18:15 / 26.09.2018
35915

Valyuta zaxirasini qayerda va qanday saqlash kerak?

Buyuk Britaniya poytaxti London shahrida joylashgan Pimco investitsiyalarni boshqarish kompaniyasi​ ​ijrochi vitse-prezidenti, o‘zbekistonlik Berdibek Axmedov xalqaro obligatsiya va valyuta portfellari bo‘yicha o‘z bilimlarini Kun.uz bilan o‘rtoqlashib, valyuta zaxira​larini saqlash va boshqarishning turli uslublari​ haqida ma'lumot berdi.   

«Jahondagi yetakchi, rivojlangan va rivojlanib kelayotgan davlatlarda valyuta zaxira​larini saqlash va boshqarishning turli uslublari haqida o‘z fikrimizni bildirmoqchimiz. Zaxira​larni boshqarishda ularning qiymatini saqlash va likvidligini ta'minlash eng ustuvor talab ekanligini ham nazarda tutamiz. Umid qilamizki, bizning o‘z tajriba va bilimlarimizga asoslangan fikrlarimiz vatanimizning valyuta zaxira​larini saqlash va boshqarish uchun foydali bo‘ladi. Avvaldan ta'kidlash muhimki, bu maqola orqali biz o‘zimiz faoliyat yuritayotgan tashkilotlarni tamsil etmaymiz»​, deb yozadi Axmedov.

Berdibek Axmedov

1) Valyuta zaxira​larini chet el tijorat banklarida muddatli omonat tarzida saqlash;

Bu uslub eng oddiy, eng kam harakat talab qiladigan omonat saqlash turi hisoblanadi. Uning asosiy afzalliklari - chet el tijorat banklarida hisob raqami ochishning osonligi va istalgan vaqtda mablag‘larni foydalanishga tayyorligida, ya'ni likvidligidir. Ammo, bu uslub dunyoda valyuta zaxira​larini saqlash va boshqarishning eng kam ishlatiladigan yo‘li hisoblanadi. Buning ikkita asosiy sababi bor.

Birinchidan, omonatlar muayyan tijorat bankning yoki banklarning kredit riskidan xoli emasligi.

Bu risk 2008-2009 yillarda yuz bergan jahon moliyaviy inqirozi va 2011-2012 yillardagi Yevropa Ittifoqida moliyaviy va suveren inqirozi paytida yaqqol namoyon bo‘ldi. Banklarning moliyaviy sog‘ligiga putur yetishi (bank aktivlarining narxi pasayib ketib, muassasa mijozlari oldida qarzlarini yopa olmaganliklari va banklarning kapitali bozorlaridan mablag‘ olish stavkalari keskin oshishi) oqibatida ularning ba'zilari bankrotlik darajasiga yaqin kelib qoldi.

Buning oqibatida, Xalqaro valyuta jamg‘armasi ma'lumotiga ko‘ra, 2006 yildan 2018 yilgacha butun dunyo bo‘yicha markaziy bank umumiy valyuta zaxira​larini tijorat banklaridagi omonati ulushi 15 foizdan 3 foizga tushdi. Ya'ni, hozirgi kunda, umumiy zaxira​larning faqat 3 foizi tijorat banklarida muddatli omonatlarda saqlanadi.

Foto: Shutterstock

Yana ta'kidlab o‘tishimiz shartki, yevro valyutasi zonasi mamlakatlarida birorta tijorat bank bankrotga uchrasa, bunda omonat mablag‘lari ham bankning kreditorlari oldidagi qarzlarini to‘lashga ishlatishi mumkin. Bunday qoida 2012-2013 yilda Kiprda ro‘y bergan moliyaviy inqiroz va bank bankrotliklaridan keyin yo‘lga qo‘yildi. Buning ortidan Yevropa banklarida omonatlarning kredit riski yanada oshdi.

Ikkinchidan, bank omonatining boshqa boshqarish turlariga nisbatan sezilarli darajada pastroq daromadli ekani ham risk hisoblanadi.

Masalan, hozirgi kunda AQSh markaziy bankining asosiy foiz stavkasi 2 foiz atrofida bo‘lsa (bir yillik muddatga), tijorat banklarida katta summadagi omonatlarga bor yo‘g‘i 0,5-0,7 foiz darajasida (bir yil muddatga) daromad beriladi. Buning sababi - 2008 yildagi jahon moliyaviy inqirozidan keyin chiqarilgan yangi qoidalarga ko‘ra, tijorat banklari omonat mablag‘larini faqat yuqori kredit reytingdagi suveren qarz yoki obligatsiya instrumentlariga yo‘naltirishi mumkin. Bunday suveren instrumentlar hozirgi kunda 2-2,5 foiz atrofida daromadga ega, ammo bundan banklar o‘zlariga ham ulush olib qoladi va mijozlariga ancha past foiz taklif qiladi.

