11:20 / 31.08.2018
40680

Osiyo o‘yinlarida boks bo‘yicha yarim final janglari. O‘zbekistonliklarning imkoniyatlari qanday?

O‘zbekiston boks maktabi nafaqat Osiyo miqyosida, balki jahonda ham yetakchi ekanini isbotlab bo‘lgan.

Avvaliga 2016 yilgi Rio Olimpiadasida 3ta oltin (Hasanboy Do‘smatov, Shahobiddin Zoirov va Fazliddin G‘oibnazarov), 2ta kumush (Shahram G‘iyosov va Bektemir Meliqo‘ziyev) va 2ta bronza (Murodjon Ahmadaliyev va Rustam To‘laganov) medal qo‘lga kiritilgan va O‘zbekiston boks jamoasi umumjamoa hisobida Kuba va Qozog‘iston vakillarini ortda qoldirib, birinchi o‘rinni egallagandi.

2017 yilning 20 aprelidan 7 may kunigacha Toshkent shahri boks bo‘yicha Osiyo chempionatiga mezbonlik qildi. Osiyo chempionatida O‘zbekiston vakillari 10ta vazn toifasidan 9tasida chempion bo‘lishdi: -49 kg vazn toifasida Hasanboy Do‘smatov, -52 kg vazn toifasida Jasurbek Latipov, -56 kg vazn toifasida Murodjon Ahmadaliyev, -60 kg vazn toifasida Elnur Abduraimov, -64 kg vazn toiifasida Iqboljon Xoldorov, -69 kg vazn toifasida Shahram G‘iyosov, -75 kg vazn toifasida Isroil Madrimov, -81 kg vazn toifasida Bektemir Meliqo‘ziyev, +91 kg vazn toifasida Bahodir Jalolov tengsiz bo‘ldi, faqat -91 kg vazn toifasidagi vakil Sanjar Tursunov chorak finalda qozog‘istonlik Vasiliy Levitga yutqazib qo‘ydi, Levit bu vazn toifasida finalda ham g‘olib bo‘ldi.

2017 yilning 25 avgustidan 2 sentabrigacha Germaniyaning Hamburg shahrida jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. Bu turnirda O‘zbekiston vakillari jami 6ta medal olishdi. Shahram G‘iyosov (-69 kg) kubalik Roniel Iglesias Gomesni mag‘lub etib, jahon chempioniga aylandi. Hasanboy Do‘smatov (–49 kg), Jasurbek Latipov (-52 kg) va Iqboljon Xoldorov (-64 kg) finalda imokniyatni boy berib, kumush medal bilan kifoyalandi, Bektemir Meliqo‘ziyev (-81 kg) va Sanjar Tursunov (-90 kg) bronza medallar bilan taqdirlandi. Yakunda medallar shodasi bo‘yicha Kuba birinchi o‘rinni oldi (5 oltin va 2 kumush), O‘zbekiston ikkinchi bo‘ldi (1-3-2), uchlikni Qozog‘iston yakunladi (1-2-3).

O‘tgan vaqt davomida Rio Olimpiadasi sovrindorlari Fazliddin G‘oibnazarov, Shahram G‘iyosov, Murodjon Ahmadaliyev va Rustam To‘laganov professional boksga o‘tishdi. Ularga 2017 yilgi Osiyo chempionlari Elnur Abduraimov va Bahodir Jalolov ham qo‘shilishdi.

Ayni vaqtda 2018 yilgi Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston boks jamoasi sharafini Hasanboy Do‘smatov (-49 kg), Jasurbek Latipov (-52), Miraziz Mirzaxalilov (-56 kg), Shunqor Abdurasulov (-60 kg), Iqboljon Xoldorov (-64 kg), Bobousmon Baturov (-69 kg) va Isroil Madrimov (-75 kg) himoya qilishmoqda.

Bektemir Meliqo‘ziyev (-81 kg) va Sanjar Tursunov (-90 kg) esa Osiyo o‘yinlarida 75 kilogrammdan yuqori vazn toifalari chiqarib tashlangani uchun turnirdan chetda qolishgan.

