8378.04 USD +3.94

9488.13 EUR +77.32

129.09 RUB +2.91

11133.6 GBP +234.69

19:09 / 12.10.2018 42315

Taxt uchun kurash: Trampga prezident saylovlarida kimlar raqib bo‘lishi mumkin?

Donald Trampning prezidentlik muddati o‘z ekvatoriga yetib keldi – navbatdagi prezident saylovlari 2020 yil noyabrda bo‘lib o‘tadi. Amerika siyosiy an'analariga ko‘ra, 2019 yil bahoridan davlat rahbarligiga nomzodlar respublikachi Trampga raqobatchi bo‘lish yo‘lidagi o‘z dasturlarini e'lon qilishni boshlaydi.

Amaldagi prezident ikkinchi muddatga ham o‘z nomzodini qo‘yishiga shubha yo‘q – 2017 yil qishidayoq Tramp Federal saylov komissiyasiga saylovlarda ishtirok etish uchun ariza yo‘llagan. Hattoki 2020 yilning 24-27 avgustida Sharlott shahrida partiyaning nomzod ko‘rsatish bo‘yicha s'yezdi bo‘lib o‘tishi ham aniq.  

Demokratlar tomonda esa hozircha noaniqlik hukm surmoqda. Partiya s'yezdi 2020 yil 13-16 iyulda bo‘lib o‘tadi, lekin qayerda o‘tkazilishi va eng muhimi, kim nomzod bo‘lishi hozircha noaniq. Xo‘sh, Trampga raqib bo‘ladigan ehtimoliy nomzodlar kimlar? 

Mayk Blumberg

Nyu-Yorkning sobiq meri va mediamagnat Maykl Blumberg 2016 yilgi saylovlarda Xillari Klintonni qo‘llab-quvvatlagandi. 2001 yilgi merlikka saylovlarda u Respublikachilar partiyasiga kirgan, 2007 yilda esa partiya safidan chiqib ketgan. 2018 yil oktabrida esa Bloomberg agentligi asoschisi demokrat sifatida ro‘yxatdan o‘tdi.

Mayk Blumberg

Uning bu harakati va 2017 yilgi oraliq saylovlardagi faolligi OAVga Blumberg bu safargi prezidentlik saylovlarida qatnashmoqchi degan taxminni berdi. Yana shunisi ma'lumki, 2008, 2012 va 2016 yilgi saylovlarda ham uning ishtirok etishi taxmin qilingan, ammo sobiq mer bunga jur'at qilmagandi. 

Tramp qanday fikrda? Blumberg va Tramp bir-birini ko‘p martalab tanqid qilishgan. Amaldagi prezident demokratlar mediamagnatga yuqori lavozimni va'da qilib sotib olishganini aytgan. Prezident shuningdek sobiq mer uni yaxshi bilmasligini, ular «atigi bir marta golf o‘ynashganini» va Tramp uning ustidan g‘alaba qozonganini ta'kidlagan. 

Elizabet Uorren

Hozirgi paytda senator Elizabet Uorren Demokratlar partiyasidagi eng mashhur siyosatchilardan. U o‘tgan saylovda Xillari Klintonni faol qo‘llab-quvvatlagan va 2018 yilgi oraliq saylovlarda faol tashviqot kampaniyasini olib boryapti. Uorren Trampni tez-tez tanqid qiladi va uni «zamonaviy tarixdagi eng ommabop bo‘lmagan prezident» deb ataydi.

Elizabet Uorren

Uorren hozircha prezidentlik saylovida qatnashishini ommaga e'lon qilmadi, ammo ayrim sharhlovchilar u Trampga bemalol raqobatchilik qilishini ko‘p bor aytishgan.

Tramp qanday fikrda? Prezidentning o‘zi Uorrenni eng ehtimoliy raqobatchi deydi, ammo u hech qanday jiddiy xavfga ega emasligiga ishonchi komil. Tramp unga «Pokaxontas» deb laqab qo‘ygan va televideniye orqali uni bir necha marta shunday deb atagan.  

Berni Sanders

Vermontdan senator etib saylangan Berni Sanders 2016 yilda Demokratlar partiyasidan nomzodlik uchun kurashda Xillari Klintonga yutqazgan bo‘lsa ham, siyosatda faol ishtirok etishda davom etdi. 2018 yil avgustida u o‘z shtatida oraliq saylovlarda g‘olib bo‘ldi.

Berni Sanders

Prezidentlik uchun kurashadimi-yo‘qmi, bu savolga Sanders aniq javob berishdan qochyapti. 2017 yil iyulda senator saylovlar haqida gapirishga hali ertaligini aytgandi. 2018 yili Stiven Kolber shousida esa siyosatchi oliy lavozimga nomzodini ko‘rsatishi mumkinligini istisno etmadi.

Tramp qanday fikrda? Senator prezidenti muntazam tanqid qilib keladi, hatto uni bir marta «ahmoq» deb atagandi. Tramp qarz bo‘lib qolmadi, Sandersni bir necha bor «aqldan ozgan Berni» dedi.

Jozef Bayden

AQShning sobiq prezidenti 2020 yilgi saylovlarda qatnashishga tayyorligini ko‘p marta bildirgan. U oraliq saylovlarda demokratlarni faol qo‘llab-quvvatladi. Qator so‘rovlar natijalariga ko‘ra, Bayden ehtimoliy nomzodlar orasida yetakchilikni qo‘lga kiritdi, ammo shu paytgacha o‘zini poyga ishtirokchisi deb atagani yo‘q.

Jozef Bayden

Bayden 1984, 1988 va 2008 yilgi saylovlarda prezidentlikka nomzodini ko‘rsatgandi.  

