16:26 / 23.02.2019
16740

Andijon shahri markazidagi holat: «Dom»imizda tabiiy gaz faqat Konstitutsiya kuni va Yangi yil bayramida mehmon bo‘lgan!»

Tabiiy gaz ta'minotidagi muammolar bo‘yicha kelayotgan murojaatlar soni ko‘p emas, balki juda ko‘p. Aniqki, bunday muammolar qish mavsumida birinchi o‘ringa chiqadi. Salbiy holatlar bo‘yicha bizga kelib tushgan murojaatlarning barchasini o‘rganishga imkoniyatimiz yetmasligi mumkin. Kun.uz muxbirlari baholi qudrat o‘sha joyning o‘ziga borib, masalani yoritishga harakat qilmoqda.

O‘tgan hafta vodiyning uch viloyatidagi tabiiy gaz yetib bormayotgan joylar haqida e'lon qilingan tanqidiy maqolamizdan so‘ng bu viloyatlarda faoliyat yurituvchi “O‘ztransgaz” hududiy filial mutasaddilari turlicha reaksiya qilishdi. Farg‘ona va Namanganda aynan o‘sha murojaat tushgan joylarda (ta'kidlaymiz, aynan o‘sha murojaat tushgan hududlarda)gi kamchiliklar bartaraf qilingan bo‘lsa, Andijonda o‘sha joylarga bir kun gaz berishib, ertasiga yana o‘sha eski holat davom etgan. Bu jihatga maqola so‘ngida yana bir bor to‘xtalishimiz bor.

Andijon shahrining qoq markazida joylashgan 3-kichik daha, 42-ko‘pqavatli uyda yashovchi aholi vakillari o‘tgan hafta tabiiy gaz ta'minotidagi ahvol umuman yomon ekanligi haqida juda ko‘p bora murojaat qilishdi.

Biz holat bilan tanishgani o‘sha joyga bordik. Haqiqatda, 42 va unga qo‘shni bo‘lgan to‘rtta “dom”da holat juda yomon. Sizda: “Tumanlardagi deyarli barcha qishloqlarda ahvol shunday-ku?” degan savol tug‘ilishi mumkin. “Dom”da holat boshqacharoq, ular suyultirilgan gaz balloni bilan ta'minlanmagan. Mabodo o‘z puliga gaz balloni sotib olib ishlatsa, yong‘in xavfsizligi qoidalariga zid hisoblanadi. Ko‘pqavatli uyda pechka yoqish yana muammo. Bunday holat nafaqat 42-uyda, aytib o‘tganimizdek, balki unga qo‘shni to‘rtta uyda ham yuz bermoqda.

“Qish davomida shahar gaz idorasi, shahar hokimligiga murojaat qilaverib, asablarimiz tugadi. Hech qanday natija yo‘q. Shu uch oyni katta qiyinchilik bilan o‘tkazdik.  Ba'zida gaz ertalablari yarim santimetr bo‘lib yonib qoladi. Tushdan keyin esa yana gazning hidini ham topa olmaymiz. “Dom”imizda markazlashgan isitish tizimi allaqachon yo‘q bo‘lib ketgan. Muammolarimizni eshitadigan, chora ko‘radigan odam bormi?” deyishdi shu yerda istiqomat qiluvchi aholi vakillari Jamila Ayupova, Yelena Nazaryan, Saodat Yusupova va boshqalar.

Aholi vakillari bizga yozilgan arizaga shahar gaz uchastka inspektori J. To‘raxonov tomonidan shu uyning 10-kvartirasida yashovchi fuqaro T. Naydaga yuborilgan javob xatini ko‘rsatishdi. Arznomaga javob o‘tgan yanvar oyining 19-kuni yuborilgan bo‘lib, unda nima yozilganiga, to‘g‘risi, biz ham tushunmadik. Unga ko‘ra, uchastka xodimlari kelib, uyda tabiiy gaz holati qoniqarsiz ekanligini aniqlabdi va gaz ta'minoti me'yorida yetkazib berilishi bo‘yicha tushuncha beribdi (?). Biroq gaz ta'minotida o‘zgarish bo‘lmabdi. Quruq gapdan iborat, amaliy yordam bermagan “javob xati”. Faqat bu xatni yozishga, kompyuter, xodim va qog‘oz ovora...

Uylarga kirib, holat bilan tanishamiz. Haqiqatda ovqat qilish uchun gaz yo‘q. “Dom”da o‘tinga ovqat qilish azob. Markazlashgan isitish tizimi yo‘qligi uchun hamma uy ichida issiq kiyimda yuribdi. Onaxonlardan biri issiq kiyimda suratga tushishga oriyat qildi. “Qo‘ying, tanish-bilishlar ko‘rsa, uyalaman”, deydi u.

Qarang-a... Aslida “dom”da gaz yo‘qligi bo‘yicha murojaatlarga javob bermaydigan, telefonni ko‘tarishga erinayotgan shahar gaz tashkiloti va shahar hokimligi uyalishi kerak.

Bundan tashqari, mazkur uyda tom qismi va yo‘laklar ta'miri uchun aholi tomonidan olingan kreditlar bo‘yicha ham muammolar bor.

Uyni elektr bilan ta'minlovchi tizim uskunalari ochiq-sochiq ekanligiga ham e'tibor bermay qo‘yilgan.

“Tabiiy gaz muammosi qachondan beri mavjud?” degan savolimizga onaxonlar: “Qish oylarida tabiiy gaz Konstitutsiya bayrami kuni va Yangi yil bayrami kunlari berildi, xolos”, – deya javob qaytarishdi.

 Viloyat markazida joylashgan ko‘pqavatli uydagi tabiiy gaz ta'minotida shuncha muammo...

 Tuman markazlari va qishloqlardagi holatga o‘tgan safargi maqolamizda to‘xtalgan edik. Biroq, “O‘ztransgaz” Andijon bo‘limining e'tiborini qarata olmadik.       

 Balki, bu safar Andijon shahar hokimligi, shahar gaz korxonasi yurtimizda olib borilayotgan islohotlarning tub mohiyati aholi dardi, muammolarini tinglash va uni bartaraf etish ekanligini eslab qolar...

Elmurod Ermatov, Andijon

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top