21:25 / 11.05.2018
5712
Xalqaro tashkilot rahbari O‘zbekistonda NNT faoliyatini rivojlantirishga doir tavsiyalari bilan bo‘lishdi
Foto: Xalqaro Press-klub

O‘zbekistondagi nodavlat notijorat tashkilotlar (NNT)xodimlarining ko‘nikmalarini oshirish zarur hamda ular loyihalarni ko‘rib chiqishda uzoq muddatli istiqbolni ko‘zlashi, moliyaviy boshqaruv masalalariga ham ko‘proq e'tibor qaratishi muhim. "Mintaqaviy muloqot" xalqaro tashkilotining O‘zbekistondagi filiali rahbari Myusha Sever Xalqaro Press-klubning navbatdagi sessiyasi yakunida KUN.UZ muxbirining mamlakatimizdagi NNT faoliyatidagi muammolar va ularni bartaraf etishga doir tavsiyalarga oid savoliga shunday mazmunda javob berdi.

"Asosiy tavsiyam NNT xodimlarining ko‘nikmalarini oshirish ustida ishlash bilan bog‘liq. Bir necha yildan beri O‘zbekistonda NNT vakillari bilan ishlab shunga guvoh bo‘ldimki, bu yerdagi ko‘plab guruhlar, nodavlat notijorat tashkilotlarda ajoyib g‘oyalar bor, lekin ular uzoq muddatli emas, qisqa muddatli istiqbolni ko‘zda tutadi. NNT vakillarini o‘z faoliyatlarini uzoq muddatli istiqbolga ega strategik rejalashtirishga o‘rgatish juda muhim. Ular faqat bir loyiha bilan cheklanib qolishi kerak emas, balki loyiha tugagach, keyinchalik tashkilot taqdiri nima bo‘lishi haqida ham o‘ylashi lozim.

Shuningdek nodavlat notijorat tashkilotlar o‘z moliyaviy boshqaruvlarini yuritishda bilim va tajribani oshirishlari juda muhim, moliyaviy nazoratni to‘g‘ri olib borishlari lozim. Bu masala hukumat va NNT o‘rtasidagi ko‘plab ziddiyatlarga sabab bo‘lgan edi. Xalqaro donorlar uchun moliyalashtirish masalasi juda muhim ahamiyatga ega.

Bir gap bilan aytadigan bo‘lsak, nodavlat notijorat tashkilotlar "muayyan loyihadan qanday natija kutyapmiz, uning rivojiga qanday hissa qo‘shishimiz mumkin?" deb o‘ylashlari kerak", - deydi Myusha Sever.

Top