19:50 / 30.08.2018
50239

Osiyo o‘yinlarida kun yakunlari. O‘zbekiston bugun 8ta medal oldi

Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida bo‘lib o‘tayotgan XVIII yozgi Osiyo o‘yinlarining 30 avgust kunidan o‘rin olgan musobaqalarida o‘zbekistonlik 27 nafar sportchi yakkalik va jamoa holda 6 sport turi bo‘yicha bahs olib borishdi.

Musobaqalarning o‘n ikkinchi kunida o‘zbekistonlik sportchilar jami 8ta (3ta oltin, 2ta kumush va 3ta bronza) medal olishdi.

Baydarka va kanoeda eshkak eshish
Baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha musobaqalarida o‘zbekistonlik sportchilar jami 4ta medalni qo‘lga kiritishdi.

Kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan Dilnoza Rahmatova va Nilufar Zokirova juftligi ayollar o‘rtasida 500 metr masofaga o‘tkazilgan bahslarda marraga ikkinchi bo‘lib yetib kelishdi va kumush medallar bilan taqdirlanishdi.

Kanoeda 1000 metr masofaga eshkak eshishda o‘zbekistonlik tajribali sportchi, Osiy o‘yinlarining 3 karra g‘olibi Vadim Menkov tengsiz bo‘lib, to‘rtinchi chempionlikni tantana qildi.

Foto: Abdulloh Fayzullayev

500 metr masofaga to‘rt kishilik ekipajda o‘tkazilgan bahslarda O‘zbekiston terma jamoasi vakillari (A.Tropin, V.Ibragimov, J.Nurmatov, A.Mochalov) marraga beshinchi bo‘lib yetib borishdi.

1000 metr masofaga juftlik bahslarida startga chiqqan Shahriyor Mahkamov va Shohruhbek A'zamov marraga uchinchi bo‘lib yetib keldi va bronza medaliga sazovor bo‘lishdi.

Foto: Abdulloh Fayzullayev

1000 metr masofaga kanoeda eshkak eshgan Nurislom To‘xtasin o‘g‘li va Serik Mirbekov juftligi ham O‘zbekiston hisobiga navbatdagi bronza medalni qo‘shib qo‘yishdi.

Foto: Abdulloh Fayzullayev

Dzyudo
Bugungi bahslarda 4 nafar o‘zbekistonlik dzyudochi ishtirok etdi. Ammo ulardan faqat birginasi, jamoaning -70 kg vazn toifasidagi vakili Gulnoza Matniyazova bronza medal olishga muvaffaq bo‘ldi. U finalda xitoylik Zu Yani ippon bahosi bilan mag‘lub etdi va bronza medalga ega chiqdi.

-57 kg vazn toifasidagi Amangul Allanazarova esa ilk jangdayoq shimoliy koreyalik Kim Jin Aga mag‘lub bo‘ldi.

-73 kg vazn toifasida G‘iyosjon Boboyev nimchorak finalda yamanlik raqibi Ahmed Salemni mag‘lub etdi, ammo chorak finalda BAA vakili Viktor Skvortovga yutqazdi. Shundan keyin bronza uchun o‘tish o‘yinlarida qatnashgan Boboyev shimoliya koreyalik Kim Chol Kvangdan mag‘lub bo‘ldi.

-80 kg vazn toifasida Sharofiddin Boltaboyev ilk jangda livanlik Azar Stivendan ustun keldi. Ammo chorak finalda dzyudo vatani Yaponiyadan kelgan sportchi Takeshi Sasakiga yutqazdi. U bronza medali uchun o‘tish bahsida mo‘g‘ulistonlik Otgonbatar Uganbatarga qarshi gilamga chiqib, bahs davomida jarohatlandi va bronzadan quruq qoldi.

Trampolin

Trampolin bahslarida 3 nafar o‘zbekistonlik sportchi finalda ishtirok etdi. Farangiz Ro‘ziyeva finalda beshinchi natijani qayd etdi. Erkaklar o‘rtasidagi bahslarda esa Samirbek Usmonov va Amiran Babayan yettinchi va sakkizinchi o‘rinlarni band etishdi.

Ot sporti
Yakkalik bahslarida ishtirok etgan N.Tuyakboyev va O.Sobirjonov sovrinli o‘rinlardan joy ololishmadi.

Velosport-trek
M1 × 3000 m bo‘yicha saralashda ishtirok etgan Renata Baymetova guruhida to‘qqizinchi o‘rinni egallagan holda, keyingi bosqichga chiqa olmadi.

Murodjon Xolmurodov esa omnium bo‘yicha bahslar yakunida sakkizinchi o‘rinni egalladi. 

Kurash
O‘zbek milliy kurashi bo‘yicha bugun 2 vazn toifasida bahslar o‘tkazildi va 2 oltin ham o‘zbekistonlik sportchilarga tegdi. 

-78 kg vazn toifasidagi Kumush Yo‘ldosheva finalda mo‘g‘ulistonlik Otgon Munktsetseg bilan bellashdi va g‘alaba qozonib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.

Shu vazn toifasidagi Dilroza Bozorova ilk bosqichdayoq qozog‘istonlik Gulibonu Amanxonovaga yutqazgandi.

-90 kg vazn toifasidagi oltin va kumush medallar O‘zbekiston vakillari o‘rtasida taqsimlandi.

Shermuhammad Jandriyev nimchorak finalda turkmanistonlik Sanjar Abdirahmonovga qarshi murakkab bahs o‘tkazib, yakunda g‘alabaga erishdi. U keyingi raqibi, afg‘onistonlik Shirzad Aziziyni osonlik bilan yengib, yarim finalga chiqdi. Final ostonasida esa kuvaytlik Misri Husayn mag‘lub etildi.

Yahyo Imomov ishtirokini saralashdan boshladi. U dastlab eronlik Qosim Ahadivaranluni taslim etdi. Finalga qadar yo‘lda u hindistonlik Divesh, turkmanistonlik Guvanch Begaliyev va qozog‘istonlik Yersultan Muzapparovdan ustun keldi.

Yahyo Imomov va Shermuhammad Jandriyev o‘rtasidagi bahs Jandriyevning 11:10 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.

Bugun qo‘lga kiritilgan 8 medal evaziga O‘zbekiston delegatsiyasi 53 medal bilan oltinchi o‘ringa joylashdi. Ayni vaqtda O‘zbekiston hisobida 15 oltin, 19 kumush va 19 bronza bor.

Mavzuga oid
Top