Iqtisodiyot | 12:37 / 18.08.2018
16441
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi

Foto: iStock

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 18 fevraldagi 5349-son "Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni ijrosini ta'minlash, shuningdek, mamlakatda raqamli iqtisodiyotni, zamonaviy axborot texnologiyalarini davlat boshqaruvida tatbiq etishni rivojlantirish hamda axborot xavfsizligini ta'minlash ko‘zda tutilgan hujjat loyihasi O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida e'lon qilindi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasida O‘zbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda quyidagi yo‘nalishlar belgilab olingan:

— davlat va xo‘jalik organlari, mahalliy davlat organlarining joylarda zarur axborot tizimlari va resurslarini, dasturiy ta'minot va elektron xizmatlarning joriy qilinishini muvofiqlashtirishlarini belgilab olish;

— mamlakatda raqamli iqtisodiyot, axborot texnologiyalari bozorini, jumladan davlat xususiy sherikchiligi asosida texnopark va kovorking-markazlar faoliyatini tashkil qilish orqali xorijiy sarmoyalarni jalb qilish uchun qulay sharoit yaratish;

— zamonaviy telekommunikatsiya infratuzilmasi, aloqa texnologiya va tarmoqlarini rivojlantirish, zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlarini rivojlantirishni joriy qilishni muvofiqlashtirish;

— davlat boshqaruvida va iqtisodiyot sohalarida elektron xizmatlarni joriy qilish, elektron tijorat va dasturiy ta'minot bozorini rivojlantirish orqali raqamli iqtisodiyotni yuksaltirish;

— Internetning milliy segmentini, raqamli media-kontentni tashkiliy, moddiy-texnik va iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash orqali rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

— shahar va hududiy infratuzilmani boshqarishda foydalanish, xususan turar-joy va kommunal xizmat ko‘rsatish, transport logistikasi, xavfsiz va «aqlli shahar» uchun «aqlli tizim»larni ishlab chiqish;

— malakali kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish. 

Komissiyaga quyidagi vazifalar yuklatiladi:

— ikki oy muddatda davlat organlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining holati, jumladan axborot tizimlari va kadrlar bilan ta'minlanganlik holatini to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazish;

— 2018 yilga qadar mazkur yo‘nalishni takomillashtirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish.

Shu bilan birga, 2030 yilga qadar «Raqamli O‘zbekiston» konsepsiyasini ishlab chiqish yuzasidan ham chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilangan. Qaror loyihasi muhokamasi joriy yilning 31 avgustiga qadar davom etadi.

 

Mavzuga oid