02:20 / 04.06.2018
63174

So‘kishning “mo‘'tabar”i: ayrim rahbarlarning o‘zini tutishi taraqqiyot ildizini boltalayotgandek...

Amal va rahbarlik. Kommunistik davrda bu ikki tushuncha shu qadar ilohiylashtirildiki, mana, oradan o‘nlab yillar o‘tgan bo‘lsa ham uning yurakni yorar siymosi hamon yashab kelmoqda. Bugun hech bir soha rahbarga muhtoj emas, bugun taraqqiyot yo‘li uchun yetakchi zarur. Xonaning to‘rini egallab olib, bo‘lar-bo‘lmasga majlis qilib, stolni mushtlaydigan, qo‘l ostidagi xodimlarning tirnog‘i ostidan ham kir qidiradigan “soxta imperator”lar, to‘la ishonch bilan aytish mumkinki, bugungi zamon kishilari emas.

Foto: Dreamstime

Inson bolasi borki, unda hamiyat yashaydi. U oddiy ishchida ham bor, vazirda ham. “Bu oddiy odam, ishdan ketishini o‘ylab ham aytganimni qiladi”, qabilida fikr yuritib, xodimlari hamiyatiga tegadigan so‘zlar bilan ularni haqoratlash insoniylik fazilatiga yot bo‘lgan holatdir. Fikrimizni KUN.UZ tahririyatiga kelgan maktub bilan tanishgach, yana davom ettiramiz. 

“Assalomu alaykum KUN.UZ’ning hurmatli ijodkorlari. Men Rossiyada elektrik bo‘lib ishlayman. Namangan viloyatining tumanlaridan birida joylashgan elektr tarmoqlari korxonasida 6 oy ishlab, o‘z xohishim bilan u yerdan bo‘shadim. Mehnat shartnomasini bekor qilishlik to‘g‘risidagi arizamni yozib, xizmat vazifamdan ozod qilinganman.

Bunga sabab ish vaqti soati chegaralanmagan, boz ustiga norasmiy ravishda har kuni 22:00dan keyin majlisbozlik bo‘lardi. Bundan tashqari, bu majlislarda rahbar tomonidan xodimlarga qarata aytiladigan, kurakda turmas haqoratli so‘zlar, kamsitishlar jon-jondan o‘tib ketadi. Bu noma'qul so‘zlar ishlagan, ishlamagan xodimga qarata aytilaverardi. Tajribasiz rahbarning ishning ko‘zini bilmasdan, qo‘l ostidagilarning kasbiga bo‘lgan mehrini, ishtiyoqini oshirib, bu bilan samaradorlikka erishish o‘rniga ularni haqoratlashiga ko‘z yuma olmadim va ishdan bo‘shadim.

Ikki tanishim oliygohni tamomlab, chet elga ishlash uchun ketishmoqchiligini aytishdi. Men ularga diplomlari bo‘lsa, qo‘llarida hunarlari bor, o‘z vatanlarida qolib ishlashni maslahat berdim. Ota-ona, yaqinlar yonida bo‘lishga nima yetsin... Mana shularni ularga tushuntirganday bo‘ldim.

Gaplarimga quloq osishib, o‘z sohalari bo‘yicha hujjatlarini topshirishdi va ko‘p o‘tmay hududiy MIBga qabul qilinishdi.

Oradan 5-6 oy o‘tib, eshitdimki, ular ham o‘z xohishlari bilan ishdan bo‘shashibdi. Ular ham men duch kelgan holatga uchrashgan. Rahbar tomonidan noto‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan ishlash tizimi va yuqoridagi majlisbozlik ularning ishga bo‘lgan shijoatlarini so‘ndirgan”.

Rahbarning ish rivoji, tartib-intizom uchun jon kuydirishi bor gap. Chunki teparoqdagi rahbarlar undan ham shuni talab qiladi. Ammo xodimga nisbatan to‘ralarcha pisandsiz munosabat, uning shaxsiyatiga tegish, barchaning ichida haqorat qilish “rais buva” zamonasidan qolgan illat hisoblanadi.

Bundan tashqari, bizdagi mehnat bozori juda achinarli ahvolda. Raqobat masalasi deyarli nol. Shu sababdanmi, ishchi xodim so‘kish eshitsa ham, uni turtkilashsa ham, qo‘pol qilib aytganda haftada bir onasini “eslashsa” ham o‘z ishida yuraveradi. Boriga baraka deydi... Ishdan bo‘shasa, yana qayerda ish bor, kim uni quchoq ochib kutib turibdi, hech kim. Juda jahli chiqqani “bor-ye”, deb Rossiyaga yoki boshqa davlatga chiqib ketadi.

Yana bir narsani aytish o‘rinli. Tan olish kerakki, bugun jamiyat yangilanmoqda. Yangi qarashlar, yangi fikrlar bilan yangi avlod kirib kelmoqda. Bugun mana shu avlod orasida rahbarlar ham bor. Ularga nisbatan “rahbar” so‘zi o‘rniga “yetakchi” so‘zini ishlatgan to‘g‘riroq bo‘lardi. Chunki ular xodimlariga to‘ralik qilmaydi, o‘zi o‘rnak bo‘lib, yetakchilik qiladi.

Eskicha o‘ylaydigan va o‘zini osmon qadar sezadigan “qadimiy” rahbarlarga shunchaki achinish mumkin. Chunki (buni o‘zlari ham his qilib turishibdi) ularning davru davroni nihoyalab qoldi. Davrning o‘zi ulardan yuz o‘girmoqda. Ammo ularni deb yana qancha ishsiz paydo bo‘ladi, yana qancha o‘zbek chet elga chiqib ketadi, bunisi qorong‘i.

Sarvar Anvar o‘g‘li,

KUN.UZ jurnalisti

Top