18:55 / 27.08.2018
33807

«O‘ynashga qo‘yib berishi kerak edi». Ravshan Haydarov hakamdan norozi

O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Ravshan Haydarov Osiyo o‘yinlari chorak finali doirasida Janubiy Koreyaga qarshi kechgan o‘yindan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida ishtirok etdi.

O‘yin davomida 3:2 hisobida oldinda borgan O‘zbekiston vakillari qo‘shimcha bo‘limlar yakunida penaltidan o‘tkazilgan gol tufayli 3:4 hisobida mag‘lub bo‘lishdi va Osiyo o‘yinlarini tark etishdi.

Ravshan Haydarov o‘yinni boshqarib borgan saudiya arabistonilik Muhammad Al-Hoishning qarorlaridan norozilik bildirgan.

«Katta o‘yin bo‘ldi, ammo bu o‘yinda biz yutqazdik. Mag‘lubiyat uchun muxlislarimizdan uzr so‘raymiz.

Futbolchilar borini berib o‘ynashdi, buning uchun ularga rahmat. O‘yin davomida bir qancha xatolar bo‘ldi, raqib juda kuchli edi, bosim katta edi. Shu xatolar evaziga gollar o‘tkazdik.

O‘yinning ma'lum qismida ustunlik qildik, hisobda oldinda bordik. Ammo afsuski, o‘yin oxirida charchoq bilindi, 10 kishi bo‘lib qoldik.

O‘ylaymanki, hakam xatolarga yo‘l qo‘ydi. Hakam o‘yin tempiga mos harakat qilmadi. Shiddatli va hissiyotlarga boy o‘yin kechayotganini hakam to‘g‘ri tushunishi kerak edi.

Penalti berilgan vaziyatda ham qoida buzilmagandi. Bu o‘yin natijasiga ta'sir ko‘rsatgan xato qarorlar bo‘ldi», deya murabbiyning so‘zlarini keltirgan «Kun.uz» muxbiri.

Top