O‘zbekiston | 12:42 / 19.12.2020
4718
4 daqiqa o‘qiladi

«Valutani tartibga solish to‘g‘risida»gi va «Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida»gi qonunlarga o‘zgartishlar kiritilmoqda

Senatning o‘ninchi yalpi majlisida “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.

Mazkur Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining “Valutani tartibga solish to‘g‘risida”gi va “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartishlar kiritilmoqda. Jumladan, “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi Qonunda davlat-xususiy sheriklik loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq tushunchalarga to‘liq va aniq izoh berilmagan edi. Bu amaliyotda huquqiy normalarni qo‘llashda ayrim tushunmovchiliklarga sabab bo‘layotgan edi.

Amaldagi Qonunda tender boshlanishidan bir oy oldin ommaviy axborot vositalarida, davlat organi veb-saytlarida e'lon qilinib, manfaatdor shaxslar doirasini aniqlash jarayoni nazarda tutilgan. Malaka hujjatlari faqatgina e'lon muddati tugagandan keyin qiziqish bildirganlarga yuborilishi belgilangan. Aynan shu holat tender jarayonini aksariyat hollarda bir oyga kechiktirilishiga sabab bo‘layotgandi.

Endilikda Qonunga ichki amaliyot va xalqaro tajribadan kelib chiqib, “konsessiya”, “maxsus loyihalashtirish kompaniyasi” va “talabgor” degan yangi tushunchalar kiritilib, ularga tasnif berilmoqda. Bozorning ishlash mexanizmlariga monand qoidalarini belgilash maqsadida Qonunda ishlatiladigan boshqa asosiy tushunchalarga aniqlik kiritilmoqda.

Senatorlar e'tibor qaratganidek, ko‘rib chiqilayotgan o‘zgartishlarda tender o‘tkazish jarayonini tezlashtirish uchun e'lon berish bilan bir vaqtda tender hujjatlarini ham taqdim qilish belgilanmoqda.

Shuningdek, xususiy sherik huquqlarining kafolatlash normasi aniqlashtirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining keyingi qonun hujjatlari davlat-xususiy sheriklik obektiga investitsiya kiritish shartlarini yomonlashtirsa, xususiy sherik davlat-xususiy sheriklik obektidan erkin foydalanish uchun to‘lov va (yoki) foydalanganlik uchun to‘lov kompensatsiyalovchi tarzda oshirilishini, qolaversa, davlat sherigidan bir martalik kompensatsiya to‘lovini va (yoki) davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimga tegishli o‘zgartish va (yoki) qo‘shimchalar kiritilishini talab qilishga haqli, deb belgilanmoqda.

Bundan tashqari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimi doirasida o‘z ixtiyorlaridagi obektlarni aniqlash, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini, shu jumladan, chet el investorlari ishtirokidagi loyihalarini o‘z vaqtida va samarali amalga oshirishga to‘sqinlik qiluvchi omillarni va mavjud muammolarni aniqlash, ularni hal etish bo‘yicha choralar ko‘rish vakolatlari berilmoqda.

Mazkur Qonunning hayotga tatbiq etilishi soha huquqiy asosini xalqaro amaliyotga moslaydi, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirishda yagona qoidalar hamda talablarning bajarilishini ta'minlaydi. Shuningdek, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarni rivojlantirish uchun Davlat budjetidan ajratiladigan sarf-xarajatlarning qisqarishiga, mamlakatning investitsiyaviy muhiti va jozibadorligi oshishiga, tarmoqlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jalb etilishiga va natijada yangi ish o‘rinlar yaratilishiga olib keladi

Qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi.

Mavzuga oid