01:06 / 10.12.2018
16072

Sergey Lavrov YeOII, MDH va KXShT NATOdan nimasi bilan farq qilishi haqida so‘zlab berdi 

Foto: Flickr / U.S. Army Europe Images

Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) kabi tashkilotlarda NATOdan farqli o‘laroq, ichki diktat yo‘q, bu tashkilotlarning a'zolari qolganlarga o‘z amrini o‘tkazmaydi. Bu haqda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Qozog‘istonning “Xabar” axborot agentligiga bergan intervyusida so‘zlab berdi.  

“Bizda YeOII, KXShTda boshqa ittifoqlar, misol uchun, NATOdan farqli o‘laroq, o‘z amrini o‘tkazish yo‘q. Biz hech qachon hech kimga hech nimani suqishtirmaymiz”, deb aytgan Lavrov.

Rossiya tashqi ishlar vaziri bunga misol tariqasida YeOII, MDH va KXShTga a'zo davlatlar BMTda muhim masalalar bo‘yicha bir xil ovoz bermasliklariga e'tibor qaratgan. Biroq NATOda “yakdillik” bosim va hattoki tahdidlar evaziga ta'minlanadi, deb aytgan Lavrov. 

“Biz NATOda konsensus qanday yo‘l bilan ta'minlanishi yaxshi bilamiz. Bu sheriklik, do‘stona yondashuv emas, balki diktatdir. Ha, u yerda “katta og‘ani” tinglashga hamisha tayyor bo‘lgan ozchilik bor, qolganlar esa ko‘ndiriladi, tahdidlar bilan majbur qilinadi, turlicha usullar qo‘llanadi”, deb ta'kidlab o‘tgan Rossiya vakili.

“Bunday holat bizda YeOIIda ham, MDHda ham, KXShTda ham yuz bermaydi”, deb qo‘shimcha qilgan Lavrov. Uning aytishicha, bu tashkilotlardagi konsensus “teng huquqli sheriklar konsensusidir”. Ularda “ozchilikning ko‘pchilik ustidan (yoki aksincha) ustunligi” yo‘q, aksincha “o‘zaro manfaatlar muvozanati” aks etgan.  

Lavrov YeOIIni yaratish g‘oyasini Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev berganini eslab o‘tgan.  

“Ozmuncha vaqt o‘tmadi, biroq bu uzoqni ko‘zlab bildirilgan dono g‘oya YeOIIda ishtirok etayotgan barcha davlatlar foydasiga hayotga tatbiq qilinmoqda”, deb ta'kidlab o‘tgan Lavrov. 

YeOII Bojxona ittifoqi va Yagona iqtisodiy makon negizida tashkil etilib, 2015 yil 1 yanvaridan faoliyat yuritadi. Unga Armaniston, Belarus, Rossiya, Qirg‘iziston va Qozog‘iston kiradi. 

KXShTga esa Armaniston, Belarus, Rossiya, Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston kiradi. 

Mavzuga oid
Top