11:42 / 13.09.2018
6956

Banklar endilikda bankrot korxonalarni sotib olmaydi 

Foto: KUN.UZ

MBning banklar faoliyatini tartibga soluvchi bir qator hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritildi, deb yozmoqda Norma.
  
Ilgari boshqa shaxsga kafolat berish bosh bankning kredit qo‘mitasi tomonidan ko‘rib chiqilgan va boshqaruv raisining imzosi bilan rasmiylashtirilgan. Filiallarga kafolat berish taqiqlangan edi.

Tijorat banklari tomonidan bank kafolatlarini berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlarga muvofiq endilikda kredit qo‘mitasi rozilik bergandan so‘ng va kredit siyosatida ko‘rsatilgan kafolat berishning limitlari doirasida filiallarga ham kafolat berishga ruxsat etildi.
 
Berilgan kafolatlarning to‘g‘ri yuritilishi uchun javobgarlik boshqaruv raisi zimmasiga yuklatildi, ularning o‘zi esa «Davlat belgisi» DIChBning himoyalangan blanklarida rasmiylashtiriladi.
  
Bankka aloqador bo‘lgan shaxslar bilan tuziladigan bitimlar to‘g‘risidagi nizomga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.
 
Birinchidan, bankka aloqador bo‘lgan shaxslarga to‘g‘ri keluvchi tavakkalchilikning eng yuqori darajasini hisoblashda endilikda bankka aloqador bo‘lgan shaxsning kreditlovchi bankda depozitlar bilan ta'minlangan kreditlari hisobga olinmaydi.   
 
Eslatib o‘tamiz, bank bilan aloqador shaxslarning ro‘yxati «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi qonunning 26-moddasida keltirilgan. Bankka aloqador bo‘lgan bitta shaxsga to‘g‘ri keluvchi tavakkalchilikning eng yuqori darajasi esa bank birinchi darajali kapitalining 25%idan oshmasligi lozim (umuman olganda barcha aloqador shaxslarga – 100%). 
 
Ikkinchidan, bank bilan aloqador shaxslarni moliyalashtirishda kreditlar ta'minotiga qo‘yiladigan talablar quyidagicha pasaytirildi:

• ta'minot sifatida milliy valyutada depozit qo‘yilganda – kredit summasining kamida 100%i;
• ta'minot sifatida xorijiy valyutada depozit qo‘yilganda – kredit summasining kamida 105%i;
• ta'minot sifatida davlat qimmatli qog‘ozlari qo‘yilganda – kredit summasining kamida 125%i;
• ta'minotning boshqa turlari qo‘yilganda – kredit summasining kamida 130%i.

Eslatib o‘tamiz, ilgari depozitlar kreditni 130% ta'minlashi kerak bo‘lgan.
 
Banklar uchun ilgari amal qilgan qimmatli qog‘ozlarni sotib olish (davlatnikidan tashqari), yuridik shaxslarning ustav kapitalida ulushli ishtirok etish, shuningdek ular bilan munosabatlardagi tavakkalchiliklar bo‘yicha cheklovlar qayta tiklandi.
 
Eslatib o‘tamiz, prezidentning 18.11.2008 yildagi PF–4053-son va 2017 yil 20 apreldagi PF–5022-son farmonlari hamda prezidentning 19.11.2008 yildagi F–4010-son farmoyishiga muvofiq iqtisodiy nochor korxonalar ularning faoliyatini qayta tiklash uchun banklarga sotilgan edi. Bu amaliyot to‘xtatildi. Tegishli o‘zgartirishlar Tijorat banklari tomonidan qimmatli qog‘ozlar bilan o‘tkaziladigan operatsiyalarga va ularning boshqa korxonalar ustav kapitalida qatnashishiga  qo‘yiladigan  talablar  to‘g‘risidagi nizomga va Bir qarzdor yoki o‘zaro daxldor bo‘lgan qarzdorlar guruhiga to‘g‘ri keluvchi tavakkalchilikning eng yuqori darajasi to‘g‘risida nizomga kiritildi.

O‘zgartirish va qo‘shimchalar 6.09.2018 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid
Top