Indoneziyada O‘zbekiston jamoasining 7 nafar vakili ham yarim finalga yetib kelgan. Bugun Toshkent vaqti bilan soat 12:00da o‘zbekistonlik bokschilar final yo‘llanmasi uchun ringga chiqa boshlashadi. Dastlab -52 vazn toifasidagi Jasurbek Latipov qirg‘izistonlik Azat Usenaliyev bilan jang qiladi.

-49 kg vazn toifasi

Hasanboy Do‘smatovning raqibi xitoylik Vu Jonglin bo‘ladi. 

Hasanboy Do‘smatov ishtirokini nimchorak finaldan boshladi. U yarim finalga qadar laoslik Kampuvan Xamsatxoneni 5:0, qirg‘izistonlik Mirlan Turkbay uluni 5:0 hisoblarida yengdi.

Vu Jonglin esa nimchorak finalda tailandlik Yurachai Vuttichaini 5:0, chorak finalda indoneziyalik Blasius Kali Marioni 5:0 hisobida yenggan.

-52 kg vazn toifasi

Jasurbek Latipov final yo‘llanmasi uchun qirg‘izistonlik Azat Usenaliyevga qarshi ringga chiqadi. Usenaliyev 2015 yil yanvarida AIBA tomonidan oy bokschisi sifatida e'tirof etilgan, 2013 yili esa Osiyo boks konfederatsiyasi (ASBC) tomonidan yil kashfiyoti deb tan olingan. U 2010 yili Guanchjouda va 2014 yili Incheonda o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlarida ishtirok etgan. 2013 yili Iordaniya poytaxti Oman shahrida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida g‘olib chiqqan.

Jasur Latipov yarim finalga qadar xitoylik Hu Jiangguani 3:2 hisobida, indoneziyalik Suguro Aldomsni 4:1 hisobida mag‘lub etdi.

Usenaliyev ishtirokini saralashan boshladi va ilk raqibi, laoslik Akkasit Viyengayni 5:0 hisobida yengdi. Nimchorakda Pokiston vakili Asif Said Muhammadni 5:0, chorak finalda esa shimoliy koreyalik O Tay Bomni 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.

-56 kg vazn toifasi

Miraziz Mirzaxalilovning yarim finaldagi raqibi mezbon mamlakat sportchisi Amoragam Sunan Agung bo‘ladi. Uning o‘z faoliyatidagi eng yuqori natijasi 2018 yili Tailandda o‘tkazilgan xalqaro turnirdagi uchinchi o‘rin bo‘lgan.

Mirzaxalilov nimchorak finalda iordaniyalik Alvadi Muhammad to‘sig‘idan o‘tdi (5:0), chorak finalda esa mo‘g‘ulistonlik Xarku En-Amarga qarshi kechgan o‘ta qiyin bahsda g‘alaba qozondi (3:2)
Sunan Agung ishtirokini saralashdan boshlagan va dastlabki raqibi, laoslik Vilaysak Chansamoneni 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan. U nimchorak finalda qirg‘izistonlik Sirojiddin Abdullayevni 4:0 hisobida, chorak finalda iroqlik Jafar Abdulridha Al Sudanini 4:1 hisobida mag‘lub etdi.

-60 kg vazn toifasi

Shunqor Abdurasulovning final yo‘lidagi raqibi tailandlik Juntrong Rujakran bo‘ladi.

Abdurasulov ilk jangda filippinlik Jyeyms Palistedan ustun kelgan (5:0), yarim finalda qirg‘izistonlik Argen Kadirbek uluni qiyinchilik bilan mag‘lub etgan (3:2).

Rujakran ishtirokini saralashdan boshlab, Qatar vakili Abdullatif Sodiq to‘sig‘idan o‘tgan. U nimchorak finalda Timor oroli vakili Ramos Montero Savonni yenggan (4:0), chorak finalda indoneziyalik Papendang Farranddan ustun kelgan (5:0).

-64 kg vazn toifasi

Iqboljon Xoldorov yarim finalda yaponiyalik Daysuki Narimatsuga qarshi ringga ko‘tariladi.

