15:05 / 01.10.2018
29999

Infarktga uchramaslikning samarali usuli ma'lum qilindi 

Foto: Shutterstock

Yevropaning barcha rivojlangan davlatlaridagi o‘lim holatlarining 56 foizi yurak-tomir kasalliklariga to‘g‘ri keladi. 

Rossiyalik akademik Yuriy Belenkovning aytishicha, yurak-tomir kasalliklari “yosharmoqda”. Hozirgi kunda xatar guruhiga ota-onalari shunday kasalliklardan aziyat chekkan 40 yoshdan katta ayollar hamda 35 yoshdan katta erkaklar kiradi.  

Oxirgi yillarda bu kasalliklarni davolashda sezilarli yaxshilanish kuzatilmoqda. Misol uchun, Tsyurix oliy texnika maktabi xodimlari 3D-bosma yordamida to‘liq faoliyat yurituvchi sun'iy yurak yaratishgan. 

Biroq shunga qaramay, Belenkovning aytishicha, infarkt va yurak ishemik kasalligiga qarshi kurashda profilaktika eng samarali vosita bo‘lib qolmoqda.

“To‘g‘ri ovqatlanish, sport bilan shug‘ullanish va salomatlikni kuzatish: qon bosimi, puls chastotasi, xolestirin va qondagi shakar miqdorini muntazam kuzatib borish. Ha, bu zerikarli va og‘irdir, biroq bugungi kundagi eng samarali usuldir”, deb aytmoqda Belenkov.

Kuniga bor-yo‘g‘i 20 daqiqalik badantarbiya yurak, suyak va mushaklarni shikastlanishlardan saqlaydi hamda infarkt yoki insult avj olishining xavfini kamaytiradi, haftasiga ikki hovuch yong‘oq iste'mol qilish esa yurak-tomir kasalliklari rivojlanishi ehtimolini deyarli 25 foizga kamaytiradi. 

Germaniyalik va britaniyalik olimlarning yaqinda o‘tkazgan tadqiqotining ko‘rsatishicha, haftasiga 4 finjon qahva ichish yurak hujayralari faoliyati va miokard infraktidan keyin ularning tiklana olishiga ijobiy ta'sir qiladi hamda qand kasalligidan yordam beradi.  

Top