15:27 / 14.12.2018
8611

O‘zbekistonda xorijiy tillarda efirga uzatiluvchi telekanalni ishga tushirish taklif etildi 

Foto: Fotolia / Degimages

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida O‘zbekistonda xorijiy tillarda efirga uzatiluvchi milliy telekanalni ishga tushirish haqida petitsiya paydo bo‘ldi.

Bugungi axborot texnologiyalari rivojlangan davrda yuqori sifatli telekanallarga bo‘lgan talab har doimgidan ham baland. Respublikada hozirda telekanallar soni 20 dan ortiq. Lekin nazar soladigan bo‘lsak, deyarli barcha telekanallarning ko‘rsatuvlari asosan o‘zbek tilida olib boriladi. Shu tariqa telekanallarning ishlash doirasi faqatgina O‘zbekiston bilan cheklanib qolmoqda. O‘zbekiston telekanallari qo‘shni davlatlarda ham namoyish etilsa-da, til sababli qiziqish pastroq ekanligini sezish mumkin, deyiladi murojaatda.

“Taklifim, O‘zbekistonda yuqori sifatli, ingliz va rus tilida faoliyat yurituvchi xalqaro telekanalni ishga tushirish lozim. Xalqaro kanal hozirgi kunda O‘zbekiston uchun juda ham zarur. Telekanal O‘zbekistonda bo‘layotgan rivojlanish va jadal islohotlarni, tarixiy obidalar, milliy qadriyatlarimizni ko‘rsatadigan teledasturlarni xorijiy tillarda namoyish qiladi”, - deb yozadi petitsiya muallifi.

Bildirilishicha, bu telekanal O‘zbekiston brendini rivojlantirish, xorijiy sayyohlar va investorlarni jalb etish va ular oqimini oshirish, milliy mahsulotlarimizni xalqaro bozorda reklama qilishga xizmat qiladi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda yangi telekanal tashkil etish taklifi berilgandi.

Top