01:22 / 07.11.2018
8612

Qozog‘iston o‘z sun'iy yo‘ldoshlarini Amerikaning Falcon 9 raketasida uchirmoqchi

Foto: Total.kz

Qozog‘istonning ikkita ilmiy texnologik sun'iy yo‘ldoshi noyabr oyi oxirlarida Falcon 9 raketasi bilan koinotga uchiriladi. Qozog‘iston mudofaa va aerokosmik sanoati vazirligi vakili Aset Nurkenovning so‘zlariga ko‘ra, bu tashuvchi raketada uchirish arzonroqqa tushar ekan. Bu haqda Total.kz yozmoqda.

Qozog‘istonning KazsaySat va KazistiSat ilmiy texnologik sun'iy yo‘ldoshlari 20 noyabr kuni soat 00:01 da Amerikaning Space X kompaniyasining Falcon 9 raketalari bilan birga uchiriladi.

Raketaning uchirilishi Kaliforniya shtatidagi Vandenberg harbiy bazasida amalga oshiriladi. Nurkenovning aytishicha, kelgusida bunday kosmik apparatlar Boyqo‘ng‘ir kosmodromidan ham uchirilishiga erishilishi mumkin.

“Bunday konfiguratsiyadagi kosmik apparatlar o‘zimizning Boyqo‘ng‘irdan uchiriladigan “Soyuz”, “Proton” tashuvchi raketalari bilan ham koinotga olib chiqilishi mumkin”, — degan u. Bu safar amerikaliklarning tashuvchi raketasi tanlanganini u “Falcon 9 da uchirish arzonroqqa tushmoqda”, deb tushuntirdi

Nurkenov raketa uchirilishi qanchaga tushishini “tijoriy sir” deb oshkor etmadi. “Biz bu ma'lumotlarni Amerika tomonining iltimosiga ko‘ra oshkor eta olmaymiz”, — degan vazirlik matbuot kotibi.

Qozog‘iston o‘zining ilk telekommunikatsion sun'iy yo‘ldoshini Boyqo‘ng‘ir kosmodromidan 2006 yilning iyunida uchirgan. O‘shanda sun'iy yo‘ldosh Rossiyaning “Proton-K” tashuvchi raketasi bilan orbitaga olib chiqilgan. Keyinchalik, qozoqlar “Proton”dan tashqari o‘z kosmik apparatlarini Rossiya-Ukraina hamkorligidagi “Dnepr” va Yevropaning yengil klassdagi “Vega” tashuvchi raketalari bilan quyosh-sinxron orbitasiga uchirgan.

Falcon 9 — Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi tomonidan tayyorlangan og‘ir klassdagi ikki pog‘onali ko‘p marta foydalaniladigan tashuvchi raketasi hisoblanadi. Raketa kerosin va suyuq kislorodli ikki pog‘onadan iborat. Birinchi pog‘onaning intilish kuchini to‘qqizta dvigatel ta'minlab beradi.

Top