14:06 / 24.01.2024
6374

Savdo-sanoat palatasi raisiga yangi o‘rinbosarlar tayinlandi

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisiga ikki yangi o‘rinbosar tayinlandi. Bu haqda palata matbuot xizmati xabar berdi.

Dilshod Rasulov xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Dilshod Rasulov / Savdo-sanoat palatasi

U 1972 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, 1994 yilda Toshkent moliya institutini, 2003 yilda O‘zbekiston Respublikasi strategik tahlil va istiqbolni belgilash oliy maktabini tamomlagan.

1997–2009 yillarda Bojxona qo‘mitasida turli lavozimlarda faoliyat olib borgan, 2010–2014 yillarda Savdo-sanoat palatasida Savdo ko‘rgazmalari va yarmarkalarini tashkil etish bo‘limi boshlig‘i, Tashqi iqtisodiy aloqalar departamenti boshlig‘i, rais o‘rinbosari lavozimlarida ham ishlagan.

Tayinlovga qadar prezident administratsiyasida boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelayotgandi.

Shuningdek, Davronbek Qurbonov biznes muhitini tahlil qilish va ishbilarmonlik indekslarini baholash, tadbirkorlarga bozor infratuzilmasi masalalarida ko‘maklashish yo‘nalishi bo‘yicha o‘rinbosari bo‘ldi.

Davronbek Qurbonov / Savdo-sanoat palatasi

Davronbek Qurbonov 1975 yilda Xorazm viloyatida tug‘ilgan, 1995 yilda Samarqand kooperativ institutini, 2006 yilda Bank-moliya akademiyasini tamomlagan.

Mehnat faoliyati davomida Soliq qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Bosh prokuratura hamda prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonida turli lavozimlarida ishlagan.

2022–2023 yillarda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qo‘mitasining Strategik rejalashtirish departamenti direktori, tayinlovga qadar esa Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo soliq inspeksiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

  • Bundan oldinroq, Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi o‘rinbosari Islom Jasimov 66 yoshida hayotdan ko‘z yumgani xabar qilingandi.
Top