Tramp qanday fikrda? Amaldagi prezident «Bayden raqib bo‘lishini orzu qilishini» aytgan, chunki u hech qachon 1%dan ortiq ovoz olmagan.

Jon Kerri

AQShning sobiq davlat kotibi Jon Kerri CBS News kanalida chiqishida 2020 yilgi saylovlarda ishtirok etishi mumkinligini bildirdi. Bir haftadan keyin esa bu orada «shubhasi borligini» va Kongress saylovlariga e'tibor qaratishni taklif qildi.

Jon Kerri

Kerri 2004 yilgi saylovlarda nomzodini ko‘rsatgan, ammo Jorj Bushga mag‘lub bo‘lgan. 

Tramp qanday fikrda? Kerrining saylovlarda ishtirok etishini izohlar ekan, Tramp nomzodlar borasida omadi kelganligini aytdi.

Jyeyms Daymon

JP Morgan Chase direktorlar kengashi raisi va bosh direktori Jyeyms Daymon shu yilning sentabrida saylovlarda Tramp ustidan g‘alaba qozonishi mumkinligini bildirdi. Biroq Demokratlar partiyasining so‘l qanoti uni qo‘llab-quvvatlamasligini, busiz esa prezidentlik poygasida qatnashishning imkoni yo‘qligini aytdi.

Jyeyms Daymon

Tramp qanday fikrda? Prezident Daymonni asabi chatoq deb atadi va shu bilan birga o‘zini o‘zi maqtab ham qo‘ydi. 

Mishel Obama

Mamlakatning sobiq birinchi xonimi prezidentlikka da'vogarlik qilmasligini bir necha bor aytgan bo‘lsa-da, uni ehtimoliy nomzodlardan biri sifatida ko‘rishadi. U 2017 yil aprelida siyosatga aralashmasligini bildirgan va uning bu fikrini Barak Obama ham qo‘llab-quvvatlagan.

Mishel Obama

Ammo uning 2018 yilgi oraliq saylovlarda uyushtirgan kampaniyasi yana uning nomzodlik qilishi mumkinligi haqidagi gap-so‘zlar urchishiga sabab bo‘ldi.  

Tramp qanday fikrda? Prezident Mishel Obamaning prezidentlik poygasidagi ehtimoliy ishtiroki haqida hozircha fikr bildirmadi. 

Xillari Klinton

2016 yilgi saylovlarda Trampga yutqazgan Klinton yana nomzodini ilgari surishi haqida rasman hech nima demadi. Sobiq davlat kotibi mag‘lubiyatdan so‘ng siyosat maydonidagi faolligini oshirdi. Bill va Xillari Klinton 2019 yil may oyigacha davom etadigan 13ta shahar bo‘ylab turnega otlanishdi. 

Xillari Klinton

U Rossiyaning Amerikadagi saylovlarga ehtimoliy aralashuvi haqida gapirar ekan, buni 2001 yil 11 sentabr voqealariga qiyosladi. 

Tramp qanday fikrda? Klintonning bu gapidan so‘ng Tramp uni Kreml bilan til biriktirganlikda aybladi. 

Chelsi Klinton

Klintonlarning qizi 2017 yilda «Tramp ustidan 2020 yilda g‘alaba qozonishga qodir emas»ligini aytgandi. Biroq 2018 yilda Fox News telekanali Chelsi bu fikridan qaytganligini va o‘zini «ehtimoliy nomzodlardan biri» deb hisoblayotganligini ma'lum qildi.

Chelsi Klinton

U hozircha saylovlarda ishtirok etish-etmasligini rasman bildirmadi. 

Tramp qanday fikrda? Tramp hozircha bu borada fikrini bildirmadi.

Opra Uinfri

Uinfrining prezidentlik saylovlarida ishtirok etishi haqidagi gap-so‘zlar uning 2018 yilgi «Oltin globus» taqdimotidagi chiqishidan so‘ng paydo bo‘ldi. 12 yanvar kuni Los-Anjyelesda «Oprah For President» (Opra prezidentlik uchun) degan yozuvli billbord paydo bo‘ldi.

Opra Uinfri

2018 yil yanvarida AQSh milliy radiosi o‘tkazgan so‘rov Tramp bilan bo‘lajak poygada uning yetakchi bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi. Uinfri esa saylovlarda ishtirok etmasligini ma'lum qildi.

Tramp qanday fikrda? Amaldagi prezident Uinfrining saylovlardagi ehtimoliy ishtiroki haqida gapirarkan, «bu judayam quvnoq bo‘lishini» aytdi. Tramp teleboshlovchi ustidan g‘alaba qozonishiga ishonchi komil ekanligini va u bilan kurashishga tayyorligini bildirdi.  

Boshqa nomzodlar

Bugungi kunga qadar 29 kishi AQSh Demokratlar partiyasidan prezidentlik saylovlarida ishtirok etishi mumkinligini ma'lum qilgan. Yuqoridagilardan tashqari, quyidagilar ana shunday bayonot berdi: Kaliforniya shtatidan senator Kamala Xarris, Kongress deputati Tulsi Gabbard, Starbucks asoschisi Govard Shults, bokschi Oskar de la Xoyya, AQSh sobiq bosh prokurori Erik Xolder va reper Kane Uest.

Tramp qanday fikrda? Prezident 2018 yilgi Kongressga saylovlar kampaniyasi davomida raqobatchilarini AQShda sotsializm qurishga urinishda aybladi.

Gap shundaki, yangi demokratlar Amerika iqtisodiyotini Venesuela namunasida qayta qurishni istayotgan radikal sotsialistlardir. 

Top