13:43 / 07.09.2018
60743

Buxoroda fuqaro IIB maxsus mashinasida vafot etdi. Bosh prokuratura rasmiy ma'lumot berdi

Foto: KUN.UZ

Buxoro viloyat prokuraturasi tomonidan fuqaro Sh.Sirojyev Vobkent tuman IIB navbatchilik qismi maxsus avtomashinasida to‘satdan vafot etganligi holati yuzasidan 17.08.2018 yilda viloyat prokurorining birinchi o‘rinbosari tomonidan JKning 206-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Kun.uz’ga Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Sh.Sirojyevning o‘lim sababini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiy ekspertizasi tayinlanib, sud tibbiy ekspertning birlamchi ma'lumotiga ko‘ra, Sh.Sirojyevning o‘limi tilning orqaga ketishi oqibatida yuqori nafas yo‘llarining berkilishidan kelib chiqqan mexanik asfiksiya natijasida yuzaga kelganligi aniqlangan.

Qayd etilishicha, ish yuzasidan sud tibbiy, biologiya, kriminalistika, trasologiya va boshqa qator sudga oid ekspertizalari tayinlangan.

Vobkent tuman IIB xodimlarining harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan.

Xozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari viloyat prokuraturasining o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan olib borilmoqda.

Top