18:45 / 17.11.2018
26666
Qozog‘iston konsuli: poyezd bilan to‘qnashgan avtobus buyurtma avtobus bo‘lgan 
Foto: IA "Vzglyad-info"

Saratov viloyati Ozinskiy tumani hududidagi temiryo‘l kesishmasida poyezd bilan to‘qnashib ketgan Qozog‘iston avtobusi yo‘nalishdagi emas, buyurtma bo‘yicha qatnayotgan avtobus bo‘lgan, deb ma'lum qildi Qozog‘istonning Astraxandagi konsuli Kanat Shekkaliyev RIA Novostiga.

Avvalroq, 17 noyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 12:00da (Toshkent vaqti bilan soat 13:00da) Saratov viloyati Ozinskiy tumani hududida, «Engels—Yershov—Ozinskiy» trassasining 1-kilometrida, tartibga solinmagan temiryo‘l kesishmasida «Saratov — Ulyanovsk» yo‘nalishi bo‘ylab qatnovchi Mercedes rusumli avtobus yuk poyezdi bilan to‘qnashib ketganligi xabar qilingandi.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, avtobusda 7 kishi bo‘lgan, ularning 5 nafari O‘zbekiston fuqarolari, 2 nafari qozog‘istonlik. O‘zbekiston fuqarolarining barchasi halok bo‘lgan, qozog‘istonliklar shifoxonaga yotqizilgan.

"Bu yo‘nalishdagi avtobus bo‘lmagan. U buyurtma avtobus bo‘lgan. Rossiyadan Qozog‘istonga ketayotgan bo‘lgan, undan keyin esa, ehtimol, O‘zbekistonga borishi kerak bo‘lgan. Avtobus Qozog‘istonniki, haydovchi va uning yordamchisi Qozog‘iston fuqarolari", — dedi Shekkaliyev.

Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi matbuot xizmati bergan xabarga ko‘ra, haydovchi va uning yordamchisi YTHdan omon qolgan.

Top