02:06 / 14.07.2018
12464

Samarqandda mehribonlik uyi hamda maxsus internatdagi yosh kitobxonlarga kitoblar taqdim etildi

Shu yilning 12–14 iyul kunlari O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan tashkillashtirilgan «Yosh kitobxon» respublika tanlovining tuman va shahar bosqichlari bo‘lib o‘tmoqda.

Jumladan, Samarqand viloyatida ham ushbu tanlov yuqori uyushqoqlik va tashkilotchilik bilan o‘tkazilmoqda. Barcha tumanlarda va shahar markazlarida «Yosh kitobxon» tanlovi uchun alohida tayyorgarlik ko‘rilgan, xonalar maxsus kompyuterlar bilan jihozlangan. Kuzatuvchilar, ziyolilar va yoshlar tashkiloti vakillari tanlovning ko‘ngildagidek o‘tishiga bosh-qosh bo‘lishmoqda.

Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi tomonidan Kun.uz’ga berilgan ma'lumotlarga qaraganda, viloyatda 90 mingga yaqin yosh kitobxonlar tanlovda ishtirok etish uchun ariza topshirishgan va savollarga javob berishmoqda.

«Yosh kitobxon» tanlovi doirasida turli kitobxonlik va mutolaa madaniyatiga doir aksiyalar va tadbirlar ham bo‘lib o‘tmoqda. Jumladan, Samarqand shahridagi 10-sonli mehribonlik uyida O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi shahar kengashi va Kun.uz tahririyati bilan hamkorlikda yosh kitobxonlar bilan uchrashuv bo‘ldi.

Ma'lumki, ijtimoiy tarmoqlardagi kitobxon yoshlarni birlashtirgan «Intellect» klubi va Kun.uz sayti hamkorligida poytaxt hamda viloyatlardagi mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari uchun kitob yig‘ish xayriya aksiyasi tashkil qilingan edi.

Xayriya aksiyasi yakuniga ko‘ra ehsonsevar yurtdoshlarimiz ko‘magi bilan bir hafta muddat ichida mablag‘ hamda yuzdan ortiq turli nomdagi bolalar uchun mo‘ljallangan kitoblar yig‘ildi. Ana shu kitoblardan bir qismi Samarqand shahridagi 10-son mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga ham in'om etildi.

Shuningdek, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi tashabbusi bilan chop etilgan kitoblar ham mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga topshirildi.

Shunday tadbir Samarqanddagi 64-son ixtisoslashgan maxsus maktab internatida ham davom ettirildi. O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisining yoshlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari, shoir Nodir Jonuzoq bolalarga O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi tashabbusi bilan chop etilgan kitoblarni topshirdi.

Uchrashuv jarayonida bolalar she'rlarni yoddan o‘qib berishdi, qo‘shiqlar kuylashdi, savol-javoblar bo‘lib o‘tdi. Eng ahamiyatlisi — bolalar Vatan, ona haqida she'r va qo‘shiqlarni kuylashib, tarbiyaviy ahamiyatga ega mavzular bo‘yicha fikrlarini bildirishdi. Bularning barchasi rasmiyatchilikdan xoli, juda samimiy va iliq muhitda bo‘lib o‘tgani uchrashuv ishtirokchilarning kayfiyatini ko‘tardi.

Sh.Shokirjonov,
Kun.uz muxbiri

Top