Eng kamtarona hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekiston aholisi qo‘lida bir necha milliard dollar bor, deya hisoblaydi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktori Otabek Nazirov. "Biznes laboratoriyasi"ga bergan intervyusida Nazirov uning agentligi aholi tasarrufidagi mablag‘lar hajmini baholagani haqida so‘z yuritdi.
"Bugungi kunda aholi "yostig‘i ostidagi" naqd pul vositalari hajmi bir necha milliardlarga baholanmoqda, agar o‘nlab milliard (dollar) bo‘lmasa", - deydi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu pullarni ishga tushirish uchun moliyaviy jihozlarni rivojlantirish kerak. Shunda biznes investitsiya sifatida aholi mablag‘larini ham jalb qilishi mumkin bo‘ladi.
"Nima uchun bu pullar "yostiq ostida?.. Ular ishlashi uchun moliyaviy jihozlar, tushunarli qoidalarni rivojlantirish kerak. Mulkdorlar va aksiyadorlar huquqlarini himoya qilish va bahslarda g‘olib bo‘lish uchun adolatli sud tizimi bo‘lishi kerak", - dedi Nazirov.
Kun.uz mavzu dolzarbligidan kelib chiqib, "Sizning fikringiz" Telegram-kanalida ekspress so‘rovnoma o‘tkazdi. So‘rovnoma onlayn o‘tkazilgani bois ovoz beruvchilarning jinsi, yoshi va boshqa omillar inobatga olinmagan. Bundan tashqari, har bir savolga javob bergan respondentlar soni turlicha, ya'ni bir savolga 50 kishi javob bergan bo‘lsa, boshqasiga - 65 kishi va h.k.
"O‘z pullaringizni qaysi valutada saqlashni ma'qul ko‘rasiz?" degan savolga 313 kishi javob bergan. Shunisi qiziqki, respondentlarning 80 foizi o‘z mablag‘larini - AQSh dollarida, 15 foizi - so‘mda, 3 foizi - yevroda va 2 foizi boshqa valutada saqlaydi. So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, ovoz berganlar orasida o‘z mablag‘larini Rossiya rublida saqlaydiganlar yo‘q.
Ta'kidlash joizki, joriy yilning fevralida Markaziy Bank (MB) "O‘zbekiston Respublikasi aholisi va korxonalarining inflatsiya istiqbollari" mavzuidagi ma'ruzasini taqdim etdi. MB ma'lumotlariga ko‘ra, 2018 yilning to‘rtinchi choragida pullarni jamg‘arish bilan bog‘liq tanlov AQSh dollari foydasi hisobiga o‘zgargan. O‘z pullarini so‘mda saqlashni ma'qul ko‘ruvchilar ulushi 40 foizgacha qisqardi, AQSh dollarida saqlashni ma'qul ko‘ruvchilar ulushi esa 37 foizga oshdi.
Bundan tashqari, respondentlardan o‘z mablag‘larini qayerda saqlashni ma'qul ko‘rishlari haqida so‘ralgan. Bu savolga 344 kishi javob berdi. 84 foiz respondent o‘z mablag‘larini uyda saqlashni ma'qul ko‘rishini ma'lum qilgan. Afsuski, bor-yo‘g‘i 16 foiz ishtirokchi o‘z mablag‘larini banklarda saqlashini qayd etgan.
















