22:14 / 04.12.2018
34600

Sayyohlar 2018 yilda eng ko‘p tashrif buyurgan shaharlar reytingi e'lon qilindi 

Foto: Pinterest

Hongkong 2018 yilda sayyohlar eng ko‘p tashrif buyurgan shaharlar reytingining 1-o‘rnini egalladi. Ushbu shaharga yil boshidan beri 29,8 mln kishi tashrif buyurgan. Bu haqda Euromonitor International tahliliy kompaniyasi dokladida ma'lum qilingan.   

Kompaniya olib borgan tadqiqot 600 shaharni qamrab olgan, ulardan 100 tasi yakuniy reytingga kiritilgan. Ekspertlar reytingni tuzishda tashrifi maqsadidan qat'iy nazar, shaharda kamida bir kun o‘tkazgan xorijiy sayyohlarni hisobga olishgan. Statistika mahalliy sayyohlar, mamlakatda bir yildan ko‘proq qolayotgan ishchilar va talabalarni o‘z ichiga olmagan.

Mutaxassislarning aytishicha, Hongkongga qiziqish Chjuxay-Makao-Hongkong ko‘prigi qurilishi yakunlanganidan va tezkor temir yo‘l paydo bo‘lgandan keyin oshgan. 

Reytingning yetakchi uchtaligiga Bangkok (23,7 mln kishi) va London (20,7 mln) ham kirgan.

Bundan tashqari, yetakchi o‘ntalikdan Singapur, Makao, Parij, Dubay, Nyu-York, Kuala-Lumpur va Xitoyning Shenchjen shaharlari joy olgan.

Shu tariqa sayyohlar orasida eng ommabop shaharlardan 6 tasi Osiyoda joylashgan.

Yevropada eng ko‘p tashrif buyuriluvchi shaharlar Istanbul, Rim, Antaliya, Praga, Amsterdam, Barselona, Milan va Vena bo‘lgan.

AQShning sayyohlar orasida eng ommabop shaharlari Mayami, Los-Anjyeles, Las-Vegas, Orlando va San-Frantsisko bo‘lgan.

Joriy yilda 1,4 mlrd kishi sayohatga jo‘nagan, bu ko‘rsatkich 2017 yildagiga nisbatan 5 foizga o‘sgan.

Euromonitor International (EI) mahsulotlar va xizmatlar tahlili va tadqiqotini o‘tkazuvchi britan kompaniyasi bo‘lib, u sayyohlar orasidagi eng ommabop shaharlar reytingini har yili tuzadi.

Top