14:20 / 11.05.2018
10354

Abdulaziz Komilov va Otabek Murodov AQSh elchisi bilan prezidentning bo‘lajak tashrifini muhokama qilishdi

Foto: Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati

10 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Otabek Murodov Amerika Qo‘shma Shtatlari Favqulodda va Muxtor elchisi Pamela Spratlen bilan uchrashuvi o‘tkazdi. Bu haqda bosh prokuratura matbuot xizmati xabar tarqatgan.

Elchiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligi ostida amalga oshirilayotgan sud-huquq tizimini isloh qilish, jinoyat qonunchiligini liberallashtirish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini tubdan takomillashtirishga qaratilgan choralar haqida ma'lumot berildi.

Qayd etish kerakki, ushbu ikki tomonlama uchrashuv O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 15-17 may kunlarida AQShga amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan rasmiy tashrifi arafasida tashkillashtirildi.

Uchrashuv davomida tomonlar ikki tomonlama hamkorlik, tajriba almashinuvi, vijdon va so‘z erkinligini ta'minlash hamda olib borilayotgan islohotlarda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rnini mustahkamlash masalalarini muhokama qilishgan.

Shuningdek, 11 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov ham Pamela Spratlenni qabul qilgan.

TIV matbuot xizmatida xabar berilishicha, uchrashuvda oliy darajada bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston-AQSh uchrashuvi kun tartibidagi masalalar va O‘zbekiston rasmiy delegatsiyasining AQShga tashrifi dasturining amaliy jihatlari muhokama qilingan.

Top