8312.64 USD -2.21

9456.46 EUR +48.21

125.22 RUB +1.37

10578.7 GBP -23.60

18:00 / 06.12.2018 141965

Yangi biometrik pasportning ko‘rinishi qanday bo‘ladi va uni olish uchun qanday hujjatlar topshiriladi?

Toshkent shahar ichki ishlar Bosh boshqarmasi tomonidan tashkillashtirilgan jurnalistlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan brifing davomida ShIIBB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Qudrat Yo‘ldoshev respublikamizda pasport tizimini yanada takomillashtirish, xususan, 2019 yilning 1 yanvaridan joriy etilayotgan xorijga chiqish pasporti haqida ayrim ma'lumotlarni taqdim etdi.

Qudrat Yo‘ldoshevning ta'kidlashicha, yangi biometrik pasportning muqovasi to‘q qizil rangda va u 48 sahifadan iborat bo‘ladi. Taqqoslash uchun, amaldagi biometrik pasport 36 sahifadan iborat. Bunday yo‘l tutilishiga sabab, xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqib, xorijga tez-tez chiqib turuvchi fuqarolar pasportlarining viza muhrlari va stikerlariga to‘lib qolishining oldini olishdir.

Boz ustiga, O‘zbekiston Respublikasi xorijga chiqish biometrik pasportida propiska, oilaviy holati, harbiy majburiyati kabi yozuvlar bo‘lmaydi — fuqaroga tegishli ma'lumotlar va viza uchun ajratilgan sahifalardangina iborat bo‘ladi.

Yangi biometrik pasport O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan qurilmalarda, shu yerda barcha zarur zamonaviy himoya vositalariga ega bo‘lgan holda tayyorlanadi. Qudrat Yo‘ldoshev aynan qaysi firma yoki kompaniya bu ish bilan shug‘ullanishiga oydinlik kiritmadi.

Yangi biometrik pasport 10 ish kuni davomida tayyorlab egasiga tutqaziladi. U voyaga yetganlar uchun 10 yil muddatga, voyaga yetmagan bolalar uchun (kinder pasport) 5 yil muddatga beriladi. Kinder pasport uchun EKIHning 1,5 barobari miqdorida (ayni kunda 304,095 so‘m) davlat boji to‘lanadi.

Xorijga chiquvchi fuqaroning biometrik pasportini olish uchun bir nusxada anketa-ariza beriladi. Anketa ish joyi, o‘qish yoki mahalla fuqarolar yig‘ini muhri bilan tasdiqlangan bo‘lishi kerak. Bitta 35X45 mm o‘lchamdagi fotosurat, harbiy xizmatga majburlar esa mudofaa ishlari bo‘limidan ma'lumotnoma olib kelishlari kerak bo‘ladi. Yangi biometrik pasportga hech qanday stiker yopishtirilmaydi.

Toshkent shahrida yashovchi fuqarolarga xorijga chiqish uchun biometrik pasportlarini rasmiylashtiruvchi 12ta qurilma (ulardan biri IIBB MFRBda) o‘rnatilishi ko‘zda tutilmoqda. Bunday qurilmalarning har biri kuniga 180-200 nafar fuqaroga xizmat ko‘rsata oladi.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining 2011 yilgi namunadagi biometrik pasporti uning egasi shaxsi va fuqaroligini tasdiqlovchi hujjat hisoblanishda davom etadi va undan respublika hududida umumfuqarolik hujjati sifatida 2021 yilning 1 yanvarigacha foydalanish mumkin.

Shuningdek, shu sana — 2021 yilning 1 yanvariga qadar vizasiz rejim o‘rnatilgan mamlakatlarga (Armaniston, Belarus, Gurjiston, Moldova, Ozarboyjon, Rossiya Federatsiyasi, Ukraina, Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston — tahr.) 2011 yil namunadagi amaldagi biometrik pasport bilan chiqish mumkin. Shuningdek, xorijga chiqish stikeri yopishtirilgan 2011 yil namunadagi amaldagi biometrik pasport bilan ham stikerning amal qilish muddati tugagunga qadar xorijga chiqib kelish mumkin. Stiker muddati tugagach, pasport yangi namunadagi biometrik pasportga almashtiriladi.

Kun.uz muxbirining xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizning yangi namunadagi biometrik pasportlarni olish tartibi haqidagi savollariga Q.Yo‘ldoshev bunday fuqarolar amaldagi tartib bo‘yicha xorijiy davlatdagi O‘zbekiston Respublikasi konsullik idoralarida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasiga kelib, 10 ish kuni davomida pasportlarini almashtirishlari mumkinligini aytib o‘tdi.

Top