2) Mablag‘larni kredit-risk jihatdan yuqori sifatli (yuqori kredit reytingli suveren yoki suverenga yaqin emitent tarafidan chiqargan) va qisqa muddatli (1 yilgacha) pul bozori instrumentlari yoki obligatsiyalar portfelida boshqarish;

Bu eng ko‘p tarqalgan boshqarish uslubi hisoblanadi. Buning afzalliklaridan biri shuki, bank omonatlariga qaraganda kredit riskning pastligi va sezilarli darajada daromadning yuqoriligidadir. Bundan tashqari, bunday instrumentlarni sotib olish va sotish narxlari orasida farq juda kam va ularni tezlik bilan (bir kun ichida) katta summada sotib olish va sotish mumkin.

Masalan, AQSh dollarida saqlanadigan rezervlar uchun, AQSh davlat xazinasi (US Treasury) emissiya qilgan 3, 6 va 12 oy muddatli qarz instrumentlaridan portfel tuzish mumkin. Bu qarz instrumentlarini ingliz tilida «US Treasury bills» deb atashadi. 2 yil muddatga chiqarilgan obligatsiya esa «US Treasury bond» deb ataladi. Bu instrumentlarning qiymati AQSh hukumati tomonidan kafolatlanadi. Shuning uchun, bu instrumentlar AQSh dollaridagi zaxira​larni saqlashda kredit xatari jihatidan «xavfdan xoli» yoki «risk free» hisoblanadi. Aynan shuning uchun bu instrumentlar jahon bo‘yicha AQSh dollaridagi zaxira​larni saqlashning eng ko‘p ishlatiladigan yo‘li hisoblanadi.

Foto: Wikipedia

Hozirgi kunda bunday instrumentlar daromad qiymatlari foizi quyidagicha:

3 oylik muddatga («3 month t-bill»): 2.09%
6 oylik muddatga («6 month t-bil»): 2.25%
12 oylik muddatga («12 month t-bill»): 2.44%.
2 yillik muddatga («2 year treasury bond»): 2.67%

Ko‘rib turganingizdek, hozirgi kunda bu foiz stavkalari tijorat banklaridagi omonat stavkalaridan ancha baland qiymatda.

Ta'kidlab aytishimiz lozim, bu instrumentlarning foiz stavkalari har doim bir xil darajada turmaydi. Ular AQSh Markaziy bankining («Federal Reserve» bankining) monetar siyosati va uning asosiy foiz stavkasiga bog‘liq holda o‘zgarib turadi. Keyingi bir necha oy mobaynida AQShda ushbu foiz stavkalar 3 foizgacha ko‘tarilishi kutilmoqda. Eslatib o‘tamiz, to‘rt yil oldin u bank foiz stavkasini 0.25 foizda ushlab turganida, obligatsiyalarning ham foiz stavkasi juda pasayib ketgan edi.

AQSh yana boshqa muddatli obligatsiyalar ham chiqaradi, masalan 3, 5 va 10 yillik muddatdagi obligatsiyalar ham mavjud, ammo bularning foiz stavkalariga bo‘lgan katta xavfi bor. Ya'ni, foiz stavkalari oshsa, ularning narxi keskin tushib ketishi mumkin. Shu sababli ko‘pchilik markaziy banklar 3 oydan 2 yilgacha bo‘lgan muddatdagi instrumentlarni ishlatishadi. Bu qisqa muddatli obligatsiyalarda foiz stavkalarining oshishiga bo‘lgan xavfi ancha past.

Boshqa valyutadagi zaxira​lar uchun, masalan evro uchun ham Germaniya, Fransiya yoki yevro zonasi davlatlari chiqargan obligatsiyalardan portfel qurish mumkin.

3) Zaxiralarni boshqarishning boshqa uslublari;

Deyarli barcha yetakchi va rivojlanayotgan davlatlar o‘z valyuta zaxira​larida oltin metallni ham ushlab turishadi. Buning sababi shundaki, ming yillardan beri oltin butun dunyo bo‘yicha o‘z qadrini yo‘qotmagan holda turibdi va u hamon qadrlanadi. Hatto AQSh dollari, Yaponiya iyenasi inflyatsiyaga uchraganda, valyutalar oltinga nisbatan o‘z qiymatini yo‘qotadi, lekin oltin uzoq muddatda o‘z qadrini ushlab turadi. Oltin deyarli hamma tarafdan zaxira​lar portfelida strategik ravishda ishlatiladi.

Foto: DPA

Ba'zi bir markaziy banklari o‘z zaxira​lari o‘sishi ortidan, o‘z portfellarini faqat yuqori kredit reytingli va qisqa muddatli obligatsiyalarga emas, balki daromadini ko‘paytirish uchun nodavlat korporatsiyalar tarafidan chiqarilgan obligatsiyalardan ham portfel qurishadi. Ba'zilari esa aksiya portfellari ham qurishadi. Bunday uslublarning bozor xatarli juda katta bo‘ladi. Bunday uslublarni keyinchalik keng va chuqur ravishda o‘rganib chiqib, kerak bo‘lsa shularni ham joriy qilsa bo‘ladi.

Top