O‘zbekiston | 21:15 / 13.07.2018
255774
4 daqiqa o‘qiladi

Turobjon Jo‘rayev pora bilan qo‘lga tushgan. U Samarqand viloyatida korruptsion tizimni yo‘lga qo‘ygani fosh etildi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining «Feysbuk»dagi sahifasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar yirik korruptsion sxemaga chek qo‘ygani haqidagi lavha e'lon qilindi.

Mazkur lavha «Axborot-24» dasturida ham namoyish etildi. Qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlaridan birining figuranti Samarqand viloyatiga rahbarlik qilgan Turobjon Jo‘rayevdir.

Lavhada prezident Shavkat Mirziyoyev lavozimiga kirishganidan so‘ng eng birinchi imzolagan qonunlaridan biri «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida» bo‘lganiga urg‘u berildi.

Prezident mansabdorlar va hokimiyat vakillari qanday ishlashi kerakligini bot-bot takrorlayotganiga qaramasdan mansabdor shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar bartaraf etilmayotganiga lavhada urg‘u berilgan.

Prezidentimiz faoliyatining dastlabki kunlarida «Bizning birinchi galdagi vazifamiz — muammoni tik qarshi olish, ularni hal qilish, adolatni ta'minlash, boshboshdoqlik va korrupsiyaga chek qo‘yish, insonlar hayotini yaxshilashdir», degan edi.

Lavhada Samarqand viloyat hokimi lavozimida ishlab kelgan Turobjon Jo‘rayev o‘zining shaxsiy manfaatlari yo‘lida prezident ishonchini suiiste'mol qilgani qattiq qoralab o‘tildi.

U muammolarni joyida hal etish, viloyat aholisiga yordam ko‘rsatish o‘rniga pora olishning butun bir vertikal tizimini yaratgani oshkor qilindi.

Tergov-surishtiruv ishlari davomida Turobjon Jo‘rayevning o‘zi bu borada biror narsani inkor etmagan.

Viloyat hokimligida ishlovchi lavozimdor shaxslar — hokimning qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari O‘tkir Abdullayev, qurilish ishlari bo‘yicha mutaxassis — Bahodir Xo‘jaqulov va viloyat hokimining yordamchisi — Botir Abdullayev ham mazkur jinoiy ishga aloqador hisoblanmoqda.

Ma'lum qilinishicha, Samarqand viloyat hokimligida turar joylar qurish uchun ruxsatnoma berish, yer uchastkalarini taqsimlashda o‘ziga xos «stavka» joriy etilgan.

Noqonuniy yo‘l bilan topilgan barcha mol-mulk va moddiy boyliklar ro‘yxatga olingan. Barcha faktlar bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda. Ayblanuvchilar hibsga olingan.

«Albatta, aybdorlar tegishli jazosini oladi. Bunga shak-shubha yo‘q. Hozir zamon o‘zgardi. Lekin taassufki, hamma ham buni tushunmaydi: o‘ziga berilgan vakolatdan shaxsiy manfaatlari yo‘lida foydalanayotganlar ham bor. Gap faqat lavhada aytib o‘tilgan shaxslar emas. Bu mavqei, boyligi, aloqalaridan qat'i nazar, barcha davlat xizmatchilariga murojaat o‘laroq qabul qilinishi kerak. Yengil pul topish yo‘liga sakrab o‘tmoqchi bo‘lgan har bir kishi unutmasligi kerak: kim va nima uchun ishlayapsiz, nega sizga Prezident va xalq bu lavozimni ishonib topshirgan?», deyiladi lavhada.

Turobjon Jo‘rayev 1966 yili Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan, Toshkent xalq xo‘jaligi institutini tamomlagan.

U 1998-2003 yillarda Moliya vaziri o‘rinbosari, 2003-2008 yillarda Xalq ta'limi vaziri bo‘lib ishlagan.
2008 yil martidan 2011 yilgacha Surxondaryo viloyati, 2011 yil noyabridan Qashqadaryo viloyati hokimi bo‘lgan Jo‘rayev 2013 yilning 27 sentabrida O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov tomonidan Qashqadarë hokimligidan bo‘shatilgan, korrupsiya va poraxo‘rlikda ayblanib, davlat boshqaruv tizimidan chetlatilgandi. 

U 2017 yil aprel oyida rahbarlik lavozimiga qaytarildi va Bekobod tumaniga hokim etib tayinlandi.

2017 yilning 13 iyunida esa prezident Shavkat Mirziëyev uni Samarqand viloyatiga vaqtincha hokim vazifasini bajaruvchi etib tayinlagan edi. U 2017 yilning 9 noyabrida viloyat hokimi sifatida ish boshlagandi.

Mavzuga oid