20:00 / 18.09.2018
4541

Xotin-qizlar qo‘mitalari huzurida zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan ayollarni reabilitatsiya qilish markazlari tashkil etilmoqda

Respublika bo‘ylab O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining hududiy bo‘linmalari huzurida 130dan ortiq Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish markazlari tashkil etildi.

Ushbu markazlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish, shuningdek, oilaviy-maishiy zo‘rlik ishlatishning oldini olish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qaroriga muvofiq tashkil qilindi.

Unda xalqaro tajribalarga tayangan holda zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarga manzilli, o‘z vaqtida yordam ko‘rsatish va ularni himoya qilish, o‘z joniga qasd qilishga moyil xulq-atvor paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik va uning oldini olish kabi ishlar amalga oshiriladi.

Qarorga muvofiq, Xotin-qizlar qo‘mitasi tizimida zo‘ravonlik qurboniga aylangan ayollar uchun shoshilinch ruhiy, psixoterapevtik, huquqiy yordam ko‘rsatish, zarurat bo‘lganda, ularga qo‘shimcha yordam ko‘rsatish ishlarini tashkil etish uchun mo‘ljallangan respublika doirasida yagona qisqa raqamli «1146» «ishonch telefoni» ishga tushirildi. Bunda murojaatchi istagiga ko‘ra, uning shaxsi va murojaati sir saqlanishi kafolatlanadi. 

Xotin-qizlar qo‘mitasi kelgusida mazkur markazlar qoshida Kovorking markazlarni tashkil etishni xam ko‘zda tutmoqda. Unda og‘ir vaziyatga tushib qolgan ayollarni kasbga o‘qitish hamda ularning bandligini ta'minlash ishlari ham amalga oshiriladi. 

Hududiy markazlarga metodik yordam ko‘rsatish, ularning faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida Respublika markazi ham tashkil etildi va Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazildi.

 

Top