17:38 / 30.08.2018
50194

O‘zbekiston Osiyo o‘yinlaridagi rekordlarini yangilamoqda

Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida davom etayotgan Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston terma jamoasi hisobidagi medallar soni 53taga yetgan - 15 oltin, 19 kumush va 19 bronza. Umumiy reytingda esa delegatsiya 6-o‘rinni egallab turibdi.

Skrinshot: Asian Games

Bundan tashqari, boks bo‘yicha terma jamoaning barcha, yetti nafar a'zosi yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritib, kamida bronza medallarni naqd qilishgandi. Bu esa O‘zbekiston Osiyo o‘yinlarida kamida 60 medal olishini anglatadi.

O‘zbekiston shu vaqtga qadar 6 marta Osiyo o‘yinlarida qatnashgan. Medal jamg‘arish bo‘yicha Guangjou—2010 musobaqasi o‘zbekistonlik sportchilar uchun omadli kelgan — jami 56ta medal (11 oltin, 22 kumush, 23 bronza). Bokschilar oladigan medallar orqali bu ko‘rsatkich 4taga yaxshilanishi aniq. Bu orqali Indoneziya—2018 turniri O‘zbekiston sport delegatsiyasining barcha davrlarda eng ko‘p medal qo‘lga kiritgan Osiyo o‘yinlari sifatida tarixga kiradigan bo‘ldi.

Oltin medallar soni bo‘yicha esa eng yaxshi natija Pusan—2002 turnirida qayd etilgan. 2002 yilgi Osiyo o‘yinlaridan o‘zbekistonlik sportchilar 15ta oltin medal bilan qaytishgandi (15-12-24). Ayni vaqtda bu rekord takrorlangan, kumush medallar borasidagi ko‘rsatkich evaziga Pusandagi Osiyo o‘yinlari natijasi yaxshilangan.

Yana bitta oltin medal orqali Pusan rekordi yangilanadi.

Umumiy reytingdagi o‘rin bo‘yicha eng yaxshi natijalar Hirosima—1994 (11 ta oltin, 12 ta kumush, 19 ta bronza) va Pusan—2002 (15 ta oltin, 12 ta kumush, 24 ta bronza) musobaqalarida qayd etilgandi.

Bu boradagi natijani yangilash deyarli imkonsiz ish — ayni vaqtda turnir mezbonlari bo‘lmish Indoneziya vakillari 30ta oltin medal jamg‘argan holda to‘rtinchi o‘rinda joylashgan (oltin medallarning 14tasi indoneziyaliklarning milliy sport turi bo‘lmish penchak silatda qo‘lga kiritilgan, bu sport bo‘yicha 15ta medallar shodasi o‘ynalgan). Beshinchi o‘rindagi Eronda esa ayni vaqtda O‘zbekistondagidan 4ta ko‘p — 19ta oltin bor. Eronliklar shuningdek 18 kumush va 20 bronza qo‘lga kiritishgan va ular ham musobaqaning oxirgi ikki kunida o‘z ko‘rsatkichlarini yaxshilash imkoniyatiga ega.
 

Top