09:07 / 18.10.2018
10934

Qashshoqlikni bartaraf etish uchun kurash xalqaro kuni nishonlandi. O‘zbekistonda bu kun qanday kutib olindi?

Foto: Shutterstock

Qashshoqlikni bartaraf etish uchun kurash xalqaro kuni BMT Bosh assambleyasi tomonidan 1992 yilda e'lon qilingan va 1993 yildan buyon har yili nishonlanib kelinadi.

Raqamlar

Davlat statistika qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining 2017 yildagi jami daromadi 186,2 trillion so‘m (22,7 milliard AQSh dollari), bir odamga hisoblanganida o‘rtacha daromad 5,8 million so‘m (712,6 dollar)ni tashkil etgan. Agar bir yilda bir o‘zbekistonlikka 5,8 million so‘m (712,6 dollar) to‘g‘ri kelsa, u kuniga 15,9 ming so‘m (1,95 dollar)dan tushadi. BMT standartlariga ko‘ra, kuniga 1,9 dollar va undan kamroqqa yashash — qashshoqlik chizig‘idan past hayot kechirish hisoblanadi (hisob-kitoblar 2018 yilning yanvarida qilingan).

Bu holda, aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot (YaIM)ning darajasi prognozi doirasida 2018 yilda O‘zbekiston eng qashshoq davlatlar ichida 8-o‘rinni egallagan, deb xabar beradi Focus Economics kompaniyasi.

Joriy yilning may oyida BMT oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) rahbari tashkilot tuzgan statistikani keltirdi, unga ko‘ra Yevropa va Markaziy Osiyoning, ayniqsa, qishloq joylarida yashovchi 14 million kishi hanuzgacha oziq-ovqat xavfsizligi mavjud emasligi muammosiga duchor bo‘lib kelmoqda. Eng ko‘p jabr ko‘rgan davlatlar orasida O‘zbekiston ham bor, bu yerda aholining 6,3 foizi to‘yib ovqatlanmaydi.

Qashshoqlikka qarshi kurashish xalqaro tashkiloti Oxfam tengsizlikni qisqartirishga amal qilish reytingida O‘zbekistonni 156-o‘ringa qo‘ydi. Bu holda mehnat munosabatlari va minimal ish haqi sohalarida O‘zbekiston 132-o‘rinni egallagan.

Oddiy arifmetika

O‘zbekistonda Yagona tarif setkasi bo‘yicha birinchi razryadga oid tarif koeffitsiyenti 2,476 ni tashkil etadi. Bundan kelib chiqadiki, ayrim o‘zbekistonliklar oyiga 456 326 so‘m maosh olishadi.

Bu maoshga nima xarid qilish mumkin?

O‘zA ma'lumotlariga ko‘ra, bunday maoshga 10 kg go‘sht, 35 kg guruch, 114 kg un, 150 kilodan ziyod kartoshka, 57 kg pomidor sotib olish mumkin.

Bu holda kommunal xizmatlarning (gaz, elektr energiyasi, suv, chiqindi va h.k.) o‘rtacha qiymati 100 ming so‘m atrofida bo‘ladi. Endi bu o‘rinda kiyim-kechak, yo‘lkira, bolalar, to‘y-tomosha va boshqa xarajatlarni o‘ylash qiyin.

Hamma umid 2030 yildan

O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Barqaror rivojlanish Milliy maqsadlarini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaror loyihasi muhokamaga qo‘yilgan.

Qayd etilishicha, hujjat mamlakat aholisi turmush darajasi va sifatini izchil oshirish, ekologik barqarorlikni ta'minlash, O‘zbekistonda huquqiy demokratik davlatni rivojlantirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirish maqsadida qabul qilinmoqda.

Qaror loyihasida 2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi Milliy maqsad va vazifalar tasdiqlangan.

Ilovaga ko‘ra, O‘zbekistonda:

  • 2030 yilga borib kam ta'minlanganlik darajasi 2 barobarga qisqaradi.
  • 2030 yilga borib aholining kam ta'minlangan va ojiz guruhlari butun yil bo‘yi xavfsiz, to‘yimli va yetarli darajadagi oziq-ovqat bilan ta'minlanishadi. Sirasini aytganda, to‘yib ovqatlanmaslikni to‘liq bartaraf etish rejalashtirilmoqda.
  • 2030 yilga borib aholi o‘rtasida yurak qon-tomir, onkologiya, qandli diabet va surunkali respirator kasalliklaridan bevaqt o‘lim hollari 30 foizga qisqaradi.
  • 2030 yilga borib gender tengsizlik bartaraf etiladi va h.k.

Xullas, mana shunday rejalar.

Darvoqe, O‘zbekistonda joriy yilning 1 noyabridan boshlab oylik ish haqi, stipendiya va pensiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi. Shu bilan birga 1 noyabrdan boshlab minimal ish haqi miqdoriga bog‘liq ma'muriy jarimalar va bojlar oshadi, davlat xizmatlari ham qimmatlashadi.

Mavzuga oid
Top