Jahon | 11:39 / 23.06.2023
4586
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaliklarga ro‘yxatdan o‘tmagan nodavlat tashkilotlarda ishlash taqiqlanadi

Davlat dumasi tomonidan birinchi o‘qishda ma’qullangan qonun loyihalari paketi Adliya vazirligi reyestriga kiritilmagan xorijiy nodavlat tashkilotlari faoliyatida ishtirok etganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlikni joriy qiladi.

Foto: KP

Rossiya Davlat dumasi Rossiyadagi xorijiy yoki xalqaro nohukumat tashkilotlari (NNT) faoliyatini tartibga soluvchi uchta qonun loyihasidan iborat paketni birinchi o‘qishda qabul qildi. Bu haqda 22 iyun, payshanba kuni parlament quyi palatasi saytida ma’lum qilindi.

Qonun loyihalaridan biri «Notijorat tashkilotlari to‘g‘risida»gi federal qonunga, ikkinchisi - Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga, uchinchisi - Jinoyat kodeksiga o‘zgartirishlar kiritadi. Ushbu tuzatishlarga ko‘ra, agar ushbu tashkilotlar Adliya vazirligi reyestriga kiritilmagan bo‘lsa, jismoniy va yuridik shaxslarning xorijiy nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatida ishtirok etishi taqiqlanadi. Aks holda, ma’muriy va jinoiy javobgarlik yuzaga kelishi mumkin.

Ma’muriy kodeksga o‘zgartirishlar jismoniy shaxslar uchun 5000 rublgacha, mansabdor shaxslar uchun 50000 rublgacha va yuridik shaxslar uchun 100000 rublgacha jarima solishni nazarda tutadi. Chet elliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar 50 000 rublgacha jarimaga tortiladi va Rossiyadan chiqarib yuboriladi. Jinoyat kodeksiga kiritiladigan o‘zgartishlarga ko‘ra, ikki yilgacha (ro‘yxatdan o‘tmagan xorijiy nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatida ishtirok etganlik uchun) yoki uch yilgacha (bunday NNT faoliyatini tashkil etganlik uchun) ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan. 

Hujjatlarning tashabbuskorlari qonun loyihalari qabul qilinishini «davlat xavfsizligini mustahkamlash va uning suverenitetini himoya qilish» bilan asosladi. «Xorijiy nodavlat notijorat tashkilotlari insonparvarlik maqsadlari niqobi ostida va ko‘pincha chet el agentlari bilan yaqin hamkorlikda mamlakatimiz konstitutsiyaviy va iqtisodiy asoslariga putur yetkazish ustida ishlamoqda», — dedi qonun loyihalari hammualliflaridan biri, Davlat dumasining Xavfsizlik va korrupsiyaga qarshi kurash qo‘mitasi raisi Vasiliy Piskarev.

Mavzuga oid