12:24 / 08.05.2018
3967

Abdulaziz Komilov Litva tashqi ishlar vaziri bilan muzokara o‘tkazdi

Foto: TIV axborot xizmati

2018 yilning 8 may kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov mamlakatga tashrif buyurgan Litva Respublikasi tashqi ishlar vaziri Linas Antanas Linkevichius boshchiligidagi nufuzli delegatsiya bilan uchrashdi. Bu haqda TIV axborot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsion, sayyohlik, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirishning amaliy jihatlari yuzasidan fikr almashildi.

Vazirlar tomonidan Litva delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi dasturidan muhim uchrashuvlar va tadbirlar o‘rin olganligi mamnuniyat bilan ta'kidlandi va ularning samarali natijalarga erishishiga qiziqish bildirildi.

Litva delegatsiyasi tarkibida yetakchi kompaniyalar rahbarlari Toshkentga tashrif buyurganligini inobatga olgan holda, uchrashuvda savdo, investitsiya, transport va logistika sohalarida o‘zaro manfaatli dastur va loyihalarni amalga oshirish istiqbollariga alohida e'tibor qaratildi. 2017 yilda 264 mln AQSh dollaridan oshgan o‘zaro tovar ayirboshlash hajmining dinamik o‘sish tendensiyasi kuzatiliyotganligiga qaramasdan tomonlar ushbu muhim yo‘nalishda hamkorlikni kengaytirish uchun ulkan salohiyatga ega ekanligi ta'kidlandi.

Uchrashuvda ba'zi xalqaro va mintaqaviy masalalar ham ko‘rib chiqildi. Muzokaralarda Litva elchisi Remigiyus Motuzas ishtirok etdi.

Mavzuga oid
Top