Har kuni ertalab Milliy bog‘ yashil nimchali ayollar bilan to‘ladi. Toshkentning turli tumanlaridan 50 dan 90 yoshgacha bo‘lgan ayollar bu yerga badantarbiya qilish uchun keladi. Ular orasida pedagogika fanlari doktori, Alifbe kitobi mualliflaridan biri Qumri Abdullayeva ham bor. Kun.uz “sportchi” ayollarga mikrofon tutdi. 

Toshkent shahrida joylashgan Milliy bog‘ga 2011 yildan beri yoshi 50 dan oshgan ayollar badantarbiya uchun chiqadi. Guruh "E’zozli ayollar" deb atalib, Xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusiga ko‘ra Shayxontohur tumanidagi Yangiobod mahallasi ayollari bilan tashkil qilingan. Guruh a’zolari bir necha yillardan beri gimnastrada musobaqalarida qatnashib, yuqori o‘rinlarni egallab keladi. Bu mashg‘ulotlar ularga qanday foyda berganini ayollarning o‘zlari gapirib berdi.

Bu yerda 90 yoshgacha bo‘lgan ayollar ham bor. Masalan, Qumri Abdullayeva, 90 yoshda. U Alifbe kitobi mualliflaridan biri va pedagogika fanlari doktori, professor. Qumri aya 90 yoshda har ertalab vaqtli uyg‘onib, badantarbiya qilish uchun kuch topib, Milliy bog‘ga keladi.

"Qishin-yozin, xoh qor, xoh yomg‘ir bo‘lsin, bizga farqi yo‘q 15 yildan beri har kuni kelamiz. Mashq qilsam, o‘zimni yengil his qilaman, ortiqcha yuk bo‘lmaydi, kayfiyat yaxshi bo‘ladi. Har kuni bu yerdagi ayollar bilan ko‘rishamiz, diydorlashamiz", – deydi u.

Keksa onaxonlardan yana biri – 82 yoshli Ozoda Shukurova. U yoshligida musiqa asboblari ishlab chiqariladigan fabrikada dutor kosasini yasagan. 3 nafar farzandi bor. Bir o‘g‘li Amerikada yashaydi.

"Yaqinda Amerikaga borib keldim, sayohat qilib. 40 kun turib keldim. Ko‘kalamzor, o‘rmonzor joy, havosi juda yaxshi ekan. Lekin O‘zbekistonni sog‘indim, u yerda dugonalarim bilan har kuni ertalab mashq qilishga chiqardim, dedim bolalarimga", – deydi Ozoda Shukurova.

76 yoshli Ravshanoy Yo‘ldosheva "E’zozli ayollar" gimnastrada guruhi asoschilaridan bo‘lib, 5 nafar farzandi, 14 nevara, evarasi bor. U shu guruhning ilk tashkilotchilaridan.