10:53 / 19.06.2018
4900

Deputat: Savdo-sanoat palatasi o‘z faoliyatini tanqidiy ko‘rib chiqishi kerak

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Eldor Tulyakov Facebook’dagi sahifasida yangi tahrirdagi Savdo-sanoat palatasidagi qonun bo‘yicha o‘z fikrlarini qoldirdi.

«Oliy Majlis Qonunchilik palatasining o‘tgan hafta bo‘lib o‘tgan majlisida «O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida»gi qonun qizg‘in munozaralardan so‘ng, yangi tahrirda qabul qilindi.

Aytish joizki, mazkur hujjatni ko‘rib chiqish jarayonida yirik tadbirkorlik sub'yektlarini O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasiga majburiy a'zolik qilish masalasi deputatlarning eng ko‘p muhokamasiga sabab bo‘ldi. Bu borada turli fikrlar bildirildi, takliflar ilgari surildi. Shunday bo‘lsa-da, ko‘pchilik ovozi bilan mazkur norma ma'qullandi.

Xo‘sh, uning shu taxlitda qabul qilinishiga sabab nima? Nega aynan yirik tadbirkorlik sub'yektlarining Palataga a'zolik ko‘rsatkichlari shu paytgacha past bo‘lib kelgan? Endilikda bu holat qanday bo‘ladi? Yirik tadbirkorlik sub'yektlarining talabi qay darajada qondiriladi?

Ta'kidlash lozimki, yirik tadbirkorlik sub'yektlarida har doim malakali kadrlar faoliyat yuritib kelgan. Bunga, albatta, bir nechta sabablarni keltirish mumkin. Oylik maosh yuqoriligi, qo‘shimcha taqdirlash, bonuslar, ijtimoiy ta'minot, mansabda ko‘tarilish kabilar shular jumlasidandir. Bu esa yirik tadbirkorlik sub'yektlariga hozirgi vaqtgacha o‘z muammolarini o‘zlari hal qilish imkonini bergan, shu jumladan, sud orqali ham. Konsultativ xizmatlarga ehtiyojlar ham aynan o‘zlarining malakali kadrlari orqali qondirilgan.

Endilikda agar yirik tadbirkorlik sub'yektlari majburiy ravishda a'zolik badalini to‘lashar ekan, aynan o‘sha yirik tadbirkorlik sub'yektlarining malakali kadrlari O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasidan lozim darajada xizmat ko‘rsatilishini qonuniy ravishda talab qila boshlaydilar. Sababi, ular badalni o‘z vaqtida to‘lab boradilar. Agarda, qonun kuchga kirishi bilan Savdo-sanoat palatasi bunday xizmatlarni lozim darajada ko‘rsata olmasa, oqibatda ranjigan tadbirkorlardan unga qarshi sudda da'vo arizalar sonining ortishi kuzatilishi mumkin.

Shunday ekan, Savdo-sanoat palatasi, eng avvalo, o‘z faoliyatini, o‘zining kadrlar salohiyatini, ayniqsa, quyi bo‘g‘indagisini tanqidiy qayta ko‘rib chiqishi talab etiladi. Zero, bugun barcha sohada davlat organlari bilan samarali hamkorlik o‘rnatish, o‘z ishiga mas'ullik bilan yondashish hayotiy zaruratga aylanmoqda. Biroq Palataning hozirgi kadrlarining, ayniqsa, quyi bo‘g‘indagilarining malakasini oshirishga vaqt ham, imkon ham yo‘q. Shu sababli, Palata faoliyatiga mutaxassislarni boshqa davlat organlaridan ham jalb qilish, soliq, bojxona, marketing kabi sohalarda yuqori malakali xizmat ko‘rsatish tizimini yaratish, buning uchun kadrlar salohiyatidan foydalanish maqsadga muvofiq. Palata ko‘rsatadigan barcha xizmatlar sifatini keskin darajada oshirib, yirik tadbirkorlik sub'yektlari talabini qondiradigan darajaga yetkazilsagina ular Palataga o‘z xohish-istaklari bilan a'zo bo‘lardi hamda mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanilardi.

Bir so‘z bilan aytganda, bu sa'y-harakatlar mamlakatimizda ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilashga har tomonlama ko‘maklashish, tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga xizmat qiladi», deya yozgan deputat.

Bundan oldinroq Savdo-sanoat palatasiga a'zolik kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari uchun ixtiyoriy bo‘lishi haqida xabar qilingandi.

Top