10:50 / 08.12.2018
7525

Jamoat transportida “Yoshi katta yo‘lovchilarga joy bering” yozuvini o‘rnatish taklif etildi

Foto: KUN.UZ

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida jamoat transportida “Yoshi katta yo‘lovchilarga joy bering” nomli yozuvlarni o‘rnatish haqida petitsiya paydo bo‘ldi.

“Bilamizki, gohida jamoat transportida ayrim yoshlar qariyalar, nogironlar, ba'zida homilador ayollarga ham joy bermaydi. Ular mendan boshqa joy beradiganlar bor, nega men joy berishim kerak deb hisoblashadi. Agar bolaligimizni eslasak, avtobusga chiqqanimizda deyarli o‘rindiqqa o‘tirmasdan to tushishimizgacha tik holda ketardik. Jamoat transportidagi o‘rindiqlar yoshi kattalarniki degan fikr bo‘lardi. Lekin afsuski, hozirda shunaqa yoshlar ham ko‘paymoqdaki, jamoat transportidagi joyni o‘zidan kattalarga bergisi kelmaydi”, - deyiladi murojaatda.

Qayd etilishicha, yoshlarda keksa avlodga hurmatni oshirish uchun barcha jamoat transport vositalari salonida “Yoshi katta yo‘lovchilarga joy bering”, degan yozuvlarni o‘rnatish zarur.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq aholiga tabiiy gaz yetkazib berish tizimini modernizatsiya qilish taklif etilgandi. 

Top