Yuridik shaxslar uchun jinoiy javobgarlik mavjud bo‘lgan davlatlarning ko‘pchiligida u fuqarolarning javobgarligi bilan parallel ravishda va birgalikda qo‘llanadi. Masalan, Moldova Respublikasi Jinoyat kodeksining 21-moddasida aytilishicha, yuridik shaxsning jinoiy javobgarligi sodir etilgan qilmish uchun jismoniy shaxsning javobgarligini istisno etmaydi. Bunda yuridik shaxslar uchun quyidagi jazo turlari nazarda tutilgan:
 
• jarima;
• muayyan faoliyat bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum etish;
• tugatish.
 
Ular biznes bilan bog‘liq jinoyatlarning turli tarkiblari bo‘yicha: intellektual mulk huquqlarini, ekologiya normalarini, giyohvand moddalar oboroti qoidalarini buzganlik, iqtisodiy jinoyatlar va h.k. uchun qo‘llaniladi.
 
Ma'lumot uchun: O‘zbekistonda soliqqa oid huquqbuzarliklar sohasida shunga o‘xshash javobgarlik konsepsiyasi (jinoiy deb nomlanmasa ham) qisman joriy etilgan (Soliq kodeksining IV bo‘limi).
 
G‘oya ma'qullansa, O‘zbekistonni jinoyat huquqi va ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari sohasida haqiqiy inqilob kutadi. Uning biznes uchun bo‘lajak foydasi shundaki, yuridik shaxslarning javobgarligi nazarda tutiladigan huquqbuzarliklarning to‘liq ro‘yxati, mohiyatan olganda, bir-ikkita hujjatda keltiriladi. Masalan, Jinoyat kodeksida va Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda.
 
Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.
 

Mavzuga oid
Top