23:04 / 25.09.2018
14277
O‘zbekistonda 2 500 ga yaqin bola bepul ta'lim va tibbiy xizmatlar huquqidan mahrum

FHDYo organlarida tizimli tekshirish natijasida mamlakatimizda, asosan chekka hududlar aholi punktlarida, turli sabablar hamda huquqiy bilimlari yetarli darajada bo‘lmaganligi uchun, ota-onalar tomonidan  farzandlarini o‘z vaqtida ro‘yxatdan o‘tkazmaganligi va tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalarni olmaganliklari aniqlandi. Davlat xizmatlari Agentligi matbuot xizmati shu haqidagi xabari bilan bo‘lishdi. 

Mazkur muammoni bartaraf etish maqsadida, mamlakatimiz rahbari tomonidan joriy yilning iyun oyida tegishli qaror imzolandi. Unga ko‘ra, hokimiyat, xotin-qizlar, FHDYo, xalq va maktabgacha ta'lim bo‘limlari, tuman tibbiyot birlashmalari hamda boshqa manfaatdor organlarning vakillaridan iborat maxsus ishchi guruh shakllantirilishi belgilandi. 

Ishchi guruhlar bilan birgalikda joylardagi Davlat xizmatlari markazlari xodimlari har bir mahallada uyma-uy yurishibdi. Bugungi kungacha, ular qariyb 48 000 ga yaqin oilani o‘rganishdi. Uyma-uy yurish natijasida 2 457 nafar ro‘yxatdan o‘tmagan bola hamda 1 053 ta qayd etilmagan nikoh bilan yashab kelgan oila aniqlandi. 

Tasavvur qiling, 2 500 ga yaqin bola respublikamizning Konstitutsiyasi va qonunlarida belgilangan o‘z haq-huquqlaridan to‘liqligicha foydalanish imkoniyatiga ega emas! Ular bepul ta'lim va tibbiy yordam kabi muhim huquqlardan mahrum.

Dam olish kunlarida chekka hududlarning aholisi uchun mobil davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda. Aynan mobil davlat xizmatlari ko‘rsatilishi natijasida fuqarolarimizga bugungi kungacha 2 mingga yaqin huquq belgilovchi hujjatlar topshirildi. Ularning 90 %dan ortig‘ini — tug‘ilganlik hamda nikoh to‘g‘risidagi guvohnomlar tashkil etdi. 

"Hurmatli fuqarolar! 2019 yilning 1 iyuliga qadar Davlat xizmatlari agentligi tomonidan guvohnomasi bo‘lmagan bolalarni aniqlash va keyinchalik ularga mazkur hujjatni berish  maqsadida O‘zbekiston bo‘ylab tadbirlar o‘tkazilyapti. Axir aynan shu hujjat bolani u yoki bu davlat fuqaroligiga mansub ekanligini tasdiqlaydi. 

Biz «Birorta ham bola qayd etilmasdan qolishi mumkin emas» va «Tug‘ilganlikni qayd etilishi — bola huquqlarini ro‘yobga chiqarilishining va fuqarolik bo‘lmasligining oldini olishning huquqiy asosidir» degan ezgu g‘oyalarga amal qilamiz. 

Agar Siz yoki Sizning yaqinlaringiz yoxud tanishlaringiz bunday muammoga duch kelgan bo‘lsa, Davlat xizmatlari agentligining 1148 ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilishingizni iltimos qilamiz.

Eslatib o‘tamiz, mazkur xizmatlar bepul ko‘rsatiladi. Siz faqat gerb yig‘imi uchun eng kam oylik ish haqining 15 % miqdorida to‘lov to‘lashingiz kerak bo‘ladi. Hozirda bu 27 645 so‘mni tashkil etadi", deyiladi manbada.

Ma'lumot uchun: Gerb yig‘imi davlat hujjatlarida ishlatiladigan, davlat gerbi ifodalangan maxsus qog‘oz ishlatilgani uchun undiriladi.

Top