22:14 / 08.02.2019
19885

Xokkey bo‘yicha birinchi O‘zbekiston chempionati boshlandi

Foto: KUN.UZ

8 fevral kuni Toshkent shahridagi «IceCity» muz arenasida Muz ustida xokkey bo‘yicha birinchi O‘zbekiston chempionatiga start berildi. Ochilish marosimini O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov boshlab berdi, tarixiy o‘yinning ilk shaybasini O‘zbekiston xokkey federatsiyasi bosh kotibi Shukrilla Karimov va rossiyalik mashhur xokkeychi Sergey Makarov tashlab berishdi.

Ma'lumot uchun, Sergey Makarov ikki marta Olimpiya o‘yinlari chempioni, sakkiz marta jahon chempioni, ikki marta Sobiq Ittifoq chempioni bo‘lgan, shuningdek Kanada kubogi sohibi hisoblanadi. Makarov sovet va rus xokkeychilari orasida Sobiq Ittifoq, Rossiya va MXL jamoalarida rasmiy o‘yinlarda eng ko‘p – 714 shayba kiritgan yagona xokkeychidir. Mashhur xokkeychi o‘z vaqtida Kanadaning «Kalgari Fleymz», «San Xose Sharkz» va AQShning «Dallas Starz» klublarida faoliyat olib borgan.

Chempionatning birinchi o‘yini «Toshkent» va «Binokor» klublari o‘rtasida kechdi. Mazkur bahsda «Toshkent» klubining 5:1 hisobidagi g‘alabasi qayd etildi.

Xokkey bo‘yicha O‘zbekiston chempionati 17 va undan katta yoshdagi xokkeychilar o‘rtasida o‘tkaziladi va jami 24ta uchrashuvdan iborat bo‘ladi. Bahslar 17 mart kuni nihoyasiga yetadi. 20 martdan boshlab esa pley-off uchrashuvlari boshlanadi. Unda jamoalar uchta g‘alabagacha kurash olib borishadi.

O‘zbekiston xokkey federatsiyasining Xalqaro xokkey federatsiyasi (IIHF) a'zosi bo‘lishi va poytaxt jamoalaridan birining Kontinental xokkey ligasi o‘yinlarida ishtirok etish masalasi federatsiyaning butun Respublika bo‘yicha xokkeyni qay darajada rivojlantirishi, shuningdek, «Humo» muz saroyining bitishi bilan bog‘liq bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Xalqaro xokkey federatsiyasi (IIHF) kongressida «Humo Arena»ning taqdimot marosimini o‘tkazgandi. «Humo Arena»ning ishga tushirilish muddati aniq bo‘lgach, o‘zbekistonliklar va KXL o‘rtasida muzokaralar boshlanadi.

Mavzuga oid
Top