O‘tgan mavsumda Fabregas «Monako» tarkibida edi va o‘zining ta’biri bilan aytganda «nafaqat faoliyatidagi eng yomon mavsumni, balki hayotidagi eng yomon yilni» o‘tkazdi. 

Hamma 35 yoshli futbolchining faoliyatini yakunlashini kutgan bir paytda, u nufuzi jihatidan ikkinchi o‘rinda turuvchi Italiya ligasida o‘ynashga kuch topa oldi. 

GOAL nashri Fabregas tanlovini «g‘alati» deb topdi va futbol tarixidagi boshqa kutilmagan transferlarni sanab o‘tdi. 

Foto: Getty Images

Bebe: «Vitoriya» - «Manchester Yunayted»  

2010 yil avgust oyida «Manchester Yunayted» Portugaliyaning «Vitoriya de Gimaraynsh» klubidan 20 yoshli futbolchini 7,2 million funtga (9,4 million dollarga) sotib oldi. 

Bu chinakam g‘alati kelishuv edi. «Qizil iblislar» bosh murabbiyi Aleks Fergyuson hujumchining o‘yinini hech qachon ko‘rmaganini, uni sobiq yordamchisi Karlush Keyrushning maslahati bilan xarid qilganini aytdi. 

Portugaliya politsiyasi kelishuv bo‘yicha tekshiruvni ham o‘tkazdi. Aniqlanishicha, Bebening agenti Jorjye Mendesh transfer qiymatining 40 foizini (2,9 million funt sterling / 3,8 million dollar) «cho‘ntagiga urgan». Biroq, yakunda hech kimga ayblov e’lon qilinmadi. 

Bebe «Manchester Yunayted»dagi to‘rt mavsumning uchtasini ijarada o‘tkazdi. Premer-Liga doirasida atigi 2 ta o‘yinda maydonga tushdi. 2014 yilda «Benfika»ga o‘tib ketdi. 

Foto: Getty Images

Kevin-Prins Boateng: «Sassuolo» - «Barselona» 

2019 yil yanvarida «Barselona» zaxira hujumchisini izlay boshladi. Kataloniyaliklarning nazari «Milan»ning sobiq hujumchisi, «Sassuolo»da o‘ynayotgan 31 yoshli Kevin-Prins Boatengga tushdi. Futbolchi yozda 8 million yevroga to‘liq sotib olish sharti bilan ijaraga olindi. 

Boateng 2018/19 mavsumining birinchi yarmida «aldamchi to‘qqizlik» nuqtasida o‘ynagan edi. «Barselona»ga o‘tib, atigi 4 ta o‘yinda maydonga tushdi. Mavsum oxirida esa «Fiorentina»ga o‘tdi.