16:30 / 22.07.2018
8747
Xalqaro valyuta jamg‘armasi AQSh savdo siyosatining jahon iqtisodiyotiga xavfi haqida ma'lum qildi
© REUTERS / Mike Blake

Xalqaro valyuta jamg‘armasi rahbari Kristin Lagard AQSh tomonidan yangi bojlarning kiritilishi jahon YaIMni yarim foizga pasaytiradi deb hisoblamoqda.

«Vaziyatning eng yomon tomonga o‘zgarishi... global YaIMning pasayishi yarim foizni tashkil etadi», — dedi Lagard Buenos-Ayresda bo‘lib o‘tayotgan «Yigirmatalik guruh» moliya vazirlari va markaziy banklari rahbarlari uchrashuvi doirasidagi matbuot anjumanida. 

Lagardning Argentinaga tashrifi norozilik namoyishlari bilan qarshi olindi. Namoyishlar juma kuni boshlandi va shanba kuni «XVJ yo‘q» shiori ostida davom etdi. Namoyishchilar jamg‘armaning mamlakatga nisbatan siyosatiga qarshi norozilik bildirishmoqda.

XVJ iyun oyida Argentinaga 50 milliard dollar kredit berilishini ma'qullagandi. Hukumat dastlabki 15 milliard dollar o‘tkazmadan foydalanish niyatida, ammo qolgan o‘tkazmalardan foydalanish masalasi hozircha tasdiqlanmagan. Aksariyat iqtisodchilar Argentina belgilagan 15 foizlik inflyatsiya ko‘rsatkichi yil oxiriga kelib oshib ketishidan xavfsirashmoqda.

Po‘lat va alyuminiy boji
Mart oyi oxirida AQSh po‘lat olib kirilishiga 25 foiz va alyuminiyga 10 foiz boj to‘lovlari kiritdi. Rasmiy Vashington bu qarorni milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan deb asosladi.  
AQShning aksariyat savdo hamkorlari bu qadamni salbiy baholashdi. Rossiya bu qarorni noqonuniy deb atadi va bunga javoban barcha ehtimoliy choralarni ishlab chiqishga va'da berdi.

May oxirlarida Moskva Jahon savdo tashkilotini yiliga 537,6 million dollarlik Amerika mahsulotlariga nisbatan boj kiritishi haqida xabardor qildi. Ma'lum qilinishicha, bojlar AQShdan keltiriladigan yo‘l-qurilish texnikalari va boshqa mahsulotlariga nisbatan joriy etiladi.

AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo munosabatlari
Aprel oyi boshida Qo‘shma Shtatlar Xitoy Amerika mahsulotlariga bo‘lgan intellektual huquqlarni buzgani uchun 1,3 mingta Xitoy mahsulotlariga import boji kiritishini ma'lum qildi. 
O‘z navbatida Xitoy davlat kengashi shtatlardan import qilinadigan 106 nomdagi mahsulotga 25 foizlik bojlarni joriy etishga qaror qildi. 

May oyida tomonlar savdo urushi olib bormaslikka va o‘zaro bojlar qabul qilishni to‘xtatishga kelishishdi. Ammo keyinroq o‘zaro murosaga kelinmagani ma'lum bo‘ldi va Vashington yangi boj yig‘imlarini e'lon qildi.

Iyun oyi o‘rtalarida AQSh XXRda ishlab chiqarilgan mahsulotlarga 25 foizlik boj joriy etdi, bu Amerikaga import qilinadigan Xitoy mahsulotlarining o‘ndan bir qismiga nisbatan qo‘llanildi.  

Xitoy ham o‘z navbatida AQShdan import qilinadigan 659 nomdagi mahsulotga 25 foizlik kirish boji joriy etishini ma'lum qildi.  

Yaqinda esa Donald Tramp zaruriyat tug‘ilsa, butun Xitoy importiga nisbatan boj joriy etishga tayyorligini bildirdi. Agarda bu hol yuz bersa, 500 milliard dollarlik mahsulotlar cheklov ostiga tushadi.

Top