20:50 / 05.08.2018
9976

Eron Fors ko‘rfazida yirik harbiy mashg‘ulot o‘tkazdi

Foto: Reuters

Eron Inqilob qo‘riqchilari korpusi Fors ko‘rfazida yirik harbiy-dengiz mashg‘ulotlari o‘tkazdi. Bu haqda IRNA davlat agentligiga asoslangan holda Reuters agentligi xabar tarqatgan.

Korpus rasmiysi Ramazon Sharifning qayd etishicha, bunday mashg‘ulotlar orqali xalqaro dengiz yo‘li xavfsizligini ta'minlash ko‘zda tutilgan.

U Eronning bu hududdagi mudofaa qobiliyati ortishi raqib tomonlarda tashvish uyg‘otishini qayd etib o‘tgan.

Sharifning so‘zlariga ko‘ra, bu orqali dushman taraflarning «ehtimoliy avantyura harakatlari» oldini olish mumkin. U Eronning dushmani deb qaysi davlatlarni nazarda tutganiga aniqlik kiritmagan.

Bundan avvalroq G‘arb nashrlari o‘z manbalariga asoslangan holda Eron o‘tkazgan harbiy-dengiz mashg‘ulotlarida 100taga yaqin turli tipdagi kemalar ishtirok etgani to‘g‘risida xabar tarqatgandi.

OAV Eronning hududdagi faolligini AQSh prezidenti Donald Tramp 6 avgustdan e'tiboran Eronga nisbatan sanksiyalarni (2015 yilgi yadro kelishuviga qadar amalda bo‘lgan) tiklashi bilan tahdid qilganiga bog‘lagan. 

Bu sanksiyalar Eronning neft eksportini butunlay cheklab qo‘yishni nazarda tutadi. Bunday sanksiyalar Erondan neft xarid qiluvchi mamlakatlarga nisbatan ham qo‘llanadi.

Rasmiy Tehron AQShning bunday qadamlari Eron tomonidan Yaqin Sharq bilan bog‘lovchi Ho‘rmuzd bo‘g‘ozi yopib qo‘yilishiga olib kelishidan ogohlantirgan.

Mavzuga oid
Top