Daysuki Narimatsu tajribali bokschi, u ayni vaqtda 28 yoshda bo‘lib, o‘z faoliyati davomida bir marta, 2015 yili Indoneziya prezidenti kubogi uchun turnirda g‘olib chiqqan. U 2016 yilgi Rio Olimpiadasi ishtirokchisi (-60 kg vazn toifasida) hisoblanadi, 2013 yili Olmaotada, 2015 yili Dohada o‘tkazilgan jahon chempionati ishtirokchisi, 2013 yili Iordaniyada, 2015 yili Tailandda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatlarida beshinchi va uchinchi o‘rinlarni egallagan.

Iqboljon Xoldorov nimchorak finalda 2013 yilgi Osiyo o‘yinlari kumush medali sohibi, iordaniyalik Obada Alkasbehga imkoniyat qoldirmadi (5:0), chorak finalda janubiy koreyalik Lim Hyunsuk ustidan g‘alaba qozondi (4:0).

Narimatsu ilk jangda indoneziyalik Ga Libertusni yengdi (5:0), keyin iroqlik Al Ezirajni taslim etib (4:0), yarim finalga chiqdi.

-69 kg vazn toifasi

 

Bobousmon Baturov final uchun tailandlik Ardi Saylom bilan jang qiladi. 

Saylom Adi 32 yoshda. U 2006 yildan buyon turli vazn toifalarida turli xalqaro musobaqalarda ishtirok etib keladi. 2008 yilgi Pekin Olimpiadasida, 2012 yilgi London Olimpiadasida va 2016 yilgi Rio-de-Janeyro Olimpiadasida, shuningdek, Doha-2006, Guanchjou-2010 hamda Incheon-2014 o‘yinlarida ishtirok etgan. U jahon chempionatlarining muntazam ishtirokchisi (Chikago-2007, Milan-2009, Boku-2011, Olmaota-2013 va Doha-2015). Faoliyatidagi eng yuqori natijasi - 2013 yili Iordaniya poytaxti Oman shahrida o‘tkazilgan Osiyo chempionatidagi ikkinchi o‘rin. U o‘shanda -60 kg vazn toifasida ishtirok etib, finalda qozog‘istonlik Berik Abdraxmanovga imkoniyatni boy berib qo‘ygan. 2015 yili Bangkokda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida esa u 5-o‘rin bilan kifoyalangan. 

Bobousmon Baturov turnirdagi ishtirokini saralashdan boshladi va ilk jangda mo‘g‘ulistonlik Otgonbatar Byamba-Erdenni taslim etdi (5:0). U nimchorak final jangini xitoylik Maymaytitu Kiongga qarshi o‘tkazib, 4:1 hisobidagi g‘alabaga erishdi, chorak finalda esa Janubiy Koreya vakili Lim Hyunchulni 5:0 hisobida mag‘lub etdi.

Saylom Adi nimchorak finalda turkmanistonlik Timur Tajimovni mag‘lub etdi (5:0), keyingi bosqichda eronlik Sajjad Kazimzodadan ustun kedib (5:0), yarim finalga chiqdi.

-75 kg vazn toifasi

Isroil Madrimov final ostonasida filippinlik Marsiyal Eymir Feliksga qarshi jang qiladi.

Yosh bo‘lishiga qaramasdan, Feliks bir qator natijalar qayd etgan. Xususan, 2013 yili Osiyoning eng yaxshi yosh bokschisi bo‘lgan, 2015 yili Bangkokda o‘tkazilgan Osiyo chempionatining kumush medali sovrindori bo‘lgan, 2017 yili Toshkent mezbonligidagi Osiyo chempionatida 5-o‘rinni egallagan. U 2015 yili Dohada o‘tkazilgan jahon chempionati ishtirokchisi, 2015 yili Singapurda, 2017 yili Kuala-Lumpurda o‘tkazilgan Janubiy-Sharqiy osiyo o‘yinlarida g‘olib chiqqan.

Madrimov ilk jangda mo‘g‘ulistonlik Davasuren Davaanyamni mag‘lub etgan (5:0), chorak finalda eronlik Sayidshahin Musaviy ustidan ishonchli g‘alabaga erishgan (5:0).

