Jahon | 12:05 / 11.03.2024
6040
3 daqiqa o‘qiladi

Litvada Rossiya raqamlariga ega 50 ga yaqin mashina musodara qilinishi mumkin

11 martdan boshlab Litvada Rossiya davlat raqamlariga ega avtomobillar musodara qilinishi mumkin. Mamlakatda o‘nlab bunday mashinalar mavjud.

Foto: Shutterstock

Rasmiylarning 11 martgacha mamlakatda ro‘yxatdan o‘tkazish yoki hududni tark etish haqidagi ko‘rsatmalariga qaramay, Rossiya davlat raqamlariga ega o‘nlab avtomobillar Litvada hamon saqlanib qolmoqda.

«Bojxona ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyada ro‘yxatdan o‘tgan davlat raqamlariga ega bo‘lgan bir necha o‘nlab avtomobillar hamon Litvada harakatlanmoqda. Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, 50 ga yaqin», dedi bojxona boshqarmasi matbuot kotibi Irmina Frolova- Milashene 10 mart, yakshanba kuni BNS’ga.

Uning so‘zlariga ko‘ra, gap yo‘l harakatida ishtirok etayotgan avtomobillar haqida ketmoqda, ba’zilari esa to‘xtash joylari yoki boshqa joylarda turgan bo‘lishi mumkin. Agar bunday transport vositalarining Litvada bo‘lish huquqi yo‘qligi aniqlansa, bu xalqaro sanksiyalar buzilishi sifatida baholanadi, deya ta’kidladi bojxona boshqarmasi vakili. 

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga muvofiq transport vositasi musodara qilinadi va qoidabuzarlar jarimaga tortiladi. Birinchi qoidabuzarlik uchun jismoniy shaxslar 200 yevrodan 6 000 yevrogacha, takroriy qoidabuzarliklar uchun 2 000 yevrodan 6 000 ming yevrogacha jarima olishi mumkin. Yuridik shaxslar rahbariyati mos ravishda 600 yevrodan 6 000 yevrogacha va 4 000 yevrodan 6 000 yevrogacha jarimaga tortiladi. 

Shu bilan birga, Rossiya davlat raqamlariga ega avtomobillarda Litvadan tranzit orqali Kaliningrad viloyatiga yoki undan teskari yo‘nalishda harakatlanayotgan Rossiya Federatsiyasi fuqarolari uchun istisno qilinadi, deya tushuntirdi bojxona xizmati. Biroq, bu holatda, mamlakatni 24 soat ichida kesib o‘tish kerak bo‘ladi va mashina egasi unga hamroh bo‘lishi lozim. Agar egasi yo‘q bo‘lsa, transport vositasi Litva hududiga kiritilmaydi. 

Rossiyadan Litvaga avtomobillarning kirishi 

Vilnyus mart oyi boshida Yevroittifoqning Rossiyaga qarshi sanksiyalariga tayanib, Rossiya raqamlariga ega avtomobillar musodara qilinishi haqida ogohlantirgan edi. 2023 yil 12 sentabrdan Litva va Latviyada Rossiya davlat raqamlariga ega avtomobillarni olib kirish taqiqlandi. Estoniya cheklovlarga bir kundan keyin qo‘shildi. 

Boltiqbo‘yi mamlakatlari bu chorani Yevropa komissiyasi tomonidan 2023 yil 8 sentabrda e’lon qilingan Rossiya Federatsiyasiga Ukrainaga harbiy tajovuz qilgani uchun kiritilgan sanksiyalarni qo‘shimcha aniqlashtirish bo‘yicha direktivasi bilan izohladi. Ushbu hujjatga ko‘ra, Rossiyada ro‘yxatdan o‘tgan transport vositalari endi Yevropa Ittifoqi hududiga kirishi mumkin emas. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid