Jahon | 22:16 / 13.08.2018
125087
19 daqiqa o‘qiladi

O‘quvchi va o‘qituvchi orzusi: Finlyandiya ta'lim tizimi

Nufuzli Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti tomonidan uch yilda bir o‘tkaziluvchi xalqaro tadqiqotlarga ko‘ra, finlyandiyalik maktab o‘quvchilari dunyodagi eng yuqori bilimlar darajasini namoyish etishadi. Ular shuningdek dunyodagi eng ko‘p kitob o‘quvchi bolalar hamdir. Bundan tashqari, finlyandiyalik maktab o‘quvchilari tabiiy fanlar bo‘yicha - dunyoda ikkinchi, matematika bo‘yicha esa beshinchi o‘rinni egallashadi. Biroq pedagogik jamiyatni quvontiradigani birgina bu natijalar emas. Shunisi ajablanarliki, dunyo miqyosida yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etishlariga qaramay, finlyandiyalik maktab o‘quvchilari darslarga u qadar ko‘p vaqt ajratishmaydi.

Finlyandiyada o‘rtacha majburiy umumta'lim tizimi ikki bosqichli maktabni o‘z ichiga oladi:

— quyi (alakoulu), 1-6 sinf;

— yuqori (yläkoulu), 7-9 sinf.

Qo‘shimcha 10-sinfda o‘quvchilar o‘z baholarini yaxshilashlari mumkin. So‘ngra bolalar yo professional kollejga yo‘l olishadi, yoki litsey (lukio)da o‘qishni davom ettirishadi. 

Finlyandiya ta'limi "o‘rta" bosqichining 7 tamoyili:

1. Tenglik

– Maktablar

Mamlakatda na elita va na "bo‘shroq" maktablar bor. Finlyandiyadagi eng yirik maktabda 960 nafar o‘quvchi ta'lim oladi. Eng kichigida esa - 11 nafar. Barcha maktablar mutlaqo bir xil jihozlangan, birdek imkoniyatlarga ega va bir xil moliyalashtirilgan. Deyarli barcha maktablar - davlat maktablari bo‘lib, o‘nlab xususiy maktablar bor. Ularning ota-onalar qisman to‘lov kiritishlaridan tashqari yana bir farqi - o‘quvchilarga bo‘lgan talabning yuqoriligida. Qoidaga ko‘ra, bu o‘ziga xos "pedagogik" laboratoriyalar: Montessori, Fren, Mortan i Valdorf maktablari. Ingliz, nemis va fransuz tillarida ta'lim beriluvchi o‘quv muassasalari ham xususiy hisoblanadi.

Finlyandiyada tenglik tamoyiliga rioya qilgan holda shved tilidagi parallel ta'lim tizimi mavjud - bog‘chalardan tortib to universitetlargacha. Saam xalqining manfaatlari ham unutilmagan, mamlakat shimolida ona tilida ta'lim olish mumkin.

Yaqin vaqtlargacha finlarga maktab tanlash taqiqlangan edi, bolalar shunchaki eng yaqin oradagi maktabga chiqishardi. Taqiq bekor qilindi, lekin ota-onalarning aksariyati baribir bolalarni yaqin oradagi ta'lim muassasasiga berishni ma'qul ko‘rishmoqda, zero Finlyandiyada barcha maktablar birdek yaxshi.

– Barcha fanlar

Bir fanning boshqalaridan chuqurroq o‘rgatilishi maqsadga muvofiq emas. U yerda, masalan, matematika san'atdan muhimroq hisoblanmaydi. Aksincha, qobiliyatli bolalar uchun alohida sinflar tashkil qilinishiga yagona sabab ularning tasviriy san'at, musiqa va sportga moyilligi bo‘lishi mumkin.

– Ota-onalar

O‘qituvchi o‘quvchisining ota-onasi kim bo‘lib ishlashini oxirgi navbatda, zarurart tug‘ilgandagina biladi. O‘qituvchilarga ota-onalarning ish joyiga doir savollar berish taqiqlangan.

– O‘quvchilar

Finlar o‘quvchilarni xususiyatlari yoki tanlovlariga qarab tasniflashmaydi.

Shuningdek, "yaxshi" va "yomon" o‘quvchilar ham yo‘q. O‘quvchilarni bir-biriga taqqoslash taqiqlangan. Daho bolalar ham, aqliy salohiyati bo‘shroq bolalar ham "o‘ziga xos" hisoblanib, barcha bilan birga o‘qishadi. Umuman olganda, jamoada nogironligi bo‘lgan bolalar ham ta'lim oladi. Oddiy maktabda ko‘rish va eshitish organlari kasalliklari bo‘lgan o‘quvchilar uchun sinf tashkil qilingan bo‘lishi mumkin. Finlar alohida munosabatga talabgor insonlarni jamiyatga maksimal darajada integratsiya qilishga harakat qilishadi. Bilimi kuchli va bo‘sh o‘quvchilar orasidagi farq - juda kichik.

– O‘qituvchilar

O‘qituvchilar ham bolalarga bor mehrini beradi, "sevimlilar" ajratilmaydi. Qoidadan har qanday chetga chiqish bunday o‘qituvchi bilan shartnoma buzilishiga olib keladi. Fin o‘qituvchilari faqat ta'lim beruvchi  vazifasini bajarishlari kerak. Jamoada barcha o‘qituvchilar - fiziklar ham, adabiyotchilar ham, mehnat o‘qituvchilari ham birdek teng.

– Katta yoshli kishilar (o‘qituvchilar, ota-onalar) va bolalar huquqlari tengligi

Finlar bu tamoyilni "o‘quvchiga hurmat" deb atashadi. Bolalarga 1-sinfdan ularning huquqlari tushuntiriladi, ijtimoiy xizmatchiga katta yoshlilar ustidan shikoyat qilish ham shular jumlasidandir. Bu finlyandiyalik ota-onalarni ularning farzandi - mustaqil shaxs ekanini, ularga so‘z bilan ham, "qamchi" bilan ham ozor yetkazib bo‘lmasligini tushunishga rag‘batlantiradi. Finlyandiya mehnat qonunchiligiga ko‘ra, pedagog o‘z kasbidan kelib chiqib o‘quvchini taxqirlashga haqqi yo‘q. Barcha o‘qituvchilar faqat 1 yilga shartnoma imzolashadi, bu muddatni uzaytirish ham, to‘xtatish ham mumkin. O‘qituvchilarga juda yaxshi maosh to‘lanadi: fan o‘qituvchisi - 5000 yevrogacha, yordamchi - 2500 yevrogacha.

2. Bepul

O‘qishning o‘zidan tashqari quyidagilar bepul:

– tushlik;

– ekskursiyalar, muzeylar va sinfdan tashqari har qanday faoliyat;

– bolani uyidan olib ketuvchi va qaytaruvchi transport, agar eng yaqin maktab 2 kilometrdan uzoqda bo‘lsa;

– o‘quv darsliklari, barcha o‘quv qurollari, kalkulyatorlar va hatto planshet-noutbuklar.

Har qanday maqsadlar uchun ota-onalardan pul yig‘ish taqiqlanadi.

3. Individuallik

Har bir bola uchun individual ta'lim va rivojlanish rejasi tuziladi. Individuallik o‘quvchilar tomonidan foydalanilayotgan darsliklar mazmuni, mashg‘ulotlar, sinf va uy ishlari soni hamda ularga ajratilayotgan vaqt, shuningdek ta'lim materialiga ham tegishli.

Bir sinfning o‘zida darsda bolalar turli murakkablikdagi mashqlarni bajarishadi. Baholash tizimi ham personal darajaga muvofiq. Agar "odatiy" mashq a'lo bahoga bajarilsa, ertasiga yuqoriroq darajali mashq beriladi, mobodo uddasidan chiqa olmasa, hechqisi yo‘q, yana oddiy mashq beriladi.

Finlyandiya maktablarida oddiy ta'lim bilan bir qatorda ta'lim jarayonining ikki noyob turi mavjud:

"Bo‘shroq" o‘quvchilar ta'limini qo‘llab-quvvatlovchi — bu boshqa mamlakatlarda repetitorlar bajaradigan ish. Finlyandiyada repetitorlik keng tarqalgan ta'lim usuli hisoblanmaydi, maktab o‘quvchilari dars vaqtida yoki undan keyin kerakli o‘quvchilarga qo‘shimcha yordam ko‘rsatishadi.

Korrektsion ta'lim — materialni o‘zlashtirishdagi umumiy barqaror muammolar bilan bog‘liq. Masalan, bu ta'lim olib boriluvchi fin tilini tushunmaslik yoki eslab qolish yo matematik qobiliyatining yaxshi emasligi, yoxud ba'zi bolalarning asotsial xatti-harakatlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Korrektsion ta'lim kichik guruhlarda yoki individual tarzda o‘tkaziladi.

4. Amaliyot

"Yo hayotga tayyorlaymiz, yoki — imtihonlarga. Biz birinchisini tanlaymiz", - deydi finlar. Shuning uchun Finlyandiyadagi maktablarda imtihonlar yo‘q. Nazorat ishlari va oraliq test sinovlari - o‘qituvchining qaroriga qarab belgilanadi. Umumta'lim maktabini tugallashda faqat birgina majburiy standart test o‘tkaziladi. Shunisi diqqatga sazovorki, o‘qituvchilar uning natijalari uchun alohida qayg‘urishmaydi, test natijalari uchun birovning oldida javob ham berishmaydi, bolalar ham unga maxsus tayyorgarlik ko‘rishmaydi: boriga baraka.

Finlyandiya maktablarida hayotda kerak bo‘ladigan bilimlar beriladi. Masalan, biror bir qurilmaning tuzilishi ularga kerak bo‘lmaydi, uni o‘rganishmaydi ham. U yerdagi bolalar bolalikdan portfolio, shartnoma, bank kartasi nima ekanini yaxshi bilishadi. Merosdan soliq fozini yoki kelgusidagi daromadlarini hisoblay olishadi, internetda tashrif-saytini yarata olishadi va h.k.

5. Ishonch

Birinchidan, maktab xodimlari va o‘qituvchilar uchun turli tekshiruvlar yo‘q, o‘quvchilarga ta'lim berishga doir turli uslublarni o‘rgatuvchilar ham yo‘q. Mamlakatda ta'lim dasturi yagona, faqat umumiy tavsiyalar bor, xolos. Har bir pedagog o‘zi to‘g‘ri deb bilgan uslubni qo‘llaydi.

Ikkinchidan, bolalarga bo‘lgan ishonch: darslarda o‘quvchi o‘zini qiziqtirgan ish bilan shug‘ullanishi mumkin. Masalan, adabiyot darsida o‘quv filmi namoyish etilayotgan bo‘lsa-yu o‘quvchiga buning qizig‘i bo‘lmasa, u kitob o‘qib o‘tirishi mumkin. O‘quvchi o‘zi uchun nima foydali ekanini o‘zi tanlaydi.

6. Istak-xohish

O‘qishni istagan odam o‘qiydi. Pedagoglar o‘quvchining e'tiborini qaratishga harakat qilishadi, lekin uning o‘rgatilayotgan fanga qiziqishi yoki qobiliyati bo‘lmasa, darrov "ikki" baho bilan "siylashmaydi", bolani kelgusida uncha murakkab bo‘lmagan, amaliy jihatdan foydali bo‘lgan kasbga yo‘naltirishadi. Hamma ham samolyot ixtiro qilishi shart emas, avtobuslarni ham kimdir boshqarishi kerak-ku, axir!

Bunga ham o‘rta maktabda chora ko‘riladi - muayyan o‘smir litseyda bilimlarini davom ettirishi kerakmi yoki olgan bilimlari yetarlimi, professional kasb-hunar maktabiga borish kerakdir, ehtimol. Ta'kidlash joizki, bu ikki yo‘l ham mamlakatda birdek qadrlanadi.

Har bir bolaning u yoki bu faoliyatga moyilligini aniqlash "kelajak o‘qituvchisi" tomonidan test va suhbatlar yo‘li orqali amalga oshiriladi.

Umuman olganda, Finlyandiya maktabida ta'lim jarayoni yumshoq, biroq bu maktabni jiddiy qabul qilmasa ham bo‘ladi, degani emas. Maktab rejimiga rioya qilish majburiy. Barcha o‘tkazib yuborilgan darslarda qayta o‘tirishga to‘g‘ri keladi. Masalan, o‘qituvchi 6-sinf o‘quvchisi uchun o‘z jadvalidan "bo‘sh soat"ni belgilaydi yoki 2-sinfning darsiga kirib o‘tiradi. Dars qiladimi, zerikib o‘tiradimi, o‘ziga havola. Kichik yoshlilarga xalaqit bersa, bu hisobga o‘tmaydi, yana boshqa soatda qayta o‘tirishga to‘g‘ri keladi.

O‘qituvchi bergan vazifani bajarmagan, darsda ishlamagan bolaning ota-onasi maktabga chaqirtirilmaydi, tanbeh ham berilmaydi, aqliy qoloqlikda ayblanmaydi ham. Agar ota-ona ham farzandining bunday xatti-harakatlariga befarq qarasa, bola shunchaki keyingi sinfga o‘tmaydi.

Finlyandiyada bir sinfda ikkinchi yilga qolish uyat hisoblanmaydi, ayniqsa 9-sinfdan keyin. Katta hayotga jiddiy tayyorgarlik ko‘rish lozim, shuning uchun fin maktablarida qo‘shimcha (majburiy emas) 10-sinf bor.

7. Mustaqillik

Finlyandiyada maktab bolani eng asosiysi - mustaqil muvaffaqiyatli hayotga o‘rgatishi kerak deya hisoblanadi. Shu bois u yerda fikr yuritish va o‘z xohishiga ko‘ra bilim olishga o‘rgatiladi. O‘qituvchi yangi mavzularni so‘zlab o‘tirmaydi - barchasi kitobda bor. Yod olingan formulalar emas, ma'lumotnomadan, matndan, internetdan, kalkulyatordan foydalanish - joriy muammolar yechimini topish uchun kerakli resurslarni jalb qilishni bilish muhim.

Shuningdek, maktabdagi pedagoglar o‘quvchilar o‘rtasidagi mojarolarga ham aralashishmaydi, ularga hayotiy vaziyatlarga mustaqil tayyorlanish va o‘zlari uchun javob berish mas'uliyatini rivojlantirish imkoni beriladi.

Finlyandiya maktablari bir xil bo‘lsa-da, ulardagi o‘quv jarayonlari turlicha tashkil qilingan.

Qachon va qancha vaqt o‘qiladi?

Finlyandiyada o‘quv yili avgustda boshlanadi, ya'ni 8 avgustdan 16 avgustgacha, yagona kun yo‘q. O‘quv yili may oyi oxirida yakunlanadi. Kuzgi yarim yillikda 3-4 kunlik ta'til bor, shuningdek Rojdestvo munosabati bilan 2 haftalik ta'til beriladi. Bahorgi yarim yillik fevral oyidagi "chang‘i" ta'tilini ham o‘z ichiga oladi, bunda fin oilalari, qoidaga ko‘ra, oilaviy chang‘i uchishga borishadi. Bundan tashqari, bahorgi yarim yillikda Pasxa ta'tili ham bor.

Ta'lim - besh kunlik, faqat kunduzgi smenada. Juma - qisqartirilgan kun.

Nima o‘rganiladi?

1–2 sinf:

Ona (fin) tili va o‘qish, matematika, tabiat, din (e'tiqodiga qarab) yoki hayotiy tushunchalar (dinga qiziqmaydiganlar uchun), musiqa, tasviriy san'at, mehnat va jismoniy tarbiya. Bir darsda biryo‘la bir necha fan o‘tilishi mumkin.

3–6 sinflar:

Ingliz tili o‘rgatila boshlanadi. 4-sinfda - tanlov asosida yana bir chet tili: fransuz, shved, nemis yoki rus tillari. Qo‘shimcha fanlar kiritiladi (tanlov asosida, har bir maktabda har xil): klaviaturada ishlash tezligi, kompyuter bilimlari, daraxt bilan ishlash, xor ijrosi. Deyarli barcha maktablarda musiqiy asboblarda o‘ynashni o‘rgatishadi, bolalar 9 yillik ta'lim davomida barcha musiqiy asboblarida o‘ynashni mashq qilib ko‘rishadi.

5-sinfda biologiya, geografiya, fizika, kimyo va tarix qo‘shiladi. 1-sinfdan 6-sinfgacha deyarli barcha fanlardan bir o‘qituvchi kiradi. Jismoniy tarbiya darsi haftada 1-3 marta istalgan sport o‘yini shaklida o‘tadi (maktabning tanlovi asosida). Darsdan keyin dush qabul qilish majburiy. Adabiyot bizning tushunchamizdagidek o‘qitilmaydi, bu ko‘proq shunchaki o‘qishni eslatadi.

Fan o‘qituvchilari faqat 7-sinfdan kira boshlaydi.

7–9 sinflar:

Fin tili va adabiyoti (o‘qish, o‘lka madaniyati), shved, ingliz tili, matematika, biologiya, geografiya, fizika, kimyo, salomatlik asoslari, din (yoki hayotiy tushunchala musiqa, tasviriy san'at, jismoniy tarbiya, tanlov asosidagi fanlar va mehnat (o‘g‘il va qiz bolalar ajratilmaydi). Barcha birdek sho‘rva tayyorlashni va arralashni o‘rganadi. 9-sinfda ikki hafta davomida "mehnat hayoti" bilan tanishiladi. Bolalar o‘zlari uchun istagan "ishchi o‘rni"ni topib, katta ishtiyoq bilan "ishga" borishadi.

Baho kimga kerak?

Mamlakatda 10 ballik tizim qabul qilingan, ammo 7-sinfgacha faqat so‘zda baho qo‘yiladi: o‘rtadan pastroq, qoniqarli, yaxshi, a'lo. 1-3 sinflarda umuman hech qanday ko‘rinishdagi baholar yo‘q.

Finlyandiyada barcha maktablar «Wilma» davlat elektron tizimiga ulangan, bu elektron maktab kundaligidek gap, har bir ota-ona unga kirish uchun shaxsiy kodga ega. Pedagoglar baho qo‘yib, davomatni belgilab, bolaning maktabdagi hayoti haqida xabar berib borishadi; shuningdek psixolog, ijtimoiy xizmatchi, "kelajak o‘qituvchisi", feldsher ham u yerda kerakli ma'lumotni qoldiradi.

Fin maktablarida baholar xavotir uyg‘otmaydi, ular faqat o‘quvchining o‘zi uchun kerak, qo‘yilgan maqsadga erishishda bolaga motivatsiya berish va o‘zini tekshirish uchun qo‘llaniladi. Baholar o‘qituvchi, maktab nufuziga ta'sir ko‘rsatmaydi va hech qanday ko‘rsatkichlarini buzmaydi.

Maktab hayotiga doir boshqa tafsilotlar

Maktablar hududi o‘ralmagan, kiraverishda qo‘riqchilar yo‘q. Aksariyat maktablarning kirish darvozasi avtomatik tizimga ega, binoga darslar jadvali asosida kirish mumkin.

Darsda bolalar parta va stolda o‘tirishi shart emas, polda (gilamda) o‘tirish ham mumkin. Ba'zi maktablarda sinflar divan va kreslolar bilan jihozlangan. Kichik maktab inshooti gilamchalar bilan ta'minlangan.

Forma yo‘q, kiyimga nisbatan qandaydir talablar ham yo‘q, istagan kiyimda kelish mumkin. Almashtirish uchun qo‘shimcha poyabzal talab qilinadi, lekin kichik va o‘rta zvenodagi bolalar paypoqda yurishni ma'qul ko‘rishadi.

Iliq havoda darslar ko‘pincha ochiq havoda maktab oldida, maysalar ustida yoki maxsus jihozlangan qatorlarda o‘tkaziladi. Tanaffus vaqtida kichik maktab o‘quvchilari albatta ko‘chaga olib chiqiladi.

Uy vazifalari kamdan-kam beriladi. Bolalar dam olishlari kerak. Ota-onalar bolalar bilan dars qilishga majbur emas, buning o‘rniga pedagoglar muzey, o‘rmon yoki suzish havzasiga oilaviy borishni tavsiya qilishadi.

"Doska oldida" o‘qitish usuli qo‘llanmaydi, bolalar materialni so‘zlab berish uchun doska oldiga chaqirilmaydi. O‘qituvchi darsga umumiy tus beradi, so‘ngra o‘quvchilar orasida yurib, ularga vazifalarni bajarishga yordam beradi va jarayonni nazorat qiladi. O‘qituvchining yordamchisi (fin maktablarida o‘qituvchi yordamchilari ham bo‘ladi) ham xuddi shu ish bilan band bo‘ladi.

Daftarga qalam bilan yozish va qancha xohlasa, shuncha o‘chirish  mumkin. O‘qituvchi ham vazifani qalamda tekshirishi mumkin.

Finlyandiya maktablaridagi ta'lim tizimi qisqa satrlarda mana shunday. Ehtimol, u kimgadir noto‘g‘ridek tuyulishi mumkin. Finlar mukammallikka da'vogarlik qilishmaydi va erishilgan yutuqlar bilan cheklanib qolishmaydi, hatto eng yaxshi tizimda ham kamchiliklar bo‘lishi mumkin. Ular mamlakatdagi maktab tizimi jamiyatdagi o‘zgarishlarga qanchalik to‘g‘ri kelishini doimiy ravishda tadqiq qilishadi.

Shunisi quvonarliki, finlarning farzandlari tunda asabiy zo‘riqishdan uyg‘onmaydi, tezroq katta bo‘lishni orzu qilmaydi, ularda maktabga nisbatan nafrat yo‘q, o‘quvchilar navbatdagi imtihonlarga tayyorlanib, o‘zlari va butun oila a'zolarini qiynamaydi. Xotirjam, sermulohaza va baxtli fin bolalari kitoblar mutolaa qilishadi, tarjimasiz (original tilda) filmlar ko‘rishadi, kompyuter o‘yinlari o‘ynashadi, rolik va velosipedlarda uchishadi, musiqa va teatr pesalari yaratishadi, qo‘shiq kuylashadi. Ular hayotdan quvonib yashashadi va buning orasida ta'lim olishga ham ulgurishadi.

Mavzuga oid