21:00 / 11.11.2018
12703

Bekmurod Oltiboyev finalda yutqazdi. O‘zbekistonlik dzyudochilar Toshkent Gran-Prisida beshinchi o‘rin bilan kifoyalandi

Bugun, 11 noyabr kuni dzyudo bo‘yicha Toshkent Gran-Prisi yakunlandi. Turnirda 47 mamlakatdan kelgan sportchilar bahs olib borishdi.

Bugungi bahslarda erkaklar o‘rtasida uchta, ayollar o‘rtasida esa ikkita vazn toifasida bellashuvlar bo‘lib o‘tdi.

+100 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Bekmurod Oltiboyev musobaqa davomida Ukraina, Tojikiston va Rossiya vakillarini mag‘lubiyatga uchratib finalgacha yetib bordi. Hal qiluvchi bahsda u rossiyalik  Soslan Bostanovga qarshi tatamiga chiqdi va imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Oltiboyev Toshkent Gran-Prisining kumush medali bilan kifoyalandi.

Terma jamoaning yana bir vakili Ixtiyor Xolmuratov esa bronza medali uchun qozog‘istonlik Yerassil Kajibayev bilan bellashdi. U ham medal uchun bahsda yutqazib qo‘ydi.

Shu tariqa, dzyudo bo‘yicha Toshkent Gran-Prisida O‘zbekiston terma jamoasi a'zolari 1ta oltin, 3ta kumush va 1ta bronza medal bilan beshinchi o‘rinni qo‘lga kiritishdi.

O‘zbekistonlik sovrindor sportchilar:
Oltin:
-73 kg: Hikmatullo To‘rayev

Kumush:
-60 kg: Diyorbek O‘rozboyev
-66 kg: Sardor Nurillayev
+100 kg: Bekmurod Oltiboyev

Bronza:
-66 kg: Shahram Ahadov.

Top