16:56 / 04.02.2019
48358

​“Tashkent City”ning mehnat sharoitlari haqidagi bor haqiqat

Foto: Tashkent City

Joriy yilning 28 yanvar kuni “Ozodlik” portalida maqola e'lon qilingach, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Davlat mehnat huquq inspeksiyasi tomonidan ushbu vaziyat zudlik bilan tekshirildi.

Maqolada Tashkent Cityning bosh pudratchisi – Discover Invest MChJ mehnat qonunchiligiga zid ravishda ishchilar mehnat huquqini poymol etayotgani ta'kidlangan.

Shunga muvofiq, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2019 yil 31 yanvardagi Buyrug‘iga binoan tuzilgan 4 kishidan iborat ishchi guruhi 1 fevral kuni mazkur vaziyatni belgilangan tartibda o‘rganib chiqdi.

O‘rganish natijasida quyidagilar ma'lum bo‘ldi:

Birinchidan, mehnat huquq inspektorlari tomonidan tekshirilganda “Tashkent city” hududida faqat ikkita obektda (5 va 8-lotlar) qurilish ishlarini olib borayotgan Discover Invest MChJ xodimlari – ishchilari o‘rtasida, maqolada keltirilganidek, ish tashlash, dam olishsiz mehnat qilish, oylik ish haqlaridan ushlab qolish singari mehnat qonunchiligiga zid holatlar aniqlanmagan. 2017 yil 3 yanvarda ish beruvchi va mehnat jamoasi kengashi vakili o‘rtasida tasdiqlangan ichki mehnat tartib qoidalari bo‘yicha 6 kunlik ish haftasida ishlovchi xodimlar uchun 7 soatlik ish kuni, ya'ni soat 9:00 dan 17:00 ga qadar (shanba kuni 9:00 dan 15:00 ga qadar) mehnat qilish belgilab qo‘yilgan (3.5-bandida) va shu tartibda ish olib borilmoqda. Masalaga yanada oydinlik kiritish maqsadida, ushbu obekt direktori M.Sagdullayev, mehnatni muhofaza qilish va texnika xavfsizligi muhandisi Z.Qozoqov, ish boshqaruvchi (prorab) M.Sattarov, payvandchi B.Sodiqov va ishchi Z.Shavqiyevlar bilan suhbat o‘tkazilib, ulardan tushuntirish xatlari olindi.

Ikkinchidan, Discover Invest MChJning “Tashkent city” hududida mehnat qilayotgan 1400 dan ortiq ishchilari bilan tegishli tartibda mehnat shartnomasi tuzilgan, ish haqlari belgilangan muddatda to‘langan, tekshiruv davomida majburiy mehnat holatlari va ish haqidan qonunchilik talablariga zid ravishda ushlab qolish holatlari aniqlanmadi.

Uchinchidan, qurilish obektlarida mehnatni muhofaza qilish choralari ko‘rilgan, xodimlar maxsus kiyim va himoya vositalari bilan ta'minlangan, sanitariya va gigiyena talablariga javob beradigan yotoq joylar va oshxona mavjud, korxona hisobidan nonushta, tushlik va kechki ovqat tashkil etilgan. Ishchilar soni ko‘p bo‘lgani sabab, navbat bo‘yicha ovqatlanish yo‘lga qo‘yilgan, unga ko‘ra nonushta 8:00 dan 9:00 gacha, tushlik 12:00 dan 14:00 gacha va kechki ovqat 17:00 dan 18:00 gacha beriladi.

Qolaversa, Discover Invest MChJda mehnat sharoitlari bo‘yicha ish o‘rinlari attestatsiyadan o‘tkazilgan. Laboratoriyaning shahodatlash guvohnomasi hamda mehnat shart-sharoitlari bo‘yicha ekspert xulosalari mavjud.

Biroq Discover Invest MChJda ish beruvchi va mehnat jamoasi kengashi vakili o‘rtasida 2017 yil 3 yanvarda ichki mehnat tartib-qoidalari tasdiqlangan bo‘lsa-da, ushbu ichki mehnat tartib qoidalari bilan xodimlar to‘liq tanishtirilmagan.

Shuningdek, Discover Invest MChJ tomonidan olib borilayotgan qurilishda ayrim binolarning yuqori qavatlaridagi ba'zi joylarda himoya to‘siqlari o‘rnatilmagan, binoning qavatlarida kommunikatsiya o‘tkazish uchun mo‘ljallangan

4 ta holatda tirqish (proyom)larga himoya to‘siqlari qo‘yilmagan. Bundan tashqari, poydevor uchun qazilgan o‘ra (kotlovan) atrofiga himoya to‘siqlari to‘liq o‘rnatilmagan, natijada ayrim ish joylarida xavfli mehnat sharoiti vujudga kelgan.

Aniqlangan mazkur kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha yozma ko‘rsatma berildi va uch kun ichida bajarilishi nazoratga olindi.

Manba: www.mehnat.uz/cyrl/newnews/view/1570

Mavzuga oid
Top