13:34 / 12.10.2018
1827
PFL Osiyoda yilning eng yaxshi ilhombaxsh ligasi bo‘lishi mumkin
Foto: Tribuna.Uz

Shu yilning 19-20 noyabr kuni Tailandning Bangkok shahrida Osiyo sport sanoati konferensiyasi bo‘lib o‘tadi. 

Osiyo Futbol Konfederatsiyasi bu konferensiya yakunida topshiriladigan yilning eng yaxshi futbol ligasi mukofoti uchun nomzod mamlakatlar nomini e'lon qildi. 

Yilning eng yaxshi futbol ligasi 2ta yo‘nalish bo‘yicha tanlab olinadi. Osiyoning eng yaxshi ilhombaxsh ligasi uchun 10ta nomzod mamlakat ichidan O‘zbekiston Professional futbol ligasi ham o‘rin oldi, deb xabar beradi O‘FA. Nomzodlar orasida Avstraliya, Xitoy, Eron, Yaponiya, Janubiy Koreya, Qatar, Saudiya Arabistoni, Tailand, BAA ham bor.

Shuningdek, Osiyoning eng yaxshi rivojlanayotgan ligasi nomi uchun 10ta nomzod mamlakat e'lon qilindi. Butan, Guam, Hindiston, Indoneziya, Iordaniya, Qirg‘iziston, Filippin, Singapur, Tojikiston va Vetnam bu sovringa da'vogarlik qilishadi.  

Qayd etish joizki, eng yaxshi liga maqomi uchun nomzodlar OFK tomonidan tashkiliy ishlar va boshqaruvni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, chempionatni yaxshi saviyada o‘tkazish borasida qit'ada boshqa ligalardan ko‘ra yaxshiroq natija qayd etayotgan mamlakatlar ichidan tanlab olindi.

Nomzodlar tanlanishida asosan menejment, marketing, moliya, o‘yinlar tashkiliy tomonlari va ularning OAV tomonidan keng ko‘lamda yoritilishi borasida o‘sishga erishayotgan tashkilotlar yutuqlari inobatga olindi.

Top