O‘zbekistonda 1 fevraldan tadbirkorlarning barqarorlik reytingi ishga tushdi. Reytingda yuqori o‘rin egallagan tadbirkorlarga imtiyozlar beriladi. Bu soliq tekshiruvlaridan ozod bo‘lish, QQS va boshqa soliqlardan hosil bo‘lgan soliq summalarini bir kunda qaytarib olish kabilarni nazarda tutadi.

6 fevral kuni Toshkentda qurilish sohasida faoliyat yuritadigan tadbirkorlar uchun barqarorlik reytingining mazmun-mohiyati borasida seminar bo‘lib o‘tdi.

Unda Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev, Savdo sanoat palatasi raisi Davron Vahobov, bosh prokuror o‘rinbosari Salom Samadov, qurilish vaziri o‘rinbosari Davron Adilov ishtirok etdi.

Avvaliga SSP raisi Davron Vahobov qurilish sohasidagi qonunbuzilishlarga to‘xtaldi.

“Bugungi kunda qurilish sanoatidagi 34 mingta korxonadan 24 mingtasi qurilish korxonasi bo‘lib, shundan 10 mingtasi qurilish materiallari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Tahlil qilinganda 10 947 ta korxonaga – 1 ta ishchi, 4 219 ta korxonaga – 2 tadan ishchi, 5 585 ta korxonaga – 4-10 nafar ishchi xodim to‘g‘ri kelayotgani ma’lum bo‘ldi.

E’tiborlisi, bir korxona 36 mlrd so‘mlik qurilish materiallari va uy jihozlarini sotib olgan, ammo soliq hisobotlarida ushbu korxonalar xodimlari soni bitta etib ko‘rsatilgan. Axir bir nafar xodim bilan buncha hajmdagi ishni bajarib bo‘lmasligini hammamiz tushunamiz-ku. Savdo-sanoat palatasiga bu so‘zlarni aytish og‘ir, lekin biz shaffof ishlaydigan tadbirkorlarning yonini [olishimiz kerak].

Trillion-trillion mablag‘lar budjetdan ijtimoiy soha obektlarini qurishga ajratilyapti va bu obektlarda ertaga shaffof tizim orqali hamma tadbirkor qatnashish ehtiyoji bor. Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘p tadbirkorlar tenderda ishtirok etolmayapti. Boshqa tadbirkorlarga o‘xshab xarajatlarimizni ko‘rsatmasa, belgilangan imtiyozlardan foydalanish imkoniyati kamayishi mumkin”, – dedi Vahobov.

Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyevning aytishicha, reytingda eng past ko‘rsatkichga ega soha aynan qurilish sohasi hisoblanadi.

“Ulushi bo‘yicha ham, soni bo‘yicha ham eng past ko‘rsatkichga ega tashkilotlar aynan qurilish sohasida. Qurilishda har xil noto‘g‘ri yo‘llar ko‘p, ish haqini rasman to‘lamaslik, soliqdan qochish masalalari aynan qurilish sohasida boshqa sohalarga nisbatan ko‘proq”, – dedi u.

Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoatchilik kengashi a’zosi Umidbek Safarov barqarorlik reytingida baholash mezonlari haqida ma’lumot berdi.