Feliks nimchorak finalda Makao vakili Kuok Sunni birinchi raunddayoq texnik nokaut holatiga tushirgan, chorak finalda esa janubiy koreyalik raqibi Kim Jinjyeaga imkoniyat qoldirmagan (5:0).

Qayd etish kerakki, Marsial 2017 yili Toshkentda o‘tkazilgan Osiyo chempionati chorak finalida aynan Madrimovga yutqazgandi.  

O‘zbekistonlik sportchilar Osiyodagi gegemonlikni yana bir bor namoyish etish uchun bu raqiblarning barchasidan o‘tish talab etiladi. Osiyoda O‘zbekiston bilan gegemonlik uchun talashadigan qozog‘istonlik bokschilarning faqat ikki nafari yarim finalga yetib kelgan. Bular -69 kg vazn toifasidagi Aslanbek Shimbergenov va -75 kg vazn toifasidagi Abilxon Amankuldir.

-49 kg vazn toifasidagi Temirtas Jussupov chorak finalda filippinlik Paalam Karlodan yengilgan. 

-52 kg vazn toifasidagi Azat Mexmetov saralashdan va nimchorak finaldan muvaffaqiyatli o‘tgan, ammo chorak finalda filippinlik Ladon Rogenga yutqazgan. 

-56 kg vazn toifasidagi Kayrat Yeraliyev (2017 yili Toshkentda o‘tkazilgan Osiyo chempionati bronza medali sohibi, shu yili Hamburgda o‘tkazilgan jahon chempionati g‘olibi) nimchorak finaldayoq tailandlik Budte Chatchayiga yutqazgan.

-60 kg vazn toifasidagi Samatali To‘ltayev nimchorak finaldan o‘tib, chorak finalda xitoylik Shan Jundan mag‘lub bo‘lgan.

-64 kg vazn toifasidagi Bekdaulet Ibragimov chorak finalda tailandlik Masuk Vuttchayga yutqazib, turnirni tark etgan.

-69 kg vazn toifasidagi Aslanbek Shimbergenov yarim final jangini iordaniyalik Eshash Ziyodga qarshi o‘tkazadi. Agar u va O‘zbekistonning shu vazn toifasidagi vakili Bobousmon Baturov o‘z janglarida g‘alaba qozonishsa, finalda o‘zaro to‘qnash kelishadi.

-75 kg vazn toifasidagi Abilxon Amankul yarim finalda hindistonlik Vikash Krishanga qarshi o‘tkazadi. Bu ikki bokschi ham ancha kuchli hisoblanishadi. Abilxan Amankul 2017 yili Toshkentda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida yarim finalda Isroil Madrimov bilan to‘qnash kelgan va yutqazib qo‘yib, bronza bilan kifoyalangandi. Ammo u o‘sha yilning avgustida Hamburgda kechgan jahon chempionatida finalgacha yetib borgan va kumush medal bilan taqdirlangan, Madrimov esa chorak finalda amerikalik Troy Aysliga yutqazgandi.

Vikash Krishan Yadav 2016 yilgi Rio Olimpiadasida o‘zbekistonlik Bektemir Meliqo‘ziyev bilan chorak finalda jang qilgan va yutqazgan. U Madrimovga ham yaxshi tanish. U 2016 yili Toshkentda o‘tkazilgan WSB (Butunjahon boks seriyasi) bo‘yicha boks kechasida Madrimovga qarshi chiqib, 0:3 hisobida yutqazgan. Shuningdek, 2017 yilgi Osiyo chempionatida ishtirok etib, yarim finalda janubiy koreyalik Dongyun Li yutqazib, bronza medal bilan kifoyalangan, Dongyun Lini finalda Madrimov taslim etgan.

Aytish joizki, o‘zbekistonlik bokschilar yarim finaldan yo‘qotishlarsiz o‘tsa ham, finalda ularga qozog‘istonliklardan tashqari, filippinlik va tailandlik kuchli raqiblar ro‘baro‘ bo‘lishi mumkin. 

Agar o‘zbekistonlik bokschilar finalda ham muvaffaqiyatlarga erishishsa, O‘zbekiston delegatsiyasini umumiy reytingda Erondan yuqoriga, beshinchi o‘ringa olib chiqishlari mumkin.

Mavzuga oid
Top