21:32 / 07.01.2019
10689
Ayollarning mehnat huquqi oshirilishi kutilmoqda

O‘zbekiston Konstitutsiyasida xotin-qizlar va erkaklar teng huquqli ekani belgilangan. Shundan kelib chiqib qator qonun hujjatlarida mazkur tenglikni ta'minlash bo‘yicha qoidalar kiritilgan. Xususan, Mehnat kodeksiga muvofiq jins, yoshi, irqi, millati kabi mehnatga aloqador bo‘lmagan boshqa jihatlariga qarab mehnatga oid munosabatlar sohasida cheklashlarga yo‘l qo‘yilmaydi. 

Shu bilan birgalikda, hozirgi kunda amalda bo‘lib turgan ayrim qonun hujjatlarida ayollarning mehnat qilish huquqini cheklanish holatini ko‘rish mumkin. Masalan, Ayollar mehnati to‘liq yoki qisman qo‘llanilishi taqiqlanadigan mehnat sharoiti noqulay bo‘lgan ishlar ro‘yxati bilan jami 400 ga yaqin kasblarda ayollarning ishlashi taqiqlangan.

Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev ro‘yxatni qayta ko‘rib chiqish tarafdorlaridan biri. U bu haqda Kun.uz'ga bergan intervyusida ma'lum qilgan.

«Biz shunday qaror qabul qilishimiz kerakki, ayollarga qulay sharoit yaratilib, albatta, ro‘yxat qayta ko‘rib chiqilishi lozim. Xotin-qizlar qo‘mitasi ham o‘z taklifini kiritdi. Ayrim sohalar ancha eskirdi, ya'ni zamonaviy texnologiyalar paydo bo‘lganda, u yerda ayollarning mehnatini taqiqlash eskirgan norma hisoblanadi. Shunga qaramay, ayrim kasblar borki, unda ishlaydigan ayollar sog‘lig‘i haqida qayg‘urish lozim», – deydi vazir. 

Adliya vazirligi ham ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, 2018 yilning noyabr oyida, ayollarning kasb tanlash imkoniyatlari kengaytirilishi tarafdori bo‘lgandi.

«Ta'kidlab o‘tish lozimki, mazkur hujjatning qabul qilinganiga 18 yildan oshdi. Texnika taraqqiyoti tufayli bundan 15-20 yillar avval ayollar ishlatishi qiyin bo‘lgan ayrim texnik uskunalar hozirda ayollar ham bemalol ishlata oladigan darajaga yetdi.Masalan, mazkur hujjatga ko‘ra ayollarning yo‘lovchilar soni 14 ta dan ko‘p sig‘imli avtobuslarning haydovchisi bo‘lib ishlashi taqiqlanadi. Vaholanki, hozirgi kunda ushbu rusumdagi transport vositasini boshqarish uchun juda katta jismoniy kuch talab qilinmaydi», – deyiladi Adliya vazirligi bayonotida.

Top