17:26 / 03.01.2019
12677

Denovda qiymati 316 mln 882 ming so‘mlik noqonuniy tovar ushlab qolindi

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi hamda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Denov tumanida yirik miqdordagi noqonuniy tovar aniqlandi.

Tojikiston Respublikasi Tursunzoda tumanida yashovchi tadbirkor R.N. Denov tumanida yashaydigan S.J. nomiga “Mersedes-bents” rusumli yuk avtomashinasida har biri 25 kilogrammdan bo‘lgan 80 qop qurilishda suvoqchilik ishlari uchun ishlatiladigan shpatlyovka tovarining yuk kuzatuv hujjatlarini rasmiylashtirib, jo‘natadi. Tadbir doirasida mazkur yuk mamlakat hududiga kirib kelgach, huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan kuzatuvga olindi.

 Haydovchi va uning sheriklari yuk ortilgan “Mersedes-bents”ni Denov tumanidagi “Denov” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postiga olib kelmasdan bir necha joyga to‘xtatib, tovarlarni tushirishga harakat qildi. Shundan so‘ng qo‘shni davlatdan kelgan yuk avtomashinasi “Denov” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postiga olib kelinib, xolislar ishtirokida bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.

 Avtomashinada yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilgan qurilishda ishlatiladigan shpatlyovka tovaridan tashqari 47 turdagi 316 million 882 ming so‘mlik turli tovarlar borligi ma'lum bo‘ldi. Shunday qilib, yuk hujjatlarida ko‘rsatilmagan va Xitoyda ishlab chiqarilgan 203 dona maishiy texnika buyumlari, 11 dona “LG” televizori, yirik miqdordagi har xil turdagi atir-upa vositalari, 15 ming dona yaltiroq temir qoshiq, bir dona foydalanilgan yuk avtomobil vali yakuniy qaror qabul qilinguncha vaqtinchalik saqlovga olindi.

 Ayni paytda mazkur holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. 

Top