Sport | 15:12 / 01.09.2018
16927
6 daqiqa o‘qiladi

2018 yil yozining eng muhim 10ta transferi

Yevropaning yetakchi chempionatlarida transfer oynasi qishgacha yopildi. Rossiyaning Championat.com sayti jurnalisti Anatoliy Romanov yozning eng muhim 10ta transferini ajratib oldi.

10. Aleksandr Golovin (TsSKA - «Monako»)

TsSKA yarimhimoyachisi Aleksandr Golovin 30 million yevro evaziga «Monako» klubiga o‘tdi. Natijada, bu transfer bir yo‘la ikkita rekordni yangiladi: u TsSKA klubi tarixidagi va rossiyalik futbolchilar orasidagi eng qimmat transfer bo‘ldi. Golovin jahon chempionatida o‘zini yorqin namoyon eta oldi. U Rossiya terma jamoasining kelajagi sifatida ko‘rilmoqda. 

9. Kvinsi Promes («Spartak» - «Sevilya»)

Rossiya chempionatining eng yaxshi to‘purari «Spartak» klubini tark etib, 21 million yevro evaziga «Sevilya»ga o‘tdi. Bu kutilmagan transfer bo‘ldi. Hech kim «Spartak» klubining o‘z yetakchisini qo‘yib yuborishiga ishonmagan edi. Ammo, jamoada Chempionlar Ligasi guruh bosqichiga chiqa olmaganlik natijasida, moliyaviy feyr-pley bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘ldi. Natijada, eng yaxshi o‘yinchilaridan biri sotib yuborildi.

8. Kepa Arrisabalaga («Atletik» - «Chelsi»)

«Chelsi» klubi «Atletik» posboni Kepa Arrisabalaga uchun 80 million yevro to‘ladi. Natijada, 23 yoshli ispaniyalik tarixdagi eng qimmat darvozabonga aylandi. Nomi chiqmagan futbolchi uchun bunchalik katta pul to‘lanishi hammani hayron qoldirdi. Kepa «Chelsi» tarkibida APLning dastlabki uchta o‘yinida maydonga tushib, 3ta gol o‘tkazib yuborgan.

7. Tibo Kurtua («Chelsi» - «Real»)

«Chelsi» klubining yetakchi darvozaboni Tibo Kurtua Madridga, oilasi davrasiga qaytishni juda xohladi va shartnomani uzaytirishdan bosh tortdi. Bundan tashqari, belgiyalik futbolchi mashg‘ulotlarga kelmay qo‘ydi va turli uslublarda norozilik bildira boshladi. Natijada, «Chelsi» uni 35 million yevro evaziga «Real»ga sotishga majbur bo‘ldi. Endi u Madridda Chempionlar Ligasi o‘tgan mavsumining eng yaxshi darvozaboni Keylor Navas bilan raqobatlashadi.

6. Alisson Beker («Roma» - «Liverpul»)

«Roma» darvozaboni Alisson 70 million yevro evaziga «Liverpul»ga o‘tdi va qisqa vaqt bo‘lsa-da, dunyoning eng qimmat posboniga aylandi. Bir necha haftadan so‘ng, uning rekordini Kepa yangiladi. Biroq, braziliyalik hozircha APLda eng ishonchli darvozabon bo‘lib turibdi. Dastlabki uchta o‘yinda u birorta gol o‘tkazib yubormagan.

5. Janluiji Buffon («Yuventus» - «PSJ»)

«Yuventus»da 17 mavsumni o‘tkazgan darvozabon Janluiji Buffon «PSJ» bilan shartnoma imzoladi. 40 yoshli posbon erkin agent maqomida parijliklar safiga bepul qo‘shildi. U hamon Chempionlar Ligasida g‘alaba qozonishni orzu qilmoqda va «PSJ» bilan buni uddalashi mumkin. 

4. Leonardo Bonuchchi va Gonsalo Iguain («Milan» va «Yuventus» o‘rtasidagi almashuv)

O‘tgan yili «Milan» safiga qo‘shilgan himoyachi Leonardo Bonuchchi «Yuventus»ga qaytishni xohladi. Tomonlar bu transferni o‘ziga xos tarzda amalga oshirdilar. «Yuventus» sobiq futbolchisi uchun himoyachi Mattia Kaldarani qo‘shib berdi. Bundan tashqari, hujumchi Gonsalo Iguainni 18 million yevro evaziga ijaraga berdi. «Milan» uni mavsum oxirida 36 million yevro evaziga sotib olishi shart.

3. Riyoz Mahrez («Lester» - «Manchester Siti»)

«Lester»ning jazoirlik futbolchisi yanvar oyida «Manchester Siti»ga o‘tishi mumkin edi. Ammo, «tulkilar» futbolchini sotishni istamadilar. Yozda esa «Manchester Siti» uning transferi uchun 67,8 million yevro to‘lashga rozi bo‘ldi. Natijada, bu xarid eng qimmat yozgi transferlar ro‘yxatida 4-o‘rinni egalladi. Mahrez yangi jamoada o‘zini namoyon eta oladimi yoki yo‘qmi - buni vaqt ko‘rsatadi.

2. Toma Lemar («Monako» - «Atletiko»)

Lemar transferi eng qimmat xaridlar ro‘yxatida uchinchi bo‘ldi. Madrid klubi Fransiya terma jamoasi yarimhimoyachisi uchun 70 million yevro to‘ladi. Aytishlaricha, aynan shu transfer tufayli Antuan Grizmann «Barselona»ga o‘tish niyatidan qaytgan. U Lemar bilan jamoa Chempionlar Ligasida g‘olib chiqishi mumkinligiga ishonmoqda. 22 yoshli futbolchi yangi klubida Superkubok va Primera doirasida uchta o‘yin o‘tkazdi, ammo, hozircha sermahsul harakatlarni amalga oshirmadi.

1. Krishtianu Ronaldu («Real» - «Yuventus»)

«Oltin to‘p»ning amaldagi sohibi yozda transfer rekordini o‘rnatdi. «Yuventus» futbolchi uchun 112 million yevro to‘ladi. Ronalduning 33 yosh ekanini hisobga oladigan bo‘lsak, bu juda qimmat tuyulishi mumkin. Bu yoshdagi futbolchi uchun avvalroq ko‘pi bilan 42 million yevro to‘langan («Milan» klubi Bonuchchi uchun «Yuventus»ga shuncha bergan). Ammo, shifokorlar tibbiy ko‘rikdan so‘ng, Ronalduning tanasi 20 yoshli yigitchadek ekanini e'lon qilishdi.

Hozircha portugaliyalik «Yuventus» tarkibida 2ta o‘yinda maydonga tushdi, ammo hali gol urolmadi.

Mavzuga oid