20:30 / 30.09.2018
10065

Virtual Singapur: Tarixdagi eng keng qamrovli raqamli loyiha ishga tushirildi

Foto: Pikabu

Singapur dunyoning texnologik jihatdan eng ilg‘or shaharlaridan biri hisoblanadi, kelajakda uning bu yo‘nalishdagi pozitsiyasi faqat mustahkamlanadi. Haydovchisiz va uchar avtomobillar kabi texnologiyaning so‘nggi yutuqlari sinovlaridan tashqari, hozirning o‘zida tarixdagi eng keng ko‘lamli "Virtual Singapur" 3D-loyihasi yo‘lga qo‘yilgan. Joriy yil oxirigacha davlat muassasalari, keyin esa barcha fuqarolar ushbu platformaga kirish imkoniga ega bo‘ladi. 

Noyob onlayn-platforma 53 million AQSh dollariga baholanmoqda va u katta ma'lumotlarga asoslangan. Virtual modelga butun shahar infratuzilmasi haqidagi juda ko‘p ma'lumotlar kiritilgan. Bu shaharning virtual nusxasidir.  

Test sinovning birinchi bosqichida davlat xizmatlari internetga ulangan qurilmalarda undan foydalanish imkoniga ega bo‘ladi. U binolar qurilishi va yo‘llar yotqizilishini rejalashtirish, favqulodda vaziyatlar bilan bog‘liq muammolarni hal qilish, terrorchi xavflarni bartaraf etish va boshqalar uchun qo‘llanadi. "Virtual Singapur" Smart Nation loyihasining bir qismi hisoblanadi. Smart Nation - fuqarolar turmush sifatini yaxshilash yo‘lida eng yangi texnologiyalarni tatbiq qilishga doir davlat dasturi. 

Biroq ekspertlarning yangi tizimga qator savollari bor. Tabiiyki, ba'zi ma'lumotlar anonim bo‘lishi kerak, lekin platforma ochiqligi bois yovuz niyatli kimsalar undan g‘arazli maqsadlarda foydalanish ehtimoli bor.

"Qanday ma'lumotlar ochiq va qandaylari yopiq bo‘lishi kerakligi ustida o‘ylab ko‘rish kerak. Zero agar platforma yetarlicha aniq bo‘lmasa, undan hech kim foydalanmaydi. Aksincha bo‘lsa, bu xavfli bo‘lishi mumkin. Masalan, uning yordamida uydan chiqmasdan binolar balandligi, maqsadgacha masofani tahlil qilish va snayper uchun aniq pozitsiyani topish mumkin. Shunday ekan, biz to‘g‘ri muvozanat topishimiz kerak", - deydi loyiha rahbari Jorj Lo. 

Mavzuga